
"Koreyada futbolchi ekanimni his qildim" yoxud "Seul" nega yordam bermagani, "Loko" qaytarmoqchi bo‘lgani va yangi klubi haqida Aliboev haqiqatlarni aytdi
Iqtidorli legionerlarimizdan biri Ikrom Aliboev jarohatga uchragach, ancha vaqtga safdan chiqishga majbur bo‘lganini yaxshi bilsangiz kerak.
Ma’lumki, u 2018 yilning oxirida “Seul” klubi bilan shartnoma imzolagan bo‘lib, bunga qadar Aliboevning ushbu klubdagi faoliyati yaxshi kechayotgandi. Lekin yaqinda u klubini o‘zgartirdi. Bunga sabab jarohat!
Endilikda Ikrom Janubiy Koreya "K2" ligasida “Daejeon Xana” jamoasi sharafini himoya qiladi. Ammo hali legionerimiz jarohatini davolatmoqda. O‘tgan vaqt davomida Ikrom Aliboevning “Seul”dagi faoliyati, jarohati va yangi klubga ko‘chib o‘tgani yuzasidan batafsil muloqot qilishni rejalashtirib qo‘ygandik. Kuni kecha legionerimiz sports.uz muxbirining taklifiga rozilik bildirdi.
Avvalo, aytish joizki, u “Seul”da ikki yil davomida to‘p surdi. Yuqorida aytganimizdek, endilikda jamoasini o‘zgartirdi. futbolchi jamoadan ketishiga asosiy sabab nima bo‘lganini hamda u erdan o‘zi uchun nimalar o‘rgangani xususida gapirdi.
- “Seul” klubidan ketishimga asosiy sabab jarohatim bo‘ldi. O‘tgan yilning ikkinchi qismini umuman futbolsiz o‘tkazdim. To‘g‘risini aytsam, hozirgacha shu jarohatimni tiklash bilan mashg‘ulman. Ikki yil davomida “Seul”da to‘p surib nima o‘rgandim? Aytishim mumkinki, juda ko‘p narsalarni. Ayniqsa, futbolchi uchun nimalar yaratilishi kerakligi haqida o‘rgandim. O‘zbekistonning 90 foiz klublarida bunday narsa yaratilmagan. Yashirmayman, Koreyaga kelgach, qaysidir ma’noda futbolchi ekanimni his qildim. Yana shuni ham tushunib etdimki, futbolchi iloji boricha hech qachon jarohat olmasligi kerak ekan, ayniqsa, legioner uchun. Xorijda o‘ynayotgan holda jarohatga yo‘liqsangiz, jamoangizga kerak bo‘lmay qolar ekansiz. Bu erda legionerlar uchun to‘rtta limit bor. Ammo kasal futbolchini istashmaydi. To‘g‘ri, jarohatlardan hech kim sug‘urtalanmagan. Xullas, legioner sifatida jarohat olmaslikka, kuchli bo‘lishga harakat qilishimiz kerak. Shularni o‘rgandim. Qolaversa, xorijda to‘p suryapsizmi, unda albatta jismoniy holatimizni ham yaxshilashimiz kerak ekan. Aynan jismoniy jihatdan ham o‘z ustimda ishladim. Balki ko‘rinishim bo‘yicha o‘smagandirman, lekin o‘yin va jismoniy tarafdan o‘sdim. Koreyaga kelganimdan keyin ko‘proq yugurishni boshladim, - deya fikr bildirdi, futbolchi.
Ma’lumki, Ikrom yaqinda olgan jarohatini Germaniyaga borib operatsiya qildirib keldi. Ammo uning safarga borib-kelish, operatsiya va mehmonxona xarajatlari o‘z hisobidan qoplangani ma’lum bo‘ldi. Bu borada “Seul” klubi nega yordam qo‘lini cho‘zmadi? Aliboev quyidagi haqiqatlarni aytdi:
- Ha, bu ayni haqiqat. Germaniyaga barcha xarajatlar o‘z yonimdan bo‘ldi. Samolyot chiptasi, mehmonxonada istiqomat qilish, operatsichga xarajat, umuman barchasi o‘z hisobimdan ketdi. Bu masalada “Seul” menga mutlaqo yordam bermadi. Sababi shundaki, “Seul” klubidagilar menga, bunday operatsiyani Koreyada ham qilsa bo‘ladi, shuning uchun sening Germaniyaga borishingga yordam bera olmaymiz, deb aytishdi. Ammo mendagi kabi operatsiyani Koreyada qildirgan futbolchilar bor ekan va o‘shalar bilan fikr almashganimda to‘g‘ridan-to‘g‘ri Germaniyaga boraver, biz garchi o‘zimizda operatsiya qildirgan bo‘lsak-da, baribir Germaniyaga borishimizga to‘g‘ri kelgandi, deyishdi. Shundan keyin vaqt yo‘qotmaslik uchun Germaniyani tanladim. “Seul” jamoasiga hech bo‘lmasa, mehmonxona xarajatlarini ko‘taringlar, desam yordam bermadi. Balki ular mening klubdan ketishimni xohlab shunday qilishgandir, bu o‘zlariga havola.
Aslida “Seul” klubining hamyurtimizga nisbatan munosabati o‘zgarib qolganmidi? Harqalay futbolchimizning bu jamoaga ko‘p mehnati singgandi.
- “Seul”da professionallar ishlaydi. Nima gaplar bo‘lsa, agentga aytilgan. Menga nisbatan klub, shifokor, ma’mur, futbolchilar yoki rahbariyat o‘zgarib qolgan, degan gaplar asossiz. Hammasi joyida va professionallarcha hal qilingan. Hayotda bu klubdagilar menga nisbatan o‘zgarib qolishmagan, - deb javob berdi hamyurtimiz.
Shunday qilib, Aliboev “K1”dan “K2” ligasiga o‘tdi. O‘z navbatida, o‘zbekistonlik o‘yinchi “Daejeon Xana”ga ko‘chib o‘tishi qanday yuz bergani to‘g‘risida ham to‘xtaldi.
- “Daejeon Xana” klubiga qo‘shilganimga bir oycha bo‘lyapti. Bu klubni tanlashimni boisi, to‘g‘risini aytaman, boshqa variantim yo‘q edi. Yarim yil futbolsiz qolgan hamda operatsiyadan keyin davolanayotgan o‘yinchiga etarlicha talab bo‘lmaydi. Bu hech kimga kerak emas. O‘zbekistonga qaytib borishim uchun esa yo‘llar yopilgandi. “Zayavka” qilish muddati tugagandi va Superligamizga qayta olmasdim. Koreyada ham barcha klublarda limit to‘lib bo‘lgandi. Birgina mana shu klubda legionerlar limitida osiyolik o‘yinchi uchun bitta bo‘sh joyi qolgandi. Ular yaqinda osiyolik o‘yinchisi bilan xayrlashgan. Koreyadagi agentni ushbu jamoa bilan munosabati bor ekan. Bu vaziyatda “Seul” ham noto‘g‘ri ish qildi. Chunki karantindan chiqishimni kutishdi, “zayavka” muddati tugashiga 10 kun qolgandi. Klubdagilar menga sen bilan xayrlashmoqchimiz, xohlasang “Seul”da qolib, oylik maoshlaringni olib yurishing mumkin, shartnomang bor, ammo o‘ynamaysan, seni “zayavka” qilmaganmiz, deyishdi. Natijada, u erdan ketishga majbur bo‘ldim. Oqibatda, oldimda turgan bittayu-bitta variantni tanladim. Yangi jamoam meni shu holatimda ham olgani uchun endi yaxshilab tiklanib olgach, “Daejeon”ning kuchlilar orasiga chiqishga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman.
O‘zbekistondan o‘zimning qadrdon klubim – “Lokomotiv” meni yana qaytarmoqchi edi. Faqat transfer oynasi yopilgani uchun qayta olmasdim. Boshqa davlatlardan takliflar bo‘lmadi. Yana qaytaraman, jarohatlangan futbolchini ancha-muncha klub taklif qilishi qiyin, ayniqsa, legioner o‘yinchini.
Futbolchimiz yangi jamoasi safida 6-raqam ostida to‘p surishi ma’lum bo‘ldi. Uni “Seul”da asosan 9-raqamda ko‘rardik. Yangi klubida esa bunday emas.
- 6-raqam bo‘shligi uchun shuni tanlay qoldim. Bungacha “Lokomotiv”da ham, “Seul”da ham 9-raqamda o‘ynab kelardim. Lekin yangi jamoamda bu raqam band qilingan ekan. Boshqa legioner o‘ynayotgani ma’lum bo‘ldi. Qarasam, 6-raqam bo‘shligi uchun shuni tanladim. Buni hech nima bilan bog‘lay olmayman. Raqam futbolchini emas, balki futbolchi raqamni ko‘taradi. 6-raqamni “Daejeon Xana”da ko‘tarishga harakat qilaman, - deya tushuntirish berdi Ikrom.
Yaqinda milliy terma jamoamiz Namanganda Ganani yutdi, Toshkentda Iroqqa yutqazdi. Shundan so‘ng, tanqidlar ko‘paydi. Qolaversa, Aliboevning yo‘qligi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi, degan gaplar ham bo‘ldi. Legionerimiz terma jamoa mavzusida shunday dedi:
- Albatta, mag‘lubiyatga uchrash har doim yoqimsiz. Ayniqsa, terma jamoa yutqazsa tanqidlar ortadi, bu tabiiy hol. Lekin Iroq termasini kuchsiz jamoalar qatoriga kiritmagan bo‘lardim. Ko‘pchilik u erda vaziyat notinch, termasi kuchsiz deb o‘ylaydi. Tarkibiga qarasak, ko‘plab futbolchilari legioner bo‘lib to‘p surishadi. Terma jamoaning yig‘inlari Germaniya, Shveytsariya kabi mamlakatlarda o‘tkaziladi. Iroqda vaziyat notinch bo‘lsa ham futbolga e’tibor kuchli. To‘g‘ri, bu bilan Iroqqa yutqazganimizni oqlamoqchi emasman. Lekin tanqidlar keragidan ortiq deb o‘ylayman. Bu o‘rtoqlik o‘yini, rasmiy uchrashuvlarda terma jamoamiz o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajaradi, Xudo xohlasa.
Mening yo‘qligim bilindimi? Bunday gaplarga qo‘shila olmayman. Futbol – bu jamoaviy o‘yin. Birgina futbolchi bilan terma jamoa kuchayib ketmaydi, albatta u Messi yoki Ronaldu bo‘lmasa. Mendan tashqari Odil Ahmedov, Aziz G‘aniev va yana bir qancha yaxshi o‘yinchilarimiz ham terma jamoamizga yordam bera olishmadi. Birgina mening yo‘qligim bilindi, deyilgani noto‘g‘ri.
Aliboev Koreyada o‘ziga yarasha hurmatga ega futbolchi. Bunga u o‘z mehnati orqali erishib kelyapti. Shunga yarasha uning do‘stlari ham ortib boryapti. Qiziq, Ikromning “K2”ga ko‘chib o‘tganini yaqinlari va do‘stlari qanday qabul qilishdi?
- Koreyada juda ko‘p futbolchi do‘stlar orttirdim. O‘zbekistonlik futbolchilar ham shu erda, ular bilan doim gaplashib turaman. Shuningdek, Koreyada biznes bilan shug‘ullanadigan bir qancha yurtdoshlarimiz ham bor. Ular bilan ham do‘stlashdim. Yangi klubga o‘tganim bilan hammasi tabriklashdi. Chunki holatimni va qanchalik qiyin bo‘lganini bilishardi. Kimnidir birinchi bo‘lib tabrikladi yoki mana bunisi eng yaqin do‘stim deb ayta olmayman, hammasi bilan iliq munosabatdaman, - dedi legioner.
Fikrlar