Ketma-ket mag‘lubiyatlarga uchrayotgan "Neftchi"da ichki muhit buzildimi? Tarkibdagi yo‘qotishlar nega ko‘p? Yoxud jamoa etakchisi Mo‘minjonov haqida nima deydi?

  • 28 aprel, 2022, 22:49
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Farg‘onaning “Neftchi” klubi mag‘lubiyatlar girdobiga tushib qoldi. Bir necha yillik tanaffusdan so‘ng, Superligaga qaytgan jamoa o‘z oldiga sovrinli o‘rinlar uchun kurashish vazifasi qo‘yilganini ochiq aytdi. Lekin hozircha natijalar bu maqsadiga mos kelmayapti.

Tecno

Ilk turda qo‘qonliklarni 1:0 hisobida yutdi. Shundan keyin “Neftchi” faqat yutqazib kelyapti. Hatto, O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichida ham muvaffaqiyatsiz qatnashib, musobaqadan chiqib ketdi.

“Bunyodkor”ga mag‘lubiyatga uchragan o‘yindan keyin “Neftchi”ning etakchilaridan biri Mirzohid G‘ofurov Sports.uz muxbiriga omadsizlikning sabablari haqida gapirdi.  

“Hech qachon qo‘limizni tushirmaymiz”

- “Bunyodkor”ga qarshi o‘yin borasida gapirsam, har o‘yinda yutqazaverganimizdan bu safar albatta yutishimiz shart deya jiddiy shug‘ullandik. Birinchi golni urganimizdan keyin yana ikkinchi golni kiritish ilinjida oldinga o‘tib ketib qoldik. Buni ta’siri bo‘ldi. Biz qandaydir kutilmagan gollarni o‘tkazib yubordik. Hisob tenglashgach, xohlaysizmi-yo‘qmi, baribir yana hujumga o‘tishga majbur edik. G‘alaba uchun gol kerak. Hujumlar qildik, imkoniyatlarni yaratdik. Lekin futbolda omad ham muhim rol o‘ynaydi. Bizni zarbalarimiz golga aylanmasdan, raqib jamoaning qaerlardandir tepgan to‘plari darvozaga kirib ketaverdi. Uchinchi golni esa qarshi hujumda o‘tkazib yubordik. Undan oldingi Kubok bahsida “Navbahor” bilan o‘tkazgan o‘yinimizda ham qanday gol o‘tkazganimizni ko‘rdingiz. Baribir harakat qilishda davom etamiz, qo‘limizni hech qachon tushirmaymiz. Bunday holat har qanday klub bilan yuz berishi mumkin va ular ham qiyin vaziyatlardan chiqib ketishgan.

mirzoxid1_2

“Tarkibda kutilmagan jarohatlar uchrab turibdi”

- Chempionatning birinchi o‘yinini yaxshi o‘tkazdik. Ikkinchi turda “Paxtakor”ga qarshi maydonga tushdik. U erda ham o‘yinni yaxshi boshlagandik. Baribir raqib chempion jamoa. Kutilmaganda futbolchimizning maydondan chetlatilishi evaziga ruhan qiynaldik va rejalarimizni ham o‘zgartirib yubordi. O‘yinga ko‘rgan tayyorgarligimizning rejalari buzilib ketdi. Bir kishi kam bo‘lib qolganimiz o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. “So‘g‘diyona”ga qarshi bellashuvda ularda ikkita standart vaziyat bo‘ldi va bundan foydalandi. Biz esa shuncha hujum qilib ham imkoniyatlarimizni golga aylantira olmadik. Mana shunday qilib, ketma-ket uchrashuvlarda omadsizlik tufayli mag‘lubiyatlarga uchradik. Biz harakat qilyapmiz, murabbiylar kayfiyatimizni ko‘tarishga urinishyapti, dalda berishmoqda. Muxlislarimiz ham jamoamizni qo‘llab-quvvatlayapti. Yana takrorlayman: hech qachon qo‘limizni tushirmaymiz. Bu sportda uchrab turadigan holat. Bunga ko‘plab misollar bor. Hammasi oldinda, vaziyatni o‘nglay olishimizga ishonaman. Oxirigacha mana shunday muvaffaqiyatsizlik davom etavermaydi. Nasib qilsa, keyingi turdan burilish qilmoqchimiz. Tarkibimizda kutilmagan jarohatlar ham uchrab turibdi. Zaxira o‘rindig‘imiz ham yaxshi edi. O‘yinlar va mashg‘ulotlar chog‘ida futbolchilarimizning jarohatga uchrayotgani va qizil kartochkalar bizga ta’sirini o‘tkazyapti. Keyingi turgacha tarkibimizda 7 nafar o‘yinchimiz yo‘q. Bu asosiy tarkibning yarmi degani. Mayli, bu ham sinov va bundan chiqib ketamiz. Faqat to‘g‘ri ishlashda davom etsak bo‘ldi.

mirzoxid_3

“Mo‘minjonov qo‘lidan kelganicha ruhlantiryapti”

- Bosh murabbiyimiz Ilhom Mo‘minjonov qo‘lidan kelganicha har tomonlama bizni ruhlantiryapti. Bundan tashqari, klub rahbariyati ham dalda berib turibdi. Vaziyatni to‘g‘ri tushunishyapti. Jarohat olganlar, qizil kartochkalar, kutilmagan gollar va omadsizlik – bularning barchasi bir-biriga bog‘liq-da! Shularning evaziga birin-ketin mag‘lubiyatlarga uchradik.

mirzoxid2_2

“Kubokda ham vazifamiz jiddiy edi”

- O‘zbekiston Kubogida ham vazifamiz jiddiy edi. Chempionat boshlanganidan beri har bir uchrashuv biz uchun muhim ahamiyat kasb etardi. Natija ko‘rsatish uchun oxirigacha kurashishga bel bog‘laganmiz. Kubokda ham maydonga shunchaki chiqib, o‘ynash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilmagan. Masalan, o‘z uyimida “Qizilqum”ga qarshi tinmasdan hujum qildik, biroq raqibning qandaydir kutilmagan zarbasi golga aylanib ketdi. “Navbahor”ga qarshi ham yaxshi o‘ynadik. Jamshid Iskanderovning uzoqdan tepgan to‘pi golga aylangach, bu ham ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmasdi. O‘zimizni tiklab vaziyatlarni yaratishga urindik, o‘sha bahsda ham futbolchimiz maydondan chetlatildi.

mirzoxid3_2

“Qora kunlardan albatta chiqib ketamiz”

- Jamoamizdagi ichki muhit joyida, hammasi yaxshi. O‘yindan keyin tahlil qilinyapti, hamma o‘z aybini bilyapti va keyingi uchrashuvga takrorlamaslikka harakat qilmoqda. Mashg‘ulotda yoki echinish xonasida janjalli holatlar umuman bo‘lgani yo‘q. Bizda ahil jamoa bor. Bunday muvaffaqiyatsizlikka birgalikda tushdik va bundan birgalikda chiqib ketishimiz kerak. Bizda maqsad o‘zgarmaydi. Hali imkoniyatimiz bor. Chempionatni ko‘ryapsiz, oldindan nima bo‘lishini aytib bo‘lmayapti. Hech kim aniq yutamiz deb maydonga chiqa olmaydi. Oddiy misol, “Olimpik”ni chempion – “Paxtakor” bilan qanday natija ko‘rsatganini ko‘ring. 5 ta turdan keyin tushkunlikka tushib qolmaymiz. Chempionat qizg‘in pallasiga kiryapti, barchasi oldinda. Nasib qilsa, bunday qora kunlardan albatta chiqib ketamiz. Oyning 15 yorug‘, 15 qorong‘u, degan gap bor. Muxlislarimiz bizga ishonib, qo‘llab turishsa bo‘ldi. “Neftchi”ga kelishimdan avval ham aytgandim, jamoa sha’nini munosib himoya qilish va mavqeini tiklash uchun bu erdaman. Buning uchun oxirigacha kurashamiz.      

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!