
"Kayfiyat ko‘tarildi, bu ham motivatsiya beradi". "Andijon"ning mart oyidagi eng yaxshi futbolchisi aniqlandi yoxud klubning natijalari raqamlarda aks etganda!
Mart oyi o‘z o‘rnini aprelga bo‘shatib berdi. “Andijon” klubi matbuot xizmati bundan buyon muxlislarga yanada qulaylik bo‘lishi maqsadida jamoaning har oydagi o‘yinlaridan kelib chiqqan holda “Oy hisoboti” ruknini joriy qildi.
Demak, “Burgutlar” ortda qolgan mart oyida jami to‘rtta uchrashuv o‘tkazdi. Pro liganing ilk turida safarda “Zomin” bilan 0:0 hisobida durang o‘ynadi. 2-turda “Bobur arena”da “Yangier” 2:0 hisobida mag‘lub etildi. 3-turda Urganchda “Xorazm”ga alamli tarzda yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi – 0:3. 4-turda esa o‘z maydonida “Aral Samali”ni 4:0 hisobida tor-mor keltirdi.
Ko‘rib turganingizdek, ortda qolgan 4 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga 6 ta gol urdi va o‘z darvozasidan 3 ta to‘p olib chiqdi. 3 ta o‘yinda gol o‘tkazmadi. Barcha o‘tkazib yuborilgan gollar “Xorazm” bilan o‘yinda yuz berdi.
Kiritilgan 6 ta golga kelsak, Bogdan Milich, Ahmad Anvarov, Farhod Sohibjonov (ikkita) va Shahboz Erkinov (ikkita) g‘alaba keltiruvchi gollarga mualliflik qildilar. Chernogoriyalik Milich joriy mavsumda “Yangier” bilan bahsda “Andijon”ning chempionatdagi ilk golini urdi. Qizig‘i, futbolchilar 6 ta golning yarmini birinchi bo‘limda, yana teng yarmini ikkinchi bo‘limda kiritgan. Demak, bu borada balans bor.
Mart oyida “Andijon” penalti tepish imkoniyatiga ega bo‘lmadi va o‘z navbatida darvozasi tomon penalti belgilanmadi.
Shuningdek, 4 ta o‘yinda hakamlar tomonidan jami 7 nafar “Andijon” futbolchilariga sariq kartochka ko‘rsatilgan. Bular – Ilhom Alijonov, Abduvohid G‘ulomov (ikki marta), Ahmadjon Anvarov, Bogdan Milich, Azamat Isroilov va Muhammadkarim Toirov. G‘ulomov “Zomin” hamda “Aral Samali” bilan kechgan bahslarda sariq kartochka bilan “siylangan”. Birgina “Xorazm”ga qarshi uchrashuvda o‘yinchilarga hakamlar tarafidan sariq kartochkalar ko‘rsatilmagan. Eng ko‘p ogohlantirish 2-turda “Yangier”ga qarshi uchrashuvda kuzatilgan. Unda 3 nafar futbolchi “sariq”qa loyiq ko‘rilgan. Lekin oyni qizil kartochkalarsiz tugatishdi.
Tomoshabinlar tashrifiga kelsak, “Yangier”ga qarshi bahsda “Bobur arena”ga 2168 muxlis keldi. “Aral Samali” bilan o‘tkazilgan uchrashuvni esa bevosita stadiondan 2321 ishqiboz kuzatib bordi. Bundan tashqari, ilk turda safarda “Zomin” maydonida o‘tkazilgan o‘yinda 100 ga aqin andijonlik muxlislar stadionda jamoasini qo‘llab turgan.
Qolaversa, to‘rtta uchrashuvda faqat ikki nafar o‘yinchi to‘liq ishtirok etdi. Bular – darvozabon Eldor Adhamov bilan himoyachi Abduvohid G‘ulomov.
Aprel oyida esa bu klubni jami beshta o‘yin kutyapti. Ikkitasi pro liga va uchtasi O‘zbekiston Kubogi doirasida.
Xabaringiz bor, mavsum boshidan buyon “Andijon”ning har bir uchrashuvidan keyin muxlislar o‘rtasida o‘yinning eng yaxshi futbolchisi uchun so‘rovnoma o‘tkazilmoqda. Shuningdek, ovozlar yig‘indisidan kelib chiqib, eng ko‘p ovoz to‘plagan futbolchiga oyning eng yaxshi o‘yinchisiga atalgan maxsus statuetkani ta’sis etilgan.
Shunday qilib, o‘tgan oydagi to‘rtta bellashuvda muxlislar ishtirokida o‘tkazilgan so‘rovnoma yakunlariga ko‘ra, “Andijon” klubining eng yaxshi futbolchisi aniqlandi. Bu – darvozabon Eldor Adhamov! U 493 ovozga ega bo‘ldi. Jamoa “G‘ijduvon”ga qarshi o‘yini oldidan “Nasaf” o‘rinbosarlariga qarashli maydonda shug‘ullandi. Ushbu mashg‘ulotdan avval “Andijon” klubi vitse-prezidenti Jahongir Nuriddinov tomonidan sovg‘a o‘z egasiga topshirildi.
Umumiy so‘rovnomada Adhamovdan keyin ikkinchi o‘rin Farhod Sohibjonovga nasib qildi. U 475 ovoz to‘pladi. Uchinchi o‘rinda 351 ovoz bilan Muhammadkarim Toirov. Shuningdek, kuchli beshtalikdan Ahmadjon Anvarov (184) hamda Shahboz Erkinov (133) ham joy olishgan.
Eldor Adhamov “Mart oyining eng yaxshi futbolchisi” sovrinini qo‘lga kiritganidan keyin o‘z fikrlarini bildirdi.
“To‘g‘risi, bunaqa so‘rovnoma bo‘lishini kutmagandik. Lekin o‘yindan oldin kayfiyat ko‘tarildi. Albatta, muxlislarning shunchalik e’tibor qaratishganidan xursand bo‘ldim. Baribir asosiysi, jamoamizning g‘alabasi. Har qanday shaxsiy sovrindan ko‘ra, “Andijon”ning yutug‘i ustun. Ertagalik uchrashuvdan oldin kayfiyat ko‘tarildi. Xudo xohlasa, yaxshi kayfiyatda g‘alaba bilan qaytamiz, deb umid qilaman. Lekin xursandman, shunaqangi g‘oyalar o‘ylab topayotganinglarga. Bu ham motivatsiya beradi”, - deydi eng yaxshi futbolchi, klub matbuot xizmatiga.
“Andijon” futbolchilarining mart oyida to‘plagan barcha ovozlari
- Eldor Adhamov - 493
- Farhod Sohibjonov - 475
- Muhammadkarim Toirov - 351
- Ahmadjon Anvarov - 184
- Shahboz Erkinov - 133
- Abdurahmon Komilov - 97
- Vladimir Bubanya - 88
- Bogdan Milich - 82
- Ilhom Abdug‘aniev - 81
- Abduvohid G‘ulomov - 59
- Azamat Isroilov - 38
- Goran Milochko - 38
- Ilhom Alijonov - 29
- Sherzod Esonov - 29
- Malikshox Rasulov - 26
- Ahror Inoyatov - 15
- Ibrohim Muxtorov - 12
- Ildar Mamatkazin - 12
- Islom Mamatkazin - 12
Fikrlar