
Joze va Beyl hamkorligi tanazzulga yuz tutdimi?!
«Real» jamoasida ishlab yurgan chog‘lari Joze «Tottenhem» yulduzi – Garet Beylni o‘z jamoasida ko‘rmoqchi ekanligini Florentina Peresga ma’lum qiladi. Taqdirning ishlarini qarang-ki, Mour Madridni tark etishi bilan uelslik hujumchi «Real» libosini kiyadi. Bu voqeadan Karlo Anchelotti juda unumli foydalanganini alohida e’tirof etish darkor. Italiyalik murabbiy qo‘l ostida Beyl o‘zining ilk EChL oltin medallariga ega bo‘ladi.
Joze esa, doimo jamoasida ko‘rishni istagan futbolchi bilan o‘zi kutmagan paytda hamkorlik qilishga majbur bo‘lmoqda. Bundan 7 yil ilgari Mourino va Beyl faoliyatining pik nuqtasida edi. Ularni hozir faqat tarixdagi ulkan g‘alabalarigina birlashtirib turadi…
«Benazir» «Real» Beylni ijaraga bermoqchi ekanligidan xabar topgach, shaxsan o‘zi Daniel Leviga qo‘ng‘iroq qiladi. Murabbiy klub rahbarini tavakkal qilishga ko‘ndiradi. O‘zining qurumsoqligi bilan dong taratgan mutaxassis juda arzonga tushayotgan Beylni qo‘ldan chiqarmaslikka urinadi. Garetning maoshini yarmidan ko‘pini «Real» to‘lab berishi Levini qiziqtirib qo‘ygan bo‘lsa, ajab emas. Bu transfer ko‘plab muxlislarda qiziqish uyg‘otdi. Joze va Beyl! «Tottenhem»ga uning qaytishi! Ular tarixni real voqelikka aylantiradi! Shu va shunga o‘xshash sarlavhalar ostida ingliz nashrlari optimistik ruhdagi maqolalarni e’lon qildi.
Aslida, Mour Beyl yordamida hujumda Son-Keyn-Beyl uchligini tashkil etmoqchi edi. Bu yigitlar birgalikda Angliya va Evropa Ligasida shov-shuv ko‘tarishini portugaliyalik taxmin qilgani aniq.
Kelishuvdan Beylning ham ko‘p narsa kutgani aniq. U Zidanning bosimidan qutulib faoliyatini qayta ishga tushirish uchun Londonga ko‘chib keldi. U o‘ziga bo‘lgan ishonchni qaytarib olish maqsadida «Tottenhem»ni tanladi. Bir paytlar uni top darajaga ko‘targan «shporlar»ning mehrini qozonish muammo emasdek ko‘rindi, ammo…
Hech kim o‘zi kutgan natijaga erishmadi!
Beyl shartnomaga qo‘l qo‘yish maqsadida Londonga uchib keldi. Tibbiy ko‘rik chog‘ida uning jarohati bor ekanligi ma’lum bo‘ldi. Oradan bir oy o‘tibgina Beyl «Tottenhem» libosida maydonda ko‘rinish berdi. To‘g‘risi, uni ideal formada edi deb bo‘lmaydi.
Voqealar rivojini kuzatib turgan Joze Beylni erkinroq bo‘lishi uchun asosan zaxiradan o‘yinga tashladi. Faqat ikkinchi darajadagi o‘yinlardagina asosiy tarkibga kiritdi. Mour shu tariqa Beylni tezroq jamoaga moslashib olishini istagan edi. Bu metodika kutilmagan natija berdi. Beyl o‘zini shimoliy Londonda juda ham erkin his etishni boshladi.
Vinger «Brayton», «Uikom» va «Stok Siti» darvozasini ishg‘ol qildi. Shu orada murabbiy va futbolchi o‘rtasidagi dialog omma yuzini ko‘rdi. Mashg‘ulot chog‘ida Joze Beylga : “Garet sen shu erda qolib to‘p surmoqchimisan? Yoki «Real»ga qaytib, yana zaxirada o‘tirmoqchimisan?”,- dedi. Bu video ancha oldinroq yozilgani ma’lum bo‘ldi.
Ingliz nashrlarining ma’lum bo‘lishicha, London klubi ofisidagilar uelslikni mavsum yakunida sotib olishdan bosh tortgan. Bunga uning «Everton»ga qarshi bahs oldidan ko‘rsatgan «hunari» sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Beyl uchrashuv oldidan oyoqlarida og‘riq bor ekanligini ma’lum qildi. Shu bois, u shifokorlarni to‘liq analizi chiqmaguniga qadar mashg‘ulotlarda ishtirok etmadi. Yakunda, uning oyog‘ida hech qanday shikastlanish yoki og‘riq yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.
«Irislar»ga qarshi o‘yindan so‘ng, Joze chidab tura olmadi. U futbolchining o‘yindan avval qilgan ishi haqida keskin fikr bildirdi.
«To‘g‘risi, uning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishlarini talab qilgani meni hayron qoldirdi. Uning qandaydir jarohati bor, deb o‘ylamayman.»
Bu so‘zlardan ko‘rinib turibdiki, Beyl keyingi mavsumni Madridda o‘tkazadi. Joze undan qandaydir naf chiqarish imkonsiz ekanligini anglab etgan ko‘rinadi.
Voqealar rivojidan eng ko‘p «Real» zarar ko‘rishi turgan gap. O‘zi shundoq ham Azarga millionlab evro maosh berayotgan jamoa elkasiga Beyl borib o‘tirib olishi aniq. Yigitlarning ulkan maoshlari sababli «Qirollik klubi» Ramosga yangi shartnoma taklif etishga qiynalmoqda. Anchadan beri kutilayotgan Kilian Mbappening transferi haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi.
Umuman olganda, Beylning Londonga qaytishi hech kimga hech qanday naf olib kelmadi. Joze Daniel Levining oldida xijolat bo‘lib qoldi, «Real» boshog‘rig‘idan qutilgani yo‘q, Beyl esa yana avvalgi darajasiga chiqa olmadi. Mana buni chinakam omadsizlik desa bo‘ladi.
Fikrlar