
“Jasur, bunaqasi ketmaydi! Yo professional bo‘lib ishingni qil, yoki boshqa jamoa top!”
Qozog‘iston Premer-ligasida yil kashfiyotlaridan biri Jasurbek Yaxshiboev bo‘ldi. 2024 yilning boshida amaldagi chempion “Ordabasi” jamoasiga qo‘shilgan o‘zbek futbolchisi debyut mavsumidayoq jamoa etakchisi va to‘purariga aylandi.
Ayni paytda Ukrainaning “Krivbass” jamoasini boshqarayotgan taniqli murabbiy Yuriy Vernidub Qozog‘istonning fanday.kz saytiga bergan intervyusida ilgari o‘z qo‘l ostida o‘ynagan o‘zbekistonlik Jasurbek Yaxshiboev faoliyatini kuzatib borayotganini ma’lum qildi.
Sports.uz portali ukrainalik mutaxassisning legionerimiz haqidagi fikr-mulohazalarini o‘zbekstonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
Suhbatning birinchi qismi:
Xorijlik murabbiy: Yaxshiboev masjiddan keliboq, gol urib bergandi...
Davomi:
– Jasur Yaxshiboev “Shaxtyor Soligorsk” va “Sherif”da sizning qo‘l ostingizda qanday o‘ynagan?
– “Shaxtyor”da o‘zini juda yaxshi ko‘rsata oldi, ko‘p gol urdi. “Sherif”da ham shunday bo‘ldi. Lekin Moldovaga kelganida boshida qiyinchilik kuzatildi. Chunki jismoniy holati yaxshi emasdi. Varshavaning “Legiya”sida deyarli maydonga tushmagan edi. Ozgina u bilan ish olib borishga to‘g‘ri keldi. Keyin hammasi joyiga tushdi.
– “Sherif”ga taklif qilish sizning tashabbusingiz bo‘lganmi?
– Ha, menga “Legiya”da Yaxshiboev degan futbolchi bor ekan, deyishdi. Men uni bilan, “Shaxtyor”da birga ishlaganmiz, lekin hozir qanday ahvolda ekanini bilmayman, dedim. Kuzatdik, Polshada juda kam o‘ynagan edi. Bu o‘yinchi menga juda yoqqani uchun Polshada nega o‘ynatishmaganini tushunmadim.
– O‘zidan so‘ramadingizmi?
– Yo‘q. Bunaqa vaziyatda hamma futbolchining javobi bir xil. Ular “Murabbiyga to‘g‘ri kelmadim”, deydi. O‘yinchilar hech qachon o‘zidan sabab qidirmaydi. Agar futbolchi o‘yin amaliyotisiz qolib ketsa, birinchi navbatda, aybni o‘zidan qidirishi kerak. Polshada o‘ziga bo‘lgan talabni pasaytirib yuborgandir.
– Sizning qo‘l ostingizda Yaxshiboevning eng zo‘r o‘yini qaysi bo‘lgan?
– Jasurbek Evropa Chempionlar ligasida “Real”ga qarshi zo‘r o‘ynagan va bizning 2:1 hisobidagi g‘alabamizga hissa qo‘shgan. O‘shanda Yaxshiboev “Santyago Bernabeu”da gol urgan va bir necha bor yaxshi imkoniyatga ega bo‘lgan. Nolisak yarashmaydi.
– Yaxshiboev inson sifatida qanday?
– U juda kamgap, gapga solish juda qiyin. O‘zi bilan o‘zi ovora. Ko‘proq ochilishini istardik. Lekin u bilan qancha ishlagan bo‘lsam ham, menga doim yoqqan. Biroq oxiriga borib oziga tushunmovchiliklar kelib chiqqan.
– Aynan qanday?
– Ba’zan tushunarsiz vaziyatlar yuzaga kelgan. Ayrim hollarda terma jamoadan vaqtida qaytmasdi, buvisi kasalligini, qarindoshlarini sabab qilib, ketib qolardi. Ana shunday hollarda ba’zan sabrim chidamasdi. Men unga “Bunaqasi ketmaydi! Yo professional bo‘lib ishingni qil, yoki boshqa jamoa top”, deganman. U hammasini tushunganini aytsa ham, baribir o‘z vaqtida qaytmagan.
“Sherif” rahbariyati ham uning maoshi baland bo‘lishiga qaramay, shartnomani etarli darajada to‘liq bajarmayotganini ko‘rgan. Tabiiyki, Yaxshiboev bizga Chempionlar ligasiga chiqishimizga, guruh bosqichida yaxshi qatnashishimizga katta yordam bergan, lekin o‘z ishiga professional darajada yondashganda, bundan ham ko‘p manfaat keltirgan bo‘lardi.
Davomi bor...
Fikrlar