Jamshid Saidov: "Andijon" maydonidan bir ochko olganimizdan xursandman"

  • 10 noyabr, 2024, 22:33
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 24-turidagi so‘nggi uchrashuvida “Andijon” “Qizilqum” bilan 0:0 hisobida durang o‘ynadi. Ushbu bellashuvdan so‘ng tashkil qilingan matbuot anjumanining dastlabki qismida mehmonlar bosh murabbiyi Jamshid Saidov ishtirok etdi.

Tecno

- Birinchi navbatda “Andijon” qanday o‘yin ko‘rsatishini bilgan holda tayyorgarlik ko‘rdik. “Andijon” ham biz qanday o‘yin namoyish etishimizni biladi. Biz asosan himoyaviy taktika tanladik. “Andijon” maydonidan bir ochko olganimizdan xursandman. Sababi, bunday muxlislik oldida o‘ziga xos bosim bo‘ladi, o‘ynash juda og‘ir. Navoiydan uzoq yo‘l bosib kelgan kam sonli bo‘lsa-da, muxlislarimizga minnatdorchilik bildiraman. 90 daqiqa tinmay bizni qo‘llab-quvvatlab turishdi va futbolchilarimga o‘z vazifasini bajarishga harakat qilishgani uchun rahmat. “Andijon”dan muhim ochkoni oldik.

- Diskvalifikatsiya sababli o‘yinni o‘tkazib yuborgan Muhammadali G‘iyosov va Giorgi Kuxianidzening yo‘qligi o‘yinga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi?

- Ha, bugungi bahsda uch nafar asosiy futbolchimiz o‘ynamadi. Lobjanidze, Kuxianidze va G‘iyosov jarohatlar hamda sariq kartochkalar to‘planib qolgani tufayli o‘tkazib yuborishdi. Ularni yo‘qligi bilindi. Shuning uchun biz asosan himoyadan, qarshi hujumda o‘ynashga qaror qildik.

- Zaxiradan maydonga tushgan Bozorovni yana zaxiraga oldingiz. Bu taktik o‘zgarish bilan bog‘liqmidi yoki...

- Ha, bu taktik o‘yinchi almashtirish edi.

- “Qizilqum” bu yil “Andijon” bilan uch marta o‘ynadi va barchasida yuta olmadi. Bunga nima sabab?

- Biz Aleksandr Xoyamkov bilan uzoq yillar birga ishlaganmiz. “Mash’al”da ham, “Andijon”da ham. Andijon men uchun begona shahar emas, yaxshi bilaman. Ha, biz “Andijon” bilan bu yil hisobidan Kubokni hisoblamaganda teng o‘ynadik. Birinchi davrada 3:3 o‘ynagandik. Bugun ham durang bo‘ldi. Bu tabiiy. Superligada murosasiz bahslar ko‘p bo‘lmoqda. 2-3-o‘rinlar uchun bahslar ancha shiddatli o‘tmoqda. Har bir tur syurprizlar taqdim etmoqda. 2 ta tur qoldi. Bo‘lajak bellashuvlarga ham maksimal tayyorgarlik ko‘ramiz.

- Bugun jamoangiz bir ochko ishladimi yoki ikki ochko yo‘qotdimi?

- Bir ochko jamg‘ardik, deb o‘ylayman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!