«Inter» - «Bayer»: Prevyu

  • 10 avgust, 2020, 17:28
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Evropa Ligasi nimchorak finalida kutilgan va kutilmagan natijalar qayd etildi. Jumladan, «Inter», «Manchester Yunayted», «Shaxtyor», «Bazel» va «Vulverxempton»ning ushbu bosqichda o‘ynashi ko‘pchilik mutaxassislar tomonidan taxmin qilingandi. «Kopengagen»ning turk chempionlari ustidan yirik hisobdagi g‘alabaga erishishi haqiqiy sovg‘a bo‘ldi. «Sevilya» kutilmaganda «Roma»ga hech qanday imkon qoldirmay chorak final masalasini hal qildi. Uchrashuv avvalida andalusiyaliklarning joriy mavsumdagi ajoyib o‘yini va ushbu turnirdagi tajribasi ko‘p tilga olingani bor gap. Ammo Fonseka shogirdlari ushbu bellashuvda ochiqchasiga oq bayroq ko‘tarib yubordi. «Bayer»ning g‘alabasini ham yuqoridagi kutilganlar qatoriga qo‘shishimiz mumkin edi. Sababi, leverkuzenliklar birinchi o‘yinda ham 3-1 hisobidagi g‘alabaga erishgandilar. Ammo optimist futbol ixlosmandlari Jerrard jamoasi nimadir qila olishiga umid bog‘ladi. Ammo «Bayer» bu bilan engil tin olgani yo‘q. Bugun ular «Inter»ga qarshi 1/4 final bahsida maydonga tushadi. Biz ushbu blogda aynan shu uchrashuvga to‘xtalib o‘tamiz.

Tecno

interl

«Inter»

«Xetafe»ga qarshi uchrashuvda «Inter» tashabbusni raqibga topshirib qo‘ydi. O‘yinning dastlabki daqiqalaridanoq ispanlar golga chanqoq futbol namoyish etdi. Yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalangan taqdirda, biz «Xetafe»ning yirik g‘alabasiga ham guvoh bo‘lishimiz mumkin edi. Lukaku esa o‘ziga taqdim etilgan yarimta vaziyatni golga aylantirib, o‘z klassini namoyish qildi. Uning golidan so‘ng «nerradzurilar»da o‘ziga bo‘lgan ishonch oshib ketdi va ular ham ispanlarning ketma-ket hujumlari soyasida bir nechta vaziyat yaratib olishdi. Ikkinchi taymda hakam penalti belgiladi. Molina esa undan unumli foydalana bilmadi. Bu jamoaga katta tushkunlik olib keldi. Yakunda, zaxiradan maydonga tushgan Eriksen ikkinchi golni ham urib, bahs taqdiriga nuqta qo‘ydi.
Milanliklar bunday o‘yin bilan uzoqqa bora olmasliklari tayin. Konte shogirdlari bilan chorak final oldidan gaplashib olganiga umid qilamiz. Aks holda, tarkibidagi yulduzlarni saqlab qolish uchun ham harakat qilayotgan «Bayer» ularni tor-mor keltirishi mumkin.
«Inter» o‘z tarixida 9 marotaba Evropa Ligasi chorak finalda o‘ynagan. Ularning 7 tasida keyingi bosqichga chiqqan, 2 tasida esa musobaqa bilan xayrlashgan. Uch karra turnir chempioni hisoblangan klubning ushbu bosqichdagi so‘nggi ishtiroki 2004 yilga to‘g‘ri keladi. O‘shanda ularni «Marsel» musobaqadan chiqarib yuborgandi.
Taxminiy tarkib: Xandanovich, Godin, De Vrey, Bastoni, Dambrozio, Barella, Brozovich, Galyardini, Yang, Lautaro Martines, Lukaku.
Ishtirok eta olmaydi: Vesino.

Inter_1

«Bayer»

«Bayer» Evropa Ligasi chempionligini eng ko‘p istayotgan klub bo‘lsa, ehtimol. Sababi, Kay Xavertsning taqdiri shunga bog‘liq bo‘lib turibdi. Agar klub musobaqadan chiqib ketadigan bo‘lsa, iqtidorli havbekning bu erda qolishidan naf yo‘q. Ya’ni leverkuzenliklar rahbariyati elit klub bo‘lishga da’vo qilmayapti. «Chelsi»dan taklif bo‘lganini klub direktori ham tan oldi.
«Reynjers» birinchi bo‘limda gol ura olmagach ko‘p masala hal bo‘lib ulgurgandi. Ikkinchi taym avvalida esa Mussa Diabining goli barchasiga nuqta qo‘ydi. Shundoq ham kamdan-kam hujumga chiqayotgan shotlandiyaliklar uchchun barchasi yakunlandi. «Inter» to‘sig‘idan o‘ta olgan taqdirda, yarim final leverkuzenliklarga birmuncha oson keladi. «Shaxtyor» va «Bazel» chorak final juftliklari orasida eng kuchsizi sifatida e’tirof etilmoqda.
«Bayer» bu bosqichga 4 marta chiqqan bo‘lsa, 2 marta keyingi bosqichga chiqqan, 2 marta turnirdan chiqib ketgan. Bugun ushbu natija qaysidir omonga og‘adi. So‘nggi marta 1/4 finalga 2008 yilda chiqqan nemis klubi o‘shanda «Zenit»ga bahsni boy bergan.
Taxminiy tarkib: Gradetski, Lars Bender, Sven Bender, Tapsoba, Sinkgraven, Demirbay, Palasios, Virts, Xaverts, Diabi, Folland.
Ishtirok eta olmaydi: Amiri, Arangiz.
So‘roq ostida: Bellarabi.

Bayer

Murabbiylar

Antonio Konte: «Evropa Ligasida oldinga qadam tashlash jamoa uchun muhim. Bu sizga yanada qiyinroq topshiriq yuklaydi. Men qo‘l ostimdagi futbolchilarda agressiya, motivatsiya va ishonchni ko‘ryapman. Tarkib rivojlanishda davom etmoqda hamda biz raqiblar uchun yanada qiyin jamoaga aylanyapmiz. Bizning loyihamizda ishtirok etayotgan har bir insondan xursandman.

kONTE

Peter Bosh: «Biz ko‘rsatayotgan futbol hujumkorlik, tomoshaboplik, gollarga boylik va yana ko‘plab yaxshi sifatlarga ega. Bu mening qarashlarim. Odatda, italyan klublari yaxshi himoyalanadi. Boshqa tomondan, «Inter» mutlaqo boshqacha jamoa: ular yuqori pressingni yaxshi amalga oshiradi, hujumlar orqa chiziqdan rivojlanib keladi. Ular uzun paslarni juda kam ishlatadi. Bu bizga imkoniyat tug‘dirishi mumkin».

bosh

Ushbu bahsda nominal mehmon bo‘lishiga qaramay, uchrashuv Germaniyada va bu «Bayer»ga kichik ustunlik berishi mumkin. Har holda, «Inter» yana bir qiyin jamoaga qarshi og‘ir o‘yin o‘tkazishi kafolatlangan. Xaverts haqidagi shov-shuvlardan bezgan muxlislar uning katta o‘yinda o‘zini qanday tutishiga qarab, asl kuchiga baho berishlari mumkin bo‘ladi.
Javob uchrashuvi bo‘lmasligi uning ahamiyatini oshirib yuboradi.

kontsa

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!