Ilhom Alijonov: "Bo‘lajak uchrashuvni sabrsizlik bilan kutyapmiz"

  • 13 sentabr, 2023, 04:15
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Aleksandr Xomyakov bosh murabbiyligidagi “Andijon” Superligadagi kichik tanaffusdan unumli foydalanish uchun kuchaytirilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari hamda o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil qilinyapti.

Tecno

Yaqinda esa jamoa a’zolari katta delegatsiya bilan Qirg‘izistonga borib keldilar. Jamoaning ishonchli futbolchilaridan biri Ilhom Alijonov ham “Andijon”ning tayyorgarligi va bo‘lajak “Navbahor”ga qarshi bahs oldidan fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Zero, ushbu o‘yinchi ilgari namanganliklar safida to‘p surgan va u sobiq klubiga qarshi muhim bellashuvga tayyorlanyapti.

- “Andijon” Qirg‘izistonda “Muras Yunayted”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Umuman, jamoaning u erga safari qanday taassurot qoldirdi?

- Taassurot yaxshi bo‘ldi. Qirg‘izistonda bizni bunday darajada kutib olishini, yuqori e’tibor bo‘lishini kutmagandik, to‘g‘risi. Barchasi yuqori darajada bo‘ldi. Yaqinda ochilgan “Barselona” akademiyasini ko‘rdik. Juda ajoyib va chiroyli ekan. O‘yinga keladigan bo‘lsak, yaxshi bellashuv bo‘ldi. Teng kurashlar ostida kechdi. Qirg‘izistonda ham futbol kuchayayotganini sezdik. Rivojlanish yaxshi ketyapti ekan. U erga yaxshi saviyadagi legionerlar taklif qilinyapti. “Muras Yunayted” jamoasida ham ana shunday legionerlari bor ekan. Mahalliy futbolchilari ham yaxshi. Xullas, ajoyib uchrashuv bo‘ldi.

alijonov2_2

- “Andijon” Farg‘onadagi vodiy derbisidan keyin endi o‘z maydonida yana vodiy derbisida “Navbahor” bilan o‘ynaydi. Sobiq klubingizga qarshi uchrashuvni sabrsizlik bilan kutyapsizmi?

- Ha, biz Farg‘onada vodiy derbisini o‘tkazdik va unda durang o‘ynadik. Endi “Navbahor”ga qarshi yanada kuchliroq tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Bilasiz, chempionatimizda FIFA kunlari sababli biroz tanaffus yuz berdi. Biz bo‘lajak uchrashuvni sabrsizlik bilan kutyapmiz. Sobiq klubimga qarshi bir emas, ikki barobar kuch bilan o‘ynab muxlislarimizni g‘alaba bilan quvontirish uchun harakat qilamiz. Birinchi navbatdagi vazifamiz o‘sha bahsda 3 ochkoni qo‘lga kiritish. O‘ylaymanki, o‘sha kuni vodiy derbisida muhit juda yaxshi darajada bo‘ladi. Ikkala jamoaning ishqibozlari qo‘llab-quvvatlaydilar. O‘zimizning suyukli muxlislarimiz oldida ishonchli g‘alaba qozonamiz, degan umiddaman.

- Ungacha “Navbahor” OChLda “Al-Hilol”ga qarshi o‘ynaydi. Ushbu bahsda qanaqa natija kutyapsiz?

- Ha, “Navbahor” 18 sentyabr kuni Saudiya Arabistonida “Al-Hilol”ga qarshi o‘ynaydi. Hozir butun dunyo ko‘rib, bilib turibdiki, jahon yulduzlari Saudiyaga ketishyapti. “Al-Hilol” esa u erdagi eng kuchli klublardan biri. “Navbahor” muxlislarini ranjitmoqchi emasman. Menimcha, “Al-Hilol” g‘alaba qozonsa kerak, deb o‘ylayman.

alijonov3_2

- Aytish kerakki, “Andijon” o‘z o‘yinini topib ochkolar olayotgandi, biroq chempionatdagi tanaffus futbolchilarning o‘yin amaliyotiga ta’sir qilmaydimi?

- FIFA kunlarida ham iloji boricha sport formamizni saqlab qolish uchun o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil qilinyapti. O‘ylaymanki, bu narsa halaqit bermaydi. O‘rtoqlik uchrashuvlari orqali jamoaviy o‘yinimizni yanada shakllantirib, “Navbahor”ga qarshi bahsga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishga harakat qilyapmiz. Murabbiyimizning ko‘rsatmalarini to‘liq bajarish ustida ishlayapmiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Абдухаликов Мухаммад
13/09/2023 08:07
Андижон галаба козонади
&
Bek 56
13/09/2023 06:24
Келгуси у'йинда Андижонга галаба тилаюрмен