
Ilgiz Tantashev boschiligidagi o‘zbekistonlik hakamlar jamoasi Qatar – BAA superkubogi uchun tayinlov oldi
Joriy yilning 12-13-aprel kunlari Dubay va Doha shaharlarida Qatar hamda Birlashgan Arab Amirliklari klublari o‘rtasida Superkubok turniri bo‘lib o‘tadi. Superkubok — ilk bor o‘tkazilayotgan yangi musobaqa bo‘lib, uning tashkil etilishidan asosiy maqsad sifatida ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni mustahkamlash ko‘rsatilgan.
Ushbu musobaqada 2 mamlakat chempionlari hamda kubok sohiblari to‘qnash keladi. 12 aprel kuni Doha shahrida 2 davlat mahalliy kubogi sohiblari “Al-Arabi” hamda “Sharja” o‘zaro o‘yin o‘tkazsa, 13 aprel kuni Dubay shahrida mamlakat chempionlari “Shabab Al-Ahli” va “Al-Duhayl” jamoalari bahs boylashadi.
“Al-Arabi” – “Sharja” uchrashuvi Ilgiz Tantashev boshchiligidagi hakamlar jamoasiga ishonib topshirildi. Qanotlarda Tantashevga Timur Gaynullin hamda Andrey Tsapenko yordam berishsa, Ahrol Risqullaev zaxira hakami vazifasini bajarishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, yana 2 nafar vakilimiz — Akobirxo‘ja Shukurullaev va Abdurashid Xudoyberganov VAR/AVAR vazifalarini bajarishi rejalashtirilgan. Uchrashuv “Al–Tumama” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Fikrlar