
Ildar Mamatkazin: "U Superliganing eng xavfli va kuchli hujumchisi"
“Andijon” jamoasi sardori Ildar Mamatkazin yakuniga etgan mavsumda ham etakchilik xususiyatlarini namoyish qildi va jamoaning muvaffaqiyatlariga o‘z hissasini qo‘shdi. Futbolchi ortda qolgan chempionat borasida fikr bildirdi.
- Ildar "Andijon"da ikkinchi yoshligingizni o‘tkazyapsiz, desak bo‘ladimi? Har holda bu yil himoyachi bo‘lishingizga qaramay, 2 ta gol urdingiz va barqaror o‘ynadingiz...
- Shunaqa desa ham bo‘ladi. Birinchi o‘rinda professionallik. Yoshingiz o‘tgan sari professionallikka ko‘proq e’tibor berish muhim. Mashg‘ulotlarda ko‘proq ter to‘kish kerak. Ha, to‘g‘ri, himoyachi bo‘lishimga qaramasdan 2 ta gol urdim. Ko‘proq gol ursam ham bo‘lardi. Har qanday holatda ham jamoamga foydam tekkanidan xursandman.
- Umuman, 2023 yil siz uchun nimasi bilan yodda qoladigan bo‘ldi?
- Esda qolarli natijalar bo‘ldi, ayniqsa, lider jamolar bilan yaxshi natijalarga erishdik.
- "Andijon"ning ushbu mavsumdagi ishtirokini ijobiy baholashmoqda. Bu borada nima degan bo‘lardingiz?
- Mavsum boshidagi vazifamiz 10 talikka kirish edi. Albatta, yaxshi natija bo‘ldi, bu murabbiy tomonidan berilgan ko‘rsatmalarni to‘g‘ri bajarilishi va eng asosiysi, bu kollektiv! Kollektivsiz futbolda hech narsaga erishish qiyin.
- Himoyachi sifatida sizga bu yil qaysi hujumchi xavf tug‘dirdi?
- Menga “Surxon” hujumchisi yaxshi taassurot qoldirdi. Lekin eng xavfli hujumchi Rubin Xebay! Bu mening jamoadoshim bo‘lgani uchun aytmayapman. Chunki mashg‘ulotlarda shuni sezdim, u Superliganing eng xavfli va kuchli hujumchisi!
- Jiyaningiz Islom Mamatkazin bu yil ancha qo‘shdi va bemalol sizga raqobatchiga aylana olyapti. Undan bunday ko‘tarilishni kutganmidingiz?
- Albatta, kutganman. Islomda yaxshi potentsial bor, faqat shu potentsialni yanada yaxshi rivojlantirish kerak. O‘z ustida ko‘proq ishlash kerak. Buni uning o‘zi ham tushunib turibdi.
- Yangi mavsumda nimalarni rejalashtiryapsiz va nimalar kutyapsiz?
- Yangi yilga faqat yaxshi niyat qilyapman. Xudo xohlasa, muxlislarimizni yanada xursand qilmoqchimiz. Shu o‘rinda hammani kirib kelayotgan yangi yil bilan tabriklamoqchiman.
Fikrlar