
Hujumchilar o‘rnak olsa arziydi...Yoxud himoyachilardan tashkil topgan to‘purarlar
Futbolda har bir o‘yinchining maydondagi o‘z vazifasi bor. Hujumchining ishi gol urish bo‘lsa, himoyachilarning vazifasi raqib hujumlarini qaytarishdan iborat. Lekin futbolda shundayki, ba’zida o‘z vazifasidan ham ortiq darajadagi ishni bajarishi yoki bo‘lmasa buning aksi kuzatilishi mumkin. Masalan, asosiy vazifasi gol urish bo‘lgan hujumchilarda buning samarasi u qadar ko‘zga tashlanmaydi. Qaytanga pozitsiyasi faqat himoyachi bo‘lgan futbolchilar bu ishni qoyillatib bajarishganiga ham ko‘p bor guvoh bo‘ldik. Superligada esa aynan himoyachilar orasida ham o‘ziga xos to‘purarlar shakllanganini ko‘rish mumkin.
Ildar Mamatkazin
Klubi: «Andijon»
Tug‘ilgan sanasi: 25.10.1988
Ampluasi: Markaziy himoyachi
Nechta gol urdi: 3 ta
«Andijon» jamoasi joriy mavsumda 10-o‘rinni band etdi. Mahalliy futbolchi, jamoa sardori Ildar Mamatkazin esa andijonliklar tarkibida Superligada 19 ta uchrashuvda maydonga tushdi va raqiblar darvozasiga uchta gol ura oldi. Shuningdek, yana uch marta sariq kartochka bilan «siylandi». Aslida esa Ildar uchta emas, balki to‘rtta gol urgandi. Biroq Andijonda «Lokomotiv»ga qarshi uchrashuvda kutilmaganda u o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Shuningdek, «Qo‘qon-1912»ga qarshi o‘yinning oxirgi soniyalarida aynan Mamatkazinning goli jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qolganligini ham aytib o‘tish joiz. E’tiborlisi, Ildar Mamatkazin «Andijon» safida eng ko‘p gol urgan futbolchilar orasida Shahzod Ubaydullaev va Ro‘zim Ahmedovdan keyin uchinchisi bo‘ldi.
Egor Krimets
Klubi: «Paxtakor»
Tug‘ilgan sanasi: 27.01.1992
Ampluasi: Markaziy himoyachi
Nechta gol urdi: 3 ta
«Paxtakor» klubining sardori Egor Krimets 21 ta o‘yinda ishtirok etdi. Aytish mumkinki, himoyachi bo‘lishiga qaramasdan, uning gol urish hamda bu borada jamoadoshlariga qo‘shgan hissasi ham salmoqchi bo‘ldi. Chunki Krimets to‘rt bor golli pas uzatishdan tashqari o‘zi ham uch bora raqiblari darvozasiga gol ura olgan. Ayniqsa, bo‘ydor bo‘lgani uchun jamoasining standart vaziyatlarida raqib jarima maydoni ichida u xavfli o‘yinchiga aylana oladi.
Marko Simich
Klubi: «Paxtakor»
Tug‘ilgan sanasi: 16.06.1987
Ampluasi: Himoyachi
Nechta gol urdi: 3 ta
«Paxtakor»ning chernogoriyalik himoyachisi Marko Simich ham gol urish borasida Krimetsdan qolishgani yo‘q. Bilasiz, joriy yilda «Paxtakor» barcha musobaqalarda gol urish borasida katta sermahsullik ko‘rsatdi. Natijada hujumkor jamoaning deyarli barcha a’zolarida gol urish uchun qulay imkoniyatlar bo‘ldi. Shu sababli Marko Simich ham bunday imkoniyatlarning uchtasidan foydalanganini aytish joiz.
Darko Stanoevich
Klubi: «Surxon»
Tug‘ilgan sanasi: 12.04.1987
Ampluasi: Himoyachi
Nechta gol urdi: 3 ta
Ushbu mavsumda faoliyatini «Surxon»da o‘tkazgan serbiyalik himoyachi Darko Stanoevich kutilganidek etakchiliklardan biri bo‘ldi. Buning ustiga u uchta gol ura oldi. Ayniqsa, standart vaziyatdan urgan goli tufayli oyning eng chiroyli goliga da’vogarlar qatoriga kiritildi. Solishtirish uchun aytamizki, «Surxon»ning hujumchisi Azamat Allaniyozov bu mavsumda Superligada birorta ham gol ura olgani yo‘q. Demak, u himoyachidan o‘rnak olsak arziydi.
Islom To‘xtaxo‘jaev
Klubi: «Lokomotiv»
Tug‘ilgan sanasi: 30.10.1989
Ampluasi: Markaziy himoyachi
Nechta gol urdi: 4 ta
O‘zbekiston milliy terma jamoasining a’zosi Islom To‘xtaxo‘jaev ham «Lokomotiv» tarkibida gol urish bo‘yicha o‘zini ko‘rsata oldi. Markaziy himoyachi 24 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga 4 ta gol urdi va yana 2 marta golli pasni amalga oshirdi. Shuningdek, uch marta sariq kartochka bilan «siylangan». Umuman olganda, To‘xtaxo‘jaev himoya chizig‘ida o‘z vazifasini bajarishdan tashqari, yana raqib jarima maydoniga borib gollar urgan holda jamoasiga foyda keltirgani albatta qoyilmaqom ishdir.
Dilshod Saitov
Klubi: «Nasaf»
Tug‘ilgan sanasi: 02.02.1999
Ampluasi: himoyachi
Nechta gol urdi: 4 ta
«Nasaf» akademiyasining navbatdagi «meva»laridan biri bo‘lgan Dilshod Saitov klub bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdievning kashfiyotlaridan biri bo‘ldi. Saitov garchi himoyachi bo‘lishiga qaramay, u ham o‘zining to‘purarlik salohiyatini ko‘rsatgan holda To‘xtaxo‘jaev singari to‘rtta gol ura oldi. Qolaversa, uning hisobida bitta golli pas ham bor. Buning ustiga u «Nasaf» tarkibida Superliganing barcha uchrashuvlarida to‘liq ishtirok etdi. Buning ustiga Dilshod ancha tartibli o‘yin ko‘rsatadi. Shu bois u 26 ta uchrashuvda faqat bir marta sariq kartochka olgan xolos. 20 yoshli himoyachi uchun esa bu yaxshi ko‘rsatkich. Ayni chog‘da esa Dilshod O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bilan Dubayda Osiyo chempionatiga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. Qizig‘i, «Nasaf»ning iqtidorli hujumchisi Bobur Abduholiqov ham Saitovchalik to‘rtta gol ura olgani yo‘q, uning hisobida faqat uchta gol bor.
Murod Xolmuhammedov
Klubi: «Qo‘qon-1912»
Tug‘ilgan sanasi: 23.12.1990
Ampluasi: Qanot himoyachisi
Nechta gol urdi: 8 ta
Bugungi kunga kelib «Qo‘qon-1912»ni Murod Xolmuhammedovsiz tasavvur qilib bo‘lmay qoldi. Bir necha mavsumdan buyon ushbu jamoa sharafini munosib tarzda himoya qilib kelayotgan Xolmuhammedov har safar eng yaxshi futbolchi sifatida muxlislarning mehrini qozonib kelayotgani ham e’tiborga molik. U raqiblarining hujumlarini qaytarishdan tashqari raqiblar darvozasiga gol urishni ham qoyillatadi. Masalan, Murod o‘tgan yili ham gol urish borasida sermahsullik namoyish etgan holda raqiblar darvozasiga 11 ta gol urgandi. Joriy mavsumda ham ushbu himoyachi yana jonbozlik ko‘rsata oldi. Qizig‘i, «Qo‘qon-1912» safida «Mavsum-2019»da eng ko‘p gol urgan futbolchi aynan himoyachi Xolmuhammedov bo‘ldi. U raqiblar darvozasiga 8 ta gol urishning uddasidan chiqdi. Bir qarashda himoyachining bunday sermahsullik qayd etishiga ishonish qiyin. Ammo bu haqiqat. Jamoadagi boshqa bir hujumchi Shahboz Erkinovning hisobida esa 6 ta gol bor. Hech qaysi futbolchi Murod Xolmuhammedovchalik ko‘rsatkich qayd eta olmadi. Shuningdek, uning hisobida yana 2 ta sariq bilan 1 ta qizil kartochka ham bor.
Fikrlar