
Here we go! Timo Verner "Tottenxem" futbolchisi
"Tottenxem" "Leyptsig"dan Timo Vernerni mavsum so‘nggiga qadar ijaraga olish arafasida. Tomonar kelishuvga erishdi, hujumchi tez orada Angliyaga yo‘l oladi. Quyida ushbu transferning barcha tafsilotlari bilan tanishishingiz mumkin.
Qatarda bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogi "Tottenxem"ni sardoridan ayirdi. Mavsumni ko‘taringki kayfiyatda o‘tkazayotgan va ayni paytgacha tarkibdagi eng ko‘p golda ishtirok etgan Son Xyon Min Janubiy Koreya safiga borib qo‘shildi. O‘zi shundog‘am londonliklar asosiy futbolchilarining safda yo‘qligidan azob chekmoqda. Shu sababli, rahbariyat ham qanotda, ham markazda o‘ynay oladigan hujumchi bilan shartnoma imzolashni istadi va Timo Verner varianti ma’qul keldi. O‘z yulduzlarini qo‘yib yuborishni yoqtirmaydigan "Tottenxem" "Leyptsig" bilan deyarli ikki kun muzokaralar olib bordi.
"Shporlar" shartnomaga Vernerni sotib olish optsiyasini ham qo‘shdi, ya’ni klub uni transfer qilishga majbur emas. Mish-mishlarga ko‘ra, germaniyalik futbolchini klub 15-20 million evro evaziga sotib olishi mumkin. Timo ham taklifni bittada qabul qildi. Vaholanki unda boshqa variantlar ham bor edm. Misol uchun, "Manchester Yunayted" "Tottenxem"dan oldinroq futbolchiga jiddiy qiziqish bildirgan. Ammo "qizil iblislar" tomonidan faol harakatlar bo‘lmagan. Yo‘qsa, Vernerning MYuga o‘tish ehtimoli ham bor edi.
27 yoshli hujumchi 2022 yilning yozida sobiq jamoasiga qaytgandi. "Chelsi"dagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin unga ikkinchi imkoniyatni bergan "Leyptsig" safida Verner dastlabki mavsumni yomon o‘tkazgani yo‘q. U 27 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lsa, shulardan 23 tasida asosiy tarkibda maydonga tushdi. Ammo mazkur mavsum strayker 2 dona uchrashuvda boshlang‘ich tarkibdan joy oldi. Bu esa nemisni jahlini chiqardi va klubni tark etishini agentiga ma’lum qildi. Kamiga Timo "Evro-2024" turnirida Germaniyaga yordam berishni xohlamoqda. Agarda u zaxirada o‘tiraversa, terma jamoadan chaqiruv ham ololmaydi.
Verner tezroq "Tottenxem" tarkibiga borib qo‘shilishni istamoqda. unga Angelos Postekogluninig uslubi juda yoqadi. Shu sababli, futbolchi bugunning o‘zida tibbiy ko‘rikdan o‘tib, ertaga Londonga borishni rejalashtirgan.
Hujumchini yangi klubida nechanchi raqamda o‘ynashi ham qiziq. Katta ehtimol bilan, u g‘ayrioddiy raqamda o‘ynaydi, chunki ayni paytda 6, 25, 26, 28, 31, 32-nomerlar bo‘sh turibdi, yoki Brayan Xil 11ni unga sovg‘a qiladi.
Suhrob Xolbekov tayyorladi.
Fikrlar