Hatto, Toshev ketib qoldi! Murabbiyga yolchimayotgan "Nurafshon" Superligadan umidini uzaversinmi?

  • 8 oktabr, 2021, 21:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro-liga karvoni ham asta-sekin manziliga etib kelyapti. Kutilganidek, unda “Neftchi” muddatidan avval marraga birinchi bo‘lib etib keldi va 2022 yilgi Superliga ishtirokchisiga aylandi. Bilasiz, pro-ligadan ikkita klub to‘g‘ridan-to‘g‘ri elitaga chiqish imkoniyatiga ega, uchinchi o‘rin egasi esa Superligada 12-pog‘onani band qilgan klub bilan pley-offda o‘ynaydi.

Tecno

Xullas, pro-ligaga 2,5 ta o‘rin ajratilgan bo‘lib, “Neftchi”ni hisobga olmasak, 1,5 ta o‘rin qoldi. Ammo ikkinchi yo‘llanma egasi ham deyarli naqd desak bo‘laveradi. 34 ochko bilan ikkinchi o‘rinda borayotgan Samarqandning “Dinamo” jamoasi oldindagi to‘rtta turdan birida g‘alaba qozonsa bas, bu klubni ham Superliga yo‘llanmasi bilan rasman tabriklasak bo‘laveradi.

Bir narsani tan olaylik, mavsum avvalida ko‘pchilikni fikri va qarashlari biroz boshqacha edi-a? Muxlislar buxoroliklarni “Neftchi” bilan birga asosiy favoritlar sifatida tilga olishgandi. Lekin nomi o‘zgargan “Nurafshon” 24 ochko bilan 3-o‘rinda va katta ehtimol “Olimpik” bilan pley-off yo‘llanmasi uchun kurashyapti.

Bugungi maqola aynan Buxoroning bosh jamoasi haqida. Bu o‘ziga yarasha qadriyatlari, an’analariga ega bo‘lgan futbol viloyati. O‘tgan yili kuchlilar orasini tark etgach, shu yili yana qaytish asosiy vazifa qilib belgilangani yodimizda. Go‘yoki, mutasaddilar eng shimarib ishga kirishgandek edi-a? Biroq o‘tgan vaqt davomida klub bilan bog‘liq bir qancha ishlar sodir bo‘ldi. Avvaliga Davron Fayzievga ishonch bildirildi va bosh murabbiy lavozimiga tayinlandi. Yaxshi mutaxassis, kamtar, o‘zini ko‘rsatishga tashna. U buxoroliklar uchun mos murabbiy edi. Tarkib ham chakki emasdi. Fayziev asosiy vazifa Superliga ekani haqida bir necha bor aytdi va buni bajarishga ishonardi. Afsuski, klubdagi futbol “bilimdonlari” uni arzimas sabablar bilan ishdan bo‘shatib yuborishdi. Holbuki, natijalar Davron Fayzievning iste’fosiga jiddiy sabab bo‘la olmasdi. Uning bo‘shatilishi jiddiy xato edi. To‘g‘ri, jamoa ichida nimalar bo‘lgani bizga qorong‘u, biroq boshlagan ishini oxiriga etkazib qo‘yish uchun unga hech qanday imkon va vaqt berilmagani g‘alati bo‘ldi. Rahbariyatning ishlari ham juda tushunarsiz ko‘rinish oldi. Hali Fayziev rasman ishdan bo‘shamasdan turib Anvar Berdievni taklif qilishdi. Ma’lum vaqt Berdiev Fayzievga ko‘maklashdi, keyinchalik Davron Oripovich rostakamiga ishdan ketganidan keyin Anvar Berdiev bosh murabbiylikka o‘tdi. Sergey Lebedev esa u bilan birga kelgani ham esimizda. Ammo Berdiev ham Buxoroda uzoq qolmadi. Qolaversa, natijalar ham maqtashga arzigulik chiqmagandi. Keyin bu orada rahbariyatda ham turli o‘zgarishlar bo‘lib turdi.

buxoro

To‘g‘risini aytish kerak, buxorolik muxlislar jamoadagi tinimsiz o‘zgarishlardan charchashgan. Ayniqsa, murabbiylar qo‘nimsizligi klubning to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganini shubha ostiga qo‘yardi. Bunda albatta mutasaddilarning ham “hissasi” bor. Kim kelsa, o‘sha aravani o‘z tomoniga tortaverdi. Natijada Superliga yo‘lida ketishi kerak bo‘lgan jamoaning yo‘llari ham o‘zgarib ketdi. Berdievdan keyin “o‘t o‘chiruvchilikka” mahalliy murabbiy Mirislom Hasanov katta sahnaga chiqdi. U bir nechta turda jamoani boshqardi. Ammo uning bosh murabbiylikda uzoq qolishi mumkin emasdi. Mumkin emasdi, degan so‘z albatta ma’joziy ma’noda. Chunki Hasanovni vaqtinchalikka qo‘yishgandi. Ammo natijalarga kelsak, yomon bo‘lmadi. Masalan, “Neftchi” ham mag‘lub etilgandi. Baribir Mirislom Hasanovning o‘rniga boshqa mutaxassis kelishi aniq edi. Oqibatda rahbariyat nomi chiqqan mutaxassis sifatida Usmon Toshevni olib kelishdi. Bu Buxoro farzandi va o‘z uyiga qaytgandi. Tojikiston milliy terma jamoasidagi ishini tashlab (kamiga TFF bilan shartnomasi ham tugab borayotgandi) Buxoroga qaytishga qaror qilganidan bunga jiddiy sabab borligini tushunsa bo‘ladi.

Usmon Qudratovich bilan kamina shaxsan yaqindan tanishman. Uni kecha yoki bugun taniganim yo‘q. Futbolchilik davridan beri Toshev bilan juda iliq munosabatdamiz. Shu bois u kishini har jihatdan bilamiz. Qolaversa, “Andijon” klubida ham Usmon Qudratovich bilan birga ishlagandik. Bir so‘z bilan aytganda, futbol bilan yashaydigan inson. U doim bir gapni ko‘p takrorlaydi: “Menga qaerda ishlashning farqi yo‘q, ikkinchi liga bo‘lsa ham ishlayveraman, muhimi o‘zim yaxshi ko‘rgan ishim bilanman!”

toshev_2

Toshev Buxoroga qaytganidan keyin undan intervyu oldim. Yaxshi gaplar bo‘ldi, maqsadi va rejalarini ochiq-oydin bayon qildi. U o‘z uslubiga mos ravishda fikrlarini bildirgandi. O‘sha paytda demak, klub nihoyat Toshev bilan uzoq yillik hamkorlikka tayyor ekan-da, deb o‘yladim. Oldingi yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklardan etarlicha xulosa chiqarilib, endi Toshev yordamida Superligaga qaytisharkan, degan hayol ham o‘tdi. Balki ana endi buxoroliklar murabbiyga yolchishdi, deganlar ham bo‘ldi. Bir necha oy o‘tgach, endi Usmon aka ham ketdi, faqat qaysidir klubga emas, O‘FAga! “Buxoro” nomini “Nurafshon”ga qaytargan murabbiy bu bilan maqsadi ancha jiddiyligi ko‘ringandi. Lekin nimadir bo‘ldi-yu, O‘FAda terma jamoalar markazida ish boshladi va shu bilan uning “Nurafshon”dagi rizqi uzildi. Ana endi shundan keyin qat’iy ravishda aytamiz: hatto, Toshev ketib qoldi, bechora, “Nurafshon” murabbiyga yolchimadi! Mavsum hali tugamasidan turib to‘rtinchi murabbiy o‘zgardi-ya?! Murabbiy qo‘nimsizligi yuz berayotgan jamoadan nimani kutsa bo‘ladi, ayting-chi? Kamiga klubni maqsadi Superliga?! “Neftchi” bilan “Dinamo”ni yil boshidan beri bitta murabbiy boshqaryapti. Birida Ilhom Mo‘minjonov, yana birida Hakim Fuzaylov. Aynan ushbu murabbiylar o‘z jamoalarini elita sari etaklab kelishyapti. “Nurafshon” esa yuqorida aytganimizdek, murabbiyga yolchimadi. Bunga ko‘plab sabablar bor. Bunday pallada bechora futbolchilar nima qilsin? Endi Fayzievning uslubiga moslashayotganida, Berdiev keldi. Keyin uning ko‘rsatmalarini tushunishga harakat boshlandi, biroq yana o‘zgarish, o‘zgarish va yana o‘zgarish. Jamoadagi o‘yinchilarda nima ayb? Ular unisiga moslashayotganida, boshqasi va yana boshqasi kelaverib, futbolchilarga ham jabr bo‘ldi. Axir ular maydonda o‘zi bilganicha o‘ynamaydi-ku! Albatta, murabbiyning ko‘rsatmalari, taktik uslublari asosida o‘yin “quriladi”. Bizningcha, futbolchilarning turli xil uslubni yoqtiradigan murabbiylar bilan ishlab “boshlari aylanib ketdi”, shekilli. Klubda esa hali muammolar tugamagan, masalan, haligacha asosiy stadioni foydalanishga topshirilmagan.

Oxiri jamoaning natijalari ham pasaya boshladi, kerakli ochkolar boy berildi va ta’qibchilardan ortda qolib ketdi. Toshevdan keyin hozircha “Nurafshon”ni uning yordamchisi Daler Kayosov boshqarib turibdi, chog‘i. “Neftchi”ga qarshi o‘yin qaydnomasida “Nurafshon”da Kayosov nomi ko‘rsatilgan. Lekin ushbu uchrashuvda “Neftchi”ga 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchradi va asosiy raqibining Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritganiga guvoh bo‘ldi.  

Klubdagi o‘zgarishlar yana qachongacha davom etadi? Kadrlar va murabbiylar almashinuvlaridan charchashmadimi? Superligaga faqat munosib jamoalar chiqadi. Aslida buxoroliklar ham munosib, biroq...

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!