"G‘olibona o‘yinlarimiz yangilik emas" yoxud Lutfulla To‘raev qachon maydonga qaytadi?

  • 28 mart, 2023, 13:31
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

“Neftchi” bu yil yanada xavfliroq jamoa sifatida gavdalanyapti, shunday emasmi? 3 ta turdan keyin klubning natijalari a’lo darajada.

Lekin farg‘onaliklar asosiy etakchilaridan birining xizmatidan foydalana olmayotganini ham bilsangiz kerak-a? Jamoa sardori Lutfulla To‘raev qishki yig‘in chog‘ida jarohat olib safdan chiqqandi. Shu sababdan u “Neftchi”ga yordam bera olmayapti.

Agar u qaytsa, jamoa yanada kuchayishini taxmin qilsa bo‘ladi. Ushbu futbolchi hozirgi holati, jamoasining starti va yana boshqa masalalarda o‘z fikrlarini aytdi.

Jamoaning muvaffaqiyatli starti xususida

- “Neftchi”ning chempionatni muvaffaqiyatli boshlagani syurpriz bo‘lmadi. Bilasiz, qishda rahbariyat tarkibimizga yaxshi saviyadagi o‘yinchilarni oldi. Tayyorgarligimiz ham ko‘ngildagidek bo‘ldi. Birinchi yig‘in Toshkentda, ikkinchisi Antaliyada o‘tkazildi. Kuchli jamoalar bilan o‘yinlar o‘tkazdik. Aytishim mumkinki, “Neftchi”ning muvaffaqiyatli starti kutilmagan holat emasdi. Xo‘jayinlar oldimizga kuchli uchlikka kirish maqsadini qo‘ygan. Shuning uchun bu g‘olibona o‘yinlarimiz yangilik emas. Hammasi reja bo‘yicha yaxshi ketyapti. Davomli bo‘lsin.

Jarohat haqida

- Jarohat futbolchilar bilan yonma-yon yuradi. Afsuski, Antaliyadagi mashg‘ulotda shunaqa bo‘lib qoldi. Hozir o‘zim yakka tartibda shug‘ullanyapman. Xudo xohlasa, yaqin kunlarda qaytib qolaman. “Neftchi”ning har bir o‘yiniga borib, jamoam bilan birga bo‘lyapman.

turaev

Maydonga qachon qaytadi?

- Qachon qaytaman? Hammasi baribir vaqt bilan bog‘liq-da! Aytganimdek, o‘zim yakka tartibda yugurishni boshladim va oz-moz to‘plar bilan ishlayapman, ammo hali bor kuchim bilan emas. Jarohatimdan to‘liq forig‘ bo‘lishim uchun vaqt kerak. 1 oy yoki 2 haftadan keyin maydonga qaytaman deb ayta olmayman. Jarohat olgan chog‘imda shifokorlar 3-4 oy vaqt ketishini aytishgan. Yana biroz bor.

Asosiy vazifa kundek ravshan

- Klubda boshida yig‘ilganimizdayoq hammaning niyati va maqsadi “Neftchi”ni oldingi mavqeiga qaytarish edi. Chunki jamoa ilgari sovrindorlar qatorida yurardi. Biz “Neftchi”ni yana shunday darajaga olib chiqish uchun kelganmiz. Muxlislarni stadionga yana qaytarishni istaymiz. Mana, “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvda 17 mingdan ortiq ishqiboz keldi. Ular xursand bo‘lganidan keyin oila-a’zolarini va yaqinlarini ham xursand qiladi.

turaev1

Medallar uchun kurashadiganlar

- Chempionlik uchun o‘sha klublar - “Paxtakor”, “Navbahor”, “Nasaf”, AGMK kabilar kurashadi. Tabiiyki, ularning orasida “Neftchi” ham bor. Bu yil kurash juda jiddiy va qizg‘in kechadi. Ko‘rayotgan bo‘lsangiz, endi 3 ta tur o‘tdi. Klublar o‘ziga yarasha kuchli. “Buxoro” safarda “Turon”ni yutyapti, “Andijon” esa “Nasaf” maydonida 3 ochko olyapti. 5-6 ta tur davomida nima bo‘lishini bilib bo‘lmaydi. Keyinchalik jismoniy tayyorgarligidan kelib chiqib asl kuchlari ko‘rinadi.

Jamoaning asosiy ustuni

- Bizda o‘yin sifati o‘zgardi, ahillik ham bor. Albatta, oldin ham bu klubda ahillik bo‘lgan va yana qaytarilyapti. Jamoa doim bir bo‘lishi kerak. Maydonda 11 kishi o‘ynasa ham 20 futbolchi bir oila bo‘lishi muhim. Masalan, rahbariyat, shifokorlar, hamma-hamma bir yoqadan bosh chiqarishimiz kerak. Shunda nimagadir erishish mumkin. Hozir “Neftchi”da shu narsa bor. Levchenko inson sifatida ham, murabbiy sifatida ham ajoyib. Futbol o‘ynasangiz va uning talablarini bajarsangiz bo‘ldi. Aytganlarini amalga oshira olsak, hammasi o‘ylaganimizdek bo‘laveradi.

Shuhratbek Jo‘raev.   

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!