
Futzal bo‘yicha Jahon chempionatiga tayyorgarlik qizg‘in davom etmoqda
Yurtimiz so‘nggi yillarda FIFA va OFK miqyosidagi nufuzli musobaqalarni qabul qilish yuzasidan katta qadamlarni tashlamoqda. Xususan, 2024 yilgi futzal bo‘yicha Jahon chempionati mezbonligi bu yo‘nalishdagi sayi-harakatlarning muhim bosqishiga aylandi. Turnirga tayyorgarlik ishlarini ko‘zdan kechirish maqsadida bugun FIFA delegatsiyasi yurtimizga tashrif buyurdi.
FIFAning futzal va sohil futboli departamenti rahbari Kasra Hagigi boshchiligidagi delegatsiya O'FA rahbariyati bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikkala tomon O‘zbekiston mezbonlik qiladigan Jahon chempionati tarixdagi eng yaxshi mundial bo‘lishi uchun barcha ishlar amalga oshirilishini alohida ta’kidlashdi. 2024 yil bahoriga belgilangan musobaqaga qur’a tashlash marosimini o‘tkazish uchun bir qancha shaharlar nomzodi, hususan, Samarqand shahri taklif etildi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov Andijon va Buxorodagi arenalarda qurilish jarayonlari reja bo‘yicha ketayotgani, o‘z vaqtida yakunlanishi hamda assotsiatsiya FIFA bilan bu borada yaqindan hamkorlik qilayotganini e’tirof etdi.
Tashrif davomida JCh o‘yinlari o‘tkaziladigan asosiy arenalar, mashg‘ulot maydonlari, mehmonxonalarda olib borilayotgan ishlar, qurilish va rekonstruktsiya jarayonlari inspektsiya qilinadi. FIFA vakillari 27 noyabr kuni Toshkent, 28 noyabr kuni Buxoro va 29 noyabr kuni Andijon shaharlarida faoliyat olib borishadi.
Fikrlar