
"Futbolni deyarli ko‘rmayapman". Shixov faoliyatini nega tugatdi?
Futbol muxlislariga yaxshi tanish bo‘lgan o‘yinchi San’at Shixov 34 yoshida butsalarini mixga ildi. Uning oxirgi klubi “Qo‘qon-1912” jamoasi edi. O‘tgan yili pro ligada mazkur klub sharafini himoya qildi.
Shixov futbolchilik faoliyatini “Paxtakor”da boshlagan va “Sherlar” safida to‘p surgan. Keyin “Qizilqum”, “Dinamo”, “Navbahor”, “Buxoro”, OKMK, “So‘g‘diyona” kabi jamoalarda ham to‘p surgan.
Yuqorida to‘xtalganimizdek, San’atning oxirgi klubi “Qo‘qon-1912” bo‘ldi. U faoliyatini nega tugatgani va faoliyati haqida Sports.uz uchun o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"To‘g‘risini aytsam, o‘tgan yili qishda mavsum tugaganidan keyin faoliyatimni tugatmoqchi edim, - deya gap boshladi, futbolchi. - “Qo‘qon-1912” Superligadan tushib ketgach, pro ligada ularga yordam berib elitaga olib chiqish maqsadida yana bir yil faoliyat olib bormoqchi bo‘ldim va qo‘qonliklarni Superligaga qaytargach, shundan so‘ng tugatishni niyat qilgandim. Ammo, o‘zingiz ko‘rdingiz, bu jamoani Superligaga olib chiqa olmadik. Shunday bo‘lsa ham “Qo‘qon-1912” menga yana shartnoma taklif qildi. Faqat aytilgan taklifi meni qoniqtirmadi. Shu o‘rinda “Qo‘qon-1912” klubiga menga qilgan barcha yaxshiliklari uchun minnatdorman. Yana boshqa takliflar ham bor edi. Hammasini o‘ylab ko‘rib, faoliyatimni tugatishga qaror qildim. Endi yoshlarga yo‘lni bo‘shatib berish kerak. Iqtidorli yoshlar chiqyapti. Yoshi ulg‘aygan sari futboldagi haqiqatlarni ko‘rib, futboldan ko‘nglim sovib ketdi. Shuning uchun ketdim. Futbolni ichida unga tushunmaydiganlar ko‘paydi. Futbol odamlari belafz bo‘lib qolgan. Futbol jonkuyari bo‘lganim uchun men jim qarab tura olmayman. Undan ko‘ra, ketishga qaror qildim. Futbolni deyarli ko‘rmayapman. Ba’zida qo‘qonliklarning o‘yinini ko‘rib turaman.
Futbolchilik faoliyatimdan 100 foizga ko‘nglim to‘ldi. Balki qaerdadir o‘zimning xatolarim tufayli nimadir o‘xmagan bo‘lishi mumkin. 2019 yili Olmaliqdan keyin faoliyatimni tugatishim kerak, degan xayol o‘tgan. 2020 yildan so‘ng o‘zim yoqtirgandek futbol o‘ynaganim yo‘q. Faqat 2022 yili Baxtiyor Ashurmatov, keyin Davron Fayziev qo‘l ostida tuzukroq futbol o‘ynadik. Ammo boshqa murabbiylar qo‘lida o‘zim kutgandek o‘ynamadim. Tugatish haqidagi qarorim yillar davomida kelib chiqdi. Faoliyatimdan afsuslanmayman. Yuqorida aytganimdek, OKMKdan keyin faqat tugatish haqida o‘yladim. Shundan buyog‘iga faqat pul uchun o‘ynadim. Oldin futbolni yaxshi ko‘rib, maza qilib o‘ynagan bo‘lsam, keyin yaxshi murabbiylar qo‘li ostida kam o‘ynadim va o‘zim ham maydonda etarli darajada o‘ynamadim. Aytganimdek, 2022 yilda Ashurmatov va Fayziev bilan yaxshi futbol o‘ynadik.
Hozircha futbolni butunlay tark etdim. Futbolga hali beri qaytish niyatim yo‘q. Unda ishlayotganlar o‘zini emas, futbolimiz manfaatini o‘ylaydiganlar hozir ham bor, ammo ular yanada ko‘payishini ko‘rsam qaytishim mumkin. Futbol o‘ynab yurgan paytlarimdagi bizneslarim bor edi. Hozir shular bilan mashg‘ulman. Hozircha futbolga aloqador hech narsani rejalashtirmayapman”, - deydi Shixov.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar