
Fayzullaev Ronaldu bilan bir turnirda o‘ynashi mumkin
Jahon futbolida eng ko‘p gol urgan 40 yoshli futbolchi Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistonining “An-Nasr” klubidagi faoliyatini muvaffaqiyatli davom ettirmoqda.
Moskvaning “Dinamo” jamoasi portugaliyalik futbolchi “An-Nasr”da o‘ynayotganini inobatga olib, bu klubni “Birodarlik kubogi” turniriga taklif etildi. “Dinamo” klubi direktorlar kengashi raisi Dmitriy Grifinning shaxsan o‘zi “An-Nasr” mutasaddilarini jamoani musobaqaga qatnashishga chaqirgandi.
- “Dinamo” klubi “An-Nasr”ning barcha o‘yinchilarini Moskva shahridagi do‘konimizga taklif etadi. Ularga 50 foizlik chegirma berishga tayyormiz. Shuningdek, xuddi biz va TsSKA ham “An-Nasp”ni “Birodarlik kubogi” ishtirokchilari orasida ko‘rishdan xursand bo‘lardik, - dedi Dmitriy Grifin.
“An-Nasr”ning tijoriy ishlar bo‘yicha direktori Jordi Dyurente bu masala klub rahbariyati tomonidan ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.
- Biz har doim xalqaro hamkorlik yo‘llarini qidiramiz. Rossiya – katta bozor, yaqinda bu erda jahon chempionati o‘tkazilgan edi. Bu mamlakatda futbolga qiziqadigan odamlar ko‘p. Biz turnirda ishtirok etish imkoniyatini o‘rganib chiqish va baholashga tayyormiz.
Bu taklifni qabul qilish bo‘yicha bir qarorga kelishdan avval “An-Nasr” taqvimida to‘g‘ri keladigan vaqtni topish, kerakli sharoitlarni yaratish talab etiladi, - dedi Jordi Dyuran.
O‘z navbatida, “Birodarlik kubogi” ishtirokchisi TsSKA klubi bosh direktori Roman Babaev “Dinamo” rahbarining musobaqaga “An-Nasr”ni taklif qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi.
- Ajoyib g‘oya. Bu musobaqa ikkinchi yil tashkil qilinyapti. Unda Krishtianu Ronalduning qatnashishi zo‘r ish bo‘lardi, - dedi Roman Babaev.
Ma’lumki, ushbu musobaqa 2023 yili Rossiya va Serbiya o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan.
2024 yilning yozida ikkinch marotaba o‘tkazilgan mazkur turnirda har ikki mamlakatdan ikkitadan – “Dinamo” va TsSKA, “Partizan” va “OFK Belgrad” jamoalari ishtirok etdi.
Unda ikkitadan uchrashuv yakuniga ko‘ra, musobaqa jadvalida “armiyachilar” yuz foizlik natija bilan peshqadam bo‘ldi.
Qizig‘i shundaki, hamyurtimiz Abbosbek Fayzullaev bu galgi musobaqada TsSKAning birinchi goli muallifi hisoblanadi. 2024 yilning 4 iyul kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “armiyachilar” Serbiyaning “OFK Belgrad” klubi bilan kuch sinashib, 4:0 hisobida zafar quchgan va ilk golni o‘zbek futbolchisi kiritgan edi.
Abbosbek “Partizan”ga qarshi kechgan va 3:0 hisobida yakunlangan uchrashuvda ham bir bo‘lim harakat qilganini ta’kidlash lozim.
Endi “An-Nasr” rahbariyati jamoaning “Birodarlik kubogi” musobaqasida ishtirok etishini ta’minlab bersa, Abbosbek Fayzullaev besh karra “Oltin to‘p” sohibi Krishtianu Ronalduga qarshi o‘ynash imkoniga ega bo‘ladi.
Fikrlar