
Evropa grandlari uddalay olmagan supertransferni Osiyo klubi amalga oshiradi
“Napoli” hujumchisi Viktor Osimxen Evropa futbolini tark etishga yaqin turibdi. Nigeriyalik to‘purarning navbatdagi manzili Saudiya Arabistoni bo‘lishi kutilmoqda.
Jurnalist Fabritsio Romanoning ma’lum qilishicha, “Napoli” va “Al-Ahli” Osimxen transferini 65 million evrodan qimmatroqqa amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishgan. Endi saudiyaliklar futbolchining o‘zini ko‘ndirishga urinyapti.
Osimxen arablardan katta maosh va shartnomaga badal pulini to‘lab, uni sotib olish mumkinligi haqida band kiritilishini talab qilmoqda.
Viktor Osimxen o‘z gollari bilan “Napoli”ning chempion bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan pallada uning xaridorlari ko‘payib ketdi. Biroq neapolliklar forvard uchun o‘ta katta narx belgilab, 100 million evro atrofidagi takliflarni ham qabul qilmagan edi.
O‘tgan mavsumda nigeriyalik o‘yinchining sermahsulligi pasayib ketdi va o‘z navbatida, uning transfer narxi ham arzonlashib bormoqda.
Fikrlar