
Eron pro-ligasi. Oston O‘runov va "Persepolis" g‘alabali seriyani davom ettirdi
Biroz avval, Eron Pro-ligasining 5-turidan o‘rin olgan "Persepolis" - "Alyuminiy Arak" bellashuvi o‘z yakuniga etdi. Noma’ulum sabablarga ko‘ra, biroz kech boshlangan mazkur o‘yinda hamyurtimiz Oston O‘runov harakat qilayotgan klub 2:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi. Dastavval, 6-daqiqada Xusayn Kanani penaltidan gol kiritib, hisobni ochgan bo‘lsa, 70-daqiqa o‘tib borayotgan bir pallada Ali Alipur tablodagi ko‘rinishga keltirdi. Shu hisob, o‘yin yakuniga qadar boshqa o‘zgarmadi va poytaxt jamoasi vakillari navbatdagi 3 ochkoga ega chiqdi.
Oston O‘runov bahsda bir bo‘limgina o‘ynadi xolos. Ikkinchi taym boshida u o‘z o‘rnini jamoadoshi Farshad Ahmadzodaga bo‘shatib berdi.
G‘alabadan keyin ochkolari sonini 8 taga etkazib olgan "Persepolis" turnir jadvalining 3-pog‘onasida ketmoqda. Tehron klubida shuningdek, bitta qoldirilgan o‘yin ham mavjud. Jamoa 4 o‘yinda 2tadan g‘alaba va durang qayd etib, hozircha mag‘lubiyatsiz odimlamoqda.
E’tiborga molik jihati kelasi tur Eron chempionatida markaziy o‘yin bo‘lib o‘tadi va unda aynan "Persepolis" va "Istiqlol" o‘zaro bellashadi. Ya’ni keyingi o‘yin muhlislar o‘zbekcha derbiga guvox bo‘lishlari mumkin.
Fikrlar