
elena isinbaevaning yurtimizdagi tashrifi davom etmoqda
Xabar berganimizdek, o‘zbek sporti tarixida ilk marotaba Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan katta sport bayrami – «Nafosat-2019» ayollar spartakiadasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirga jahon sporti afsonasi Elena Isinbaeva faxriy mehmon sifatida tashrif buyurdi.
Bugun Milliy Olimpiya qo‘mitasida Elena Isinbaeva ishtirokida matbuot-anjumani o‘tkazilganidan so‘ng MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov rossiyalik sportchini qabul qildi. O‘zaro suhbat chog‘ida mehmon kelajakda hamkorlikda ishlashga tayyor ekani va yurtimizda engil atletikaning rivojlantirish borasida o‘zining qimmatli maslahatlarini berdi.
- To‘g‘risi, kutganimdan ham yaxshi taassurotdaman. Mamlakat prezidentining shaxsan o‘zi ommaviy sportni rivojlantirishga katta e’tibor qaratayotgani bu kelajak uchun katta yutuq. Rivojlanish shu zayilda bo‘lsa, aminmanki, o‘zbekistonlik sportchilar yaqin yillar ichida jahonda g‘oliblikka asosiy da’vogarlar qatorida bo‘ladi, – dedi Elena Isinbaeva.
Shuningdek, MOQ bosh kotibi Jasur Matchanov suhbat davomida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan olib borilayotgan islohotlar haqida mehmonga gapirib berdi.
- Siz kabi sport yulduzlarining yurtimizga tashrifi sportni targ‘ib qilishda katta ahamiyatga ega. Bu sportga endi kirib kelayotgan yosh atletlarimizda motivatsiya uyg‘otadi. Biz asosiy e’tiborni ommaviy sportni rivojlantirishga qaratmoqdamiz. Negaki, ommaviy sportni rivojlantirmasdan professional maydonda ulkan muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi, – dedi Jasur Matchanov.
Suhbat yakuniga etgach, faxriy mehmon MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markaziga ham tashrif buyurib, u erdagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Fikrlar