
EChL yarim finallarida eng ko‘p gol urgan futbolchini bilasizmi?
EChL yarim final to‘qnashuvlarining birinchi o‘yinlari o‘z nihoyasiga etdi. Unda "Real" "Manchester Siti" bilan durangga imzo chekkan bo‘lsa, "Inter" safarda "Milan"ni taslim qildi. Biz esa sizni mazkur bosqichning to‘purarlari bilan tanishtirmoqchimiz.
10-o‘rin. Andrey Shevchenko
Andrey Shevchenko faoliyati davomida "Dinamo Kiev", "Milan", "Inter" va "Chelsi" kabi klublarda to‘p tepgan. U yarim finalda 4 marta gol urgan. Ukrainalik afsona "Bavariya"ga qarshi o‘yinda dubl qilgan bo‘lsa, "Barsa" va PSV darvozalarini bir martadan ishg‘ol qilgan. Shu bilan birgalikda, Shevchenko bu bosqichda 10 marta o‘ynagan.
9-o‘rin. Zinedin Zidan
"Real" bilan ketma-ket 3 marta EChL g‘olibligini qo‘lga kiritgan frantsuz futbolchilik faoliyatida ham ushbu chempionatda o‘zini ko‘rsata olgan. U yarim finallarda Shevchenko bilan bir xil statistikaga ega. 10 ta o‘yin 4 ta gol. Zidan final oldi o‘yinda "Ayaks", "Monako", "Barselona" va "Yuventus" jamoalarini xafa qilgan.
8-o‘rin. Sadio Mane
Ayni dam "Bavariya"da biroz omadi kelmayotgan Mane ham ushbu ro‘yxatda mavjud. U ham yarim finalda 4 marta raqib darvozasiga to‘p kiritgan. Ammo senegallik hujumchi bu ishni 6 ta bahsda amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Mane mazkur bosqichda "Roma" va "Vilyarreal" jamoalariga ikki martadan gol urgan. Qiziqarlisi, Sadioning gollari "Liverpul"ni finalga chiqishi uchun xizmat qilgan bo‘lsada, yakunda mersisaydliklar ikkita finalda ham "Real"ga imkoniyatni boy berib qo‘ygan.
7-o‘rin. Riyod Mahrez
Mahrez yarim finallarda 5 marta maydonga tushgan. Ammo uning hisobida 4 ta gol mavjud. vinger 2020/21 mavsumda PSJ bilan bo‘lgan to‘qnashuvning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgandi. U birinchi bahsda bir marta, javob o‘yinida esa ikki marta Navas turgan darvozani ishg‘ol qilgan. Mahrez jamoasini oldinda "Real" bilan bo‘lib o‘tadigan ikkinchi uchrashuv kutmoqda. Riyod ushbu statistikani yaxshilab olishi uchun imkoniyat bor.
6-o‘rin. Yari Litmanen
Finlyandiyalik sobiq futbolchi 8 ta bahsda 5 marta raqib darvozasini ishg‘ol qilgan. U 5 ta golning barchasini "Ayaks" tarkibida kiritgan. Hujumkor yarimhimoyachi "Bavariya" va "Panatinaikos" jamoalariga dubl qilib, "Yuventus"ni bir marta ranjitgan.
5-o‘rin. Alessandro Del Pero
Del Pero Chempionlar ligasida faqatgina "Yuventus" tarkibida harakatlangan. Uning hisobida ham 5 ta gol mavjud bo‘lib, sobiq hujumchi buning uchun 6 ta o‘yin sarflagan. Shu bilan birgalikda, Del Pero 1995/96 mavsumda ChLda zafar quchgan. Finalda "Borussiya"ga qarshi maydonga tushgan turinliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozongan. Gollarni biriga Alessandro mualliflik qilgandi.
4-o‘rin. Lionel Messi
Boshqalarga qaraganda ko‘proq yarim finalda o‘ynagan bo‘lishiga qaramay Messi bu ko‘rsatkich bo‘yicha 4-o‘rinda bo‘lib turibdi. U 15 ta uchrashuvda ishtirok etib, 6 marta gol urgan. Qiziq tomoni, argentinalik bu bosqichdagi gollarining barchasini 3 ta klubga qarshi o‘yinda kiritgan. "Real", "Bavariya" va "Liverpul"ga dubl qilishga muvaffaq bo‘lgan.
3-o‘rin. Robert Levandovski
"Barselona" bilan Evropa ligasiga tushib ketgan Robert yarim finalda "Real"ni 4 marta jazolagan yagona futbolchi sanaladi. Bundan tashqari, Levandovski "Barselona", "Atletiko" va "Lion" klublariga bir martadan gol urgan holda, jami 9 ta o‘yinda 7 marta gol urgan.
2-o‘rin. Karim Benzema
Bu mavsumgi Chempionlar ligasi yarim finaliga etib kelgan ikkinchi futbolchi Benzema La Ligadagi raqibidan bitta gol oldinda. Frantsuz 16 ta uchrashuvda qatnashib, 8 marta darvozani ishg‘ol qildi. Uning gollaridan "Bavariya" (3), "Manchester SIti" (3) "Borussiya" (1) va "Chelsi" (1) jabr ko‘rgan.
1-o‘rin. Krishtianu Ronaldu
Chempionlar ligasining qiroli, deb ta’riflanadigan hujumchi yarim finalda eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanadi. U 21 ta o‘yinda maydonga tushgan va 13 ta gol urishga erishgan. Ronaldu nafaqat ko‘p gol urgan, balki eng ko‘p yarim finalda qatnashgan o‘yinchi bo‘lib turibdi. U so‘nggi marta bu bosqichda "Real"dagi oxirgi mavsumida, aniqrog‘i ChL chempionligini ketma-ket 3-marta qo‘lga kiritgan mavsumida o‘ynagandi.
Suhrob Xolbekov
Fikrlar