
EChL. "Barsa"dan tashqari hamma ispan klublari uchun omadsiz kelgan tur
Chempionlar ligasining ikkinchi turidan o‘rin olgan barcha uchrashuvlar o‘z nihoyasiga etdi. Ushbu tur ispan klublari uchun omadsiz keldi. Sababi, deyarli barcha jamoa mag‘lubiyatga uchradi.
"Jirona"
"Jirona" 5 ta gol urilgan o‘yinda "Feyenoord"ga taslim bo‘ldi. Uchrashuvni mezbonlar yaxshi kayfiyatda boshladi. Dastlabki daqiqalardanoq Mishel shogirdlari oldinga o‘tishdi. 19-daqiqada Lopes raqib jarima maydonchasi ichida ro‘y bergan tartibsizlikdan so‘ng hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay mehmonlar jarima zarbasiga ega bo‘lishdi. Ichkariga uzatilgan to‘pni esa Errera o‘z darvozasiga joylab qo‘ydi, 1:1. 33-daqiqada Igor Milamboni juda yaxshi vaziyatga chiqarib yubordi va yarim himoyachi vaziyatdan unumli foydalanib, jamoasini oldinga olib chiqdi. 3 daqiqadan keyin kataloniyaliklar himoyada qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yishdi va "Feyenoord" hisobiga penalti belgilandi. Ammo Ueda uni golga aylantira olmadi. Ikkinchi bo‘lim boshida Van de Bek gol urishga muvaffaq bo‘lgandi, lekin ofsayd sabab hisob o‘zgarmadi. 67-daqiqada Milovski 11 metrlik jarima zarbasini golga aylantira olmadi. "Jirona"ning hujumlari esa xavflilashib boraverdi. 73-daqiqada Danjuma ajoyib reydi bilan ichkariga kirib bordi va Van de Bekkka pas berdi. Yarim himoyachi esa to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. Biroq, yana bir avtogol evaziga ispan klubi mag‘lubiyatga uchradi.
Shu tariqa, "Jirona" turnir jadvalida 30-o‘ringa tushib ketdi. Jamoa hali Chempionlar ligasida ochko ololgani yo‘q.
"Atletiko"
Kutilmaganda "matraschilar" safarda "Benfika"dan "tarsaki edi". Portugallar mehmonlarni umuman ayab o‘tirgani yo‘q. Dastlab, Aktyurkoglu Oblakni ojiz qoldirgan bo‘lsa, Di Mariya penaltidan farqni ikkitaga oshirib qo‘ydi. Shundan keyin 75-daqiqada burchakdan uzatilgan to‘pni Ba boshi bilan darvozaga joylab qo‘ydi. So‘nggi daqiqalarda esa Kyokchyu ham penaltini golga aylantirib, o‘yinga batamom nuqtani qo‘ydi. "Atletiko" esa uchrashuv davomida bitta golga etarlik vaziyat yarata olgani yo‘q. Jamoa atigi 4 marta zarba yo‘llagan bo‘lsa, shulardan bittasi ham aniq bo‘lgani yo‘q. "Madrid derbisi" Simone shogirdlariga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmagani shu erdan ma’lum bo‘ldi. "Aybni o‘z bo‘ynimga olaman", - dedi bosh murabbiy bahsdan keyin.
"Atletiko" mazkur mag‘lubiyatdan keyin turnir jadvalida 23-o‘ringa tushib ketdi.
"Real"
Yana bir kutilmagan o‘yinlardan biri "Real" bilan bo‘lib o‘tdi, ya’ni Frantsiyada jamoa "qoqildi".
Birinchi taym so‘nggida to‘p jarima maydonchasi ichida Kamavinganing qo‘liga tegdi va hakam VAR orqali tekshiruvdan keyin penalti belgiladi. Devid Kurtuani boshqa tomonga yo‘naltirdi va bellashuvdagi yagona golni urdi. Ikkinchi bo‘limda "qaymoqranglilar" qanchalik faollikni oshirmasin, baribir gol bo‘lgani yo‘q. "Lill"ning 22 yoshli darvozaboni Shevale o‘yin qahramoniga aylanib ketdi. U 5 ta seyv amalga oshirgan bo‘lsa, shulardan hammasi jarima maydonchasi ichidan berilgan zarbalar edi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Mbappeda esa bitta ham imkoniyat bo‘lgani yo‘q.
Shu bilan Madrid klubining 14 ta o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriyasi o‘z yakuniga etdi. So‘nggi marta klubni "Manchester Siti"ga 2023 yil 18 may kuni 4:0 hisobida taslim bo‘lgan.
"Barselona"
Ushbu turda Ispaniyadan faqatgina "Barselona" 3 ochkoni qo‘lga kirita oldi. Flik shogirdlari "Yang Boyz"ga javobsiz 5 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. 8-daqiqadanoq Rafinyaning pasini Levandovski golga aylantirdi, birinchi taym so‘nggida Rafinyaning o‘zi darvozani ishg‘ol qilgan bo‘lsa, Inigo hisobni yiriklashtirdi. 51-daqiqadan Levandovski dublni rasmiylashtirdi. So‘nggi daqiqalarda bo‘lsa Kamara avtogol urdi. Shu tariqa, kataloniyaliklar yangi Chempionlar ligasidagi ilk g‘alabasiga ega chiqishdi va turnir jadvalida 16-o‘ringa chiqib olishdi.
"Barselona"ni 3-turda "Bavariya"ga qarshi bahs kutib turibdi.
Fikrlar