Dilshod Rahmatov: "Qozog‘istonlik do‘stlarimizni bizga havasi keldi"

  • 17 dekabr, 2021, 08:25
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

SPORTS.uz eksklyuziv intervyularni taqdim etishda davom etadi. Bu safar futzal terma jamoamiz sardori - Dilshod Rahmatovni savolga tutdik. Suhbat davomida Qozog‘iston terma jamoasiga qarshi ikki o‘yin xulosasi, raqibning imkoniyatlari, qo‘shnilarimiz muxlislari va boshqa mavzulardagi savollarga javob olishga muvaffaq bo‘ldik.

O‘rtoqlik o‘yini bo‘lishiga qaramay, kuchli printsipiallik bor edi. Aytingchi, Qozog‘iston terma jamoasining darajasi Erondan baland ekanmi yoki biroz pastroqmi?

Tecno

- Ularni solishtirmagan bo‘lardim. Eronning ham, Qozog‘istonning ham o‘ziga yarasha kuchli tomonlari mavjud. Shunisi aniq-ki, ikkisi ham dunyo futzalida o‘z o‘rniga ega jamoalar. Qo‘shnilarimiz ortda qolgan mundialni juda yaxshi kayfiyatda o‘tkazganini ko‘rdik.

Parket bilan muammo bo‘lgandek tuyuldi. Bu jamoamizning o‘yiniga ta’sir ko‘rsatdimi?

- Birinchi o‘yinda bu omil darrov ko‘zga tashlanmagan bo‘lishi mumkin, ammo bizga muammo tug‘dirgani rost. Ochig‘i, birinchi bahsda nafaqat Qozog‘iston, balki parketga qarshi ham kurash olib borishga majbur bo‘ldik. Ular esa, o‘zini ancha yaxshi his etishdi. Shu sababli ko‘plab o‘ylagan rejalarimiz barbod bo‘ldi. Ikkinchi o‘yinda parketda o‘zimizni ancha yaxshi his qildik. Bu esa, natijaga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi.

Dilshod

Uchrashuv do‘stona tashkil etilganiga qaramay, maydonda chinakam jang ketgandek tuyuldi?!

- Aslida, oddiy o‘yin, lekin qo‘shinlar o‘rtasidagi bahsda bu unutiladi. Boz ustiga, futzalimiz tarixida ularni hali mag‘lubiyatga uchratmagan ekanmiz. Shu bois, birinchi bo‘lib shu ishni qilish maqsadida bor kuchimiz bilan to‘p tepdik. Biz Xoh kuchli, xoh kuchsiz jamoa bo‘lsin har qanday raqibni hurmat qilishga odatlanganmiz. Oddiy o‘yin bolishiga qaramay, boshqa faktorlar evaziga natija muhim ko‘rinish oldi.

Qozog‘iston terma jamoasi legionerlari va mahalliy futbolchilari o‘rtasida farq qay darajada katta?

- Mahalliy va legionerlar o‘rtasidagi farq juda ham katta. Gap shundaki, ularning o‘yin uslubi aynan shu xorijlik futzalchilarga qarab tuzilgan. Barchasini, parketda ular hal etishlari rejaga kiritilgan. Oddiy misol sifatida ularning darvozaboni - Igitani ko‘rsatishim mumkin. "Yaxshi darvozabon - yarim jamoa" atamasi bejiz aytilmagan. U to‘p bilan yaxshi muomalada bo‘lgani bois, ko‘pincha maydonda 5 o‘yinchiga aylanadi. Bu esa, himoyalanayotgan jamoani ancha murakkab ahvolga solib qo‘yadi. Balki, qo‘shnilarimiz mahalliy futzalchilarni legionerlar bilan birgalikda o‘sishini inobatga olgandir. Tan olish lozim o‘rtadagi farq sezilarli darajada katta.

Qaysi fakt evaziga Dunyoning eng kuchli 4 jamoasidan birini mag‘lubiyatga uchratdik?

- O‘ylashimcha, barchasi yaratganing irodasi. Undan keyingi omil haqida so‘rasangiz, yigitlarimizning kuchli xarakter egasi ekanligini aytishim mumkin. Biz doimo oxirigacha kurash olib borisha o‘rganganmiz. Shu kichik detal juda ko‘p og‘ir bahslarda kerakli natijani qayd etishimizga ko‘mak beradi.
Ikkinchi o‘yinda 6:4 natijasi bejizga tabloda yongani yo‘q. Raqib tezkor gollar kiritgach, biroz o‘yin tempini tushirib yubordi. Biz esa, raqib maydonida bo‘lishimizga qaramay, oxirgacha "jang" qildik. Ilk bahsda 1:3 natijasi bilan mag‘lub bo‘lganimizga qaramay, yomon o‘yin ko‘rsatmadik. Shunchaki, o‘z vaziyatlarimizdan foydalana olmadik.

vshqfovfq

Qozog‘iston Evropa qit’asi vakili sanaladi. Avvalroq Portugaliya ustidan g‘alaba qozongan edik. Qaysi uchrashuvdagi g‘alabani qadri baland?

- Portugaliyani engish qiyinroq bo‘lgan. Sababi, ularni barchasi futzalchilari Evropaning top klublarida harakat qiladi. Boz ustiga, jamoaviy o‘yin borasida ham ular dunyoning birinchi raqamli jamoasi sanaladi. Ular bejizga Jahon chempionligini qo‘lga kiritgani yo‘q. Himoyadagi tartibli o‘yin va tezkor qarshi hujumlar evaziga hozirda Portugaliya jahon futzalining eng kuchli jamoasiga aylangan.

Mundialdan so‘ng, futzalimizga bo‘lgan e’tibor sal bo‘lsa ham oshdimi? Moliyaviy qiyinchiliklar yo‘qmi?

- Jahon chempionati yakunlangach, boshqa yig‘in tashkil etilgani yo‘q. Qozog‘iston bilan o‘yindan atigi 2 kun avval yig‘ildik va ozgina mashg‘ulot o‘tkazib safarga chiqdik. Ba’zilar bizni klublarida shug‘ullanyapti deb o‘ylashi mumkin, ammo TJ va klub bu boshqa-boshqa daraja! Ular o‘rtasida er bilan osmoncha farq bor. Umid qilamanki, yanvar oyidan boshlab Osiyo chempionati saralash o‘yinlari uchun tayyorgarlikni boshlaymiz. Ana shunda, barchasi haqida to‘liq ma’lumot berishim mumkin.

Ikkinchi o‘yindan so‘ng, qozog‘istonlik muxlislar sizlarga qarsak chalganiga guvoh bo‘ldik. Ular sizlarni qanday qabul qilishdi?

- Qozog‘istonliklar zalda turib bizga qarsak chaldi. Bu juda yoqimli his. Chiroyli o‘yin guvohi bo‘lishgani uchun minnatdorchilik bildirishdi. Qozog‘iston chempionatida o‘ynaydigan tanishlarim bilan suhbatlashdim. Birgina Igitaning yo‘qligi butun boshli jamoa o‘yiniga ta’sir qilishini ko‘rgach, ular to‘liq mahalliy yigitlardan tashkil topgan O‘zbekiston terma jamoasiga havas qilishini aytishdi. Qo‘shnilarimiz bizni yaxshi kutib olgani uchun minnatdorchilik bildiraman. O‘zimizning muxlislarga esa katta rahmat. Bizni ijtimoiy tarmoqlar orqali qo‘llab-quvvatlab turgani, g‘alaba qozonishimizga ishongani uchun tashakkur. Biz ularni juda yaxshi ko‘ramiz. Ular uchun parketda istalgan raqibga qarshi "jang" qilishga tayyormiz!

Ya . U

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!