
Davron Fayziev: "G‘alabadan keyin hamma xato unutiladi"
“Qo‘qon-1912” – “So‘g‘diyona” (2:1) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin qo‘qonliklar bosh murabbiyi Davron Fayziev matbuot anjumanida qatnashdi.
- Uzoq kutilgan g‘alabani qo‘qonlik muxlislarga va Farg‘oanada o‘tkazilgan futbolimizning 110 yillik yubileyiga bag‘ishlayman. O‘yin to‘g‘risida aytadigan bo‘lsam, uchrashuvdan avval bizda bir qator katta yo‘qotishlar bor edi. Lekin yigitlar bugun ajoyib o‘yin ko‘rsatishdi. Hisob 1:1 bo‘lib turganida ikkala jamoada vaziyatlar bo‘ldi. Kim gol ursa yutib ketishi mumkin edi. “So‘g‘diyona”da ham imkoniyat yuzaga keldi. Ammo omad bizga kulib boqdi. So‘nggi soniyalarda gol urib g‘alabaga erishdik. Bizga ishongan barchaga va rahbarlarimizga ham bag‘ishlaymiz. Bizga oxirigacha ishonib, qo‘llab-quvvatlagan ishqibozlarimizga ham ataymiz. Kelgusida “So‘g‘diyona” jamoasiga omad tilayman. Ikkala jamoa bir xil vaziyatda edi. “So‘g‘diyona”da ham bizdagi holat – mag‘lubiyatlardan keyingi ruhiy tushkunlik kuzatilayotgandi. Tarkib tomonlama bizga nisbatan “So‘g‘diyona”da kamroq edi. Jamoamizda Ivan Yosovich, Aleksandr Merzlyakov, Javohir Sidiqov, Sardor Azimov...Sanasak ko‘p. Zaxiramizdan jarohat olganlarni chiqarishga majbur bo‘ldik. Uchrashuv davomida xatolar kuzatildi. G‘alabadan keyin hamma xato unutiladi. Uchrashuv qiziqarli o‘tdi va muxlislarimizga yoqdi, deb o‘ylayman.
- Hujumchi Shoxnazar Norbekov o‘rniga himoyachining maydonga tushirilishi tushunarsiz bo‘ldi...
- Hisobdan kelib chiqqan holda o‘zgarishni amalga oshirdik. 38-39 temperatura bo‘lishiga qaramay, Norbekov va Hasanov maydonga chiqib, shunchalik g‘alabaga hissa qo‘shishganidan rahmat aytaman. Yo‘qotishlarimiz mavsum oxirida katta ta’sir ko‘rsatib turgandi. Endi ishonch paydo bo‘lyapti. Almashtirgan bo‘lsak, g‘alaba qozondik va buni to‘g‘ri desak bo‘ladi. “So‘g‘diyona” yomon o‘yin ko‘rsatmadi. Bizni taktik tomonlama qarshi hujumlarda “ushlashga” harakat qildi. Golli vaziyatlar ikkala jamoada teng yaratildi, deb ayta olaman. Norxonovni zarbasi gol bo‘lganida biz mag‘lub bo‘lardik. Durangga yaqin bo‘lib turgan vaziyatda g‘alabani ilib ketdik. Juda xursandman. O‘zgarishlar o‘zini oqladi, deb hisoblayman.
- “Qo‘qon-1912” jamoasi 12-o‘rinni egallab pley-offda o‘ynaydigan bo‘lsa, yaqin Yaypanda o‘ynash qulaymi yoki Buxorodami?
- Hozir bu to‘g‘risida o‘ylashga va fikr bildirishga ojizman. Oldimizga qo‘yilgan maqsadga intilamiz, qolgani Allohdan. Uzoq kutdik, mehnat qildik. Qaysi jamoa to‘g‘ri kelishidan qat’iy nazar baribir o‘ynaymiz. Hozir raqib tanlaydigan holatda emasmiz, desam to‘g‘riroq bo‘ladi.
- Yosovich va Sidiqovning holati borasida ma’lumot bersangiz.
- Yosovich menimcha mavsum oxirigacha yordam bera olmaydi. Sidiqovni “Paxtakor” bilan uchrashuvda tavakkalchilikka yo‘l qo‘yib tushirdim va buni o‘z bo‘ynimga olaman. Birinchi bo‘limdan so‘ng Javohirni almashtirishim kerak edi. U jarohatini yana yangilab oldi. O‘zi jarohati bo‘lsa ham jamoam uchun yordam beraman deganida ham meni uni jarohatini bila turib maydonga tushirganim mening xatoim bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Agar “Paxtakor” bilan o‘yinda uni majburan bo‘lsa ham almashtirganimda balki jarohatini yangilab olmagan bo‘lardi. Umid qilamanki, keyingi uchrashuvlarda bizga yordam beradi. Hozirgi holatda ancha yaxshi tomonga o‘zgargan. Javohir o‘yin tashkil qilishda ham faol. Bunday futbolchini har bir murabbiy o‘z tarkibini ko‘rishni xohlasa kerak. Dilshod Rahmatullaev temperaturada yotibdi. Hatto o‘yinga ham kela olgani yo‘q. Bunday olib qaraganda, bizda 13-14 nafar futbolchi qolgandi. Sardor Etovqo‘ziev bugun debyut o‘yinini o‘tkazdi. Mayli, yomon emas. Xatolar bo‘ladi. Ammo qachondir ishonch bildirishimiz kerak edi. O‘yinni kuchaytiradigan Toshmirzaev bor edi, uni zaxiradan ushladik. Majburiy o‘zgarish qilishga majbur bo‘ldik. Jamshid Hasanov yuqori temperaturadan keyin, bizga bo‘ldi, o‘ynay olmayman deganidan so‘ng almashtirdik. Xatolar bo‘ldi, biroq xatolar vaqtida bartaraf etildi. Shundan xursandman. Mendan eng yaxshi futbolchi kim deb so‘rasanglar, darvozabonimizni aytgan bo‘lardim. Yutgandan keyin hammani zo‘r deb aytishim mumkin, bitta tanlash imkoni bo‘lsa, 3 kishini tanlayman. Darvzabon, Xolmuhammedov yoki Rustamovni tanlashim mumkin. Gol urgan o‘yinchimiz qahramon, unga bundan-da, yuqori darajani berish mumkin.
Fikrlar