
Darbadarlikdan sevimli bo‘lishga qadar. Radja tarixi
A seriyaning eng kutilmagan holatlaridan biri – bu “Kalyari”ning qoyilmaqom yurishi bo‘ldi. Musobaqa boshidagi ikkita mag‘ubiyatdan so‘ng, mag‘lubiyat nimaligini bilmasdan kelyapti.
Oxirgi 5 turdan 4 tasida g‘alaba qozondi va 3-o‘rinni “Latsio” bilan birga egallab turibdi. Undan pastroqda “Atalanta”, “Roma” va “Napoli”. Bu kutilmagan holat. Chunki o‘tgan mavsum sardiniyaliklar 14-o‘rinni zo‘rg‘a egallagandi.
Yozda “Kalyari” eng yorqin yulduzidan ayrildi. Nikolo Barrella “Inter” futbolchisiga aylandi. Ketganlar o‘rniga yangi futbolchilar sotib olindi.Markazga ikkita urugvaylik – Naitan Nandes (“Boka Xuniors”) va Krstian Olivu (“Nasonal”) olib kelindi. Ijaraga yana 4 ta futbolchi olindi. Djovanni Simeone “Fiorentina”dan, Marko Rog “Napoli”dan, Luka Pellegrini ikkinchi marta o‘yin amaliyoti uchun Sardiniyaga qaytdi, darvozabon Robin Ulsen esa “Roma”dan tashrif buyurdi. Eng shov-shuvli transfer esa albatta, Radja Naingolanning “Inter”dan olib kelinishi bo‘ldi.
Radja og‘ir xarakterli inson bo‘lib, har qanday rejimga tushib ketavermaydi. Shuning uchun ham “Neradurri”larni tark etishga majbur bo‘ldi. Antonio Konte bahordayoq Belgiya futbolchisini tarkibda ko‘rmayotganini aytib o‘tgan edi. Radjaning Sardiniyaga qaytishiga yana bir sabab bor, uning turmush o‘rtog‘I Klaudiyada onkologik kasallik aniqlangan. U ximiyaterapiyaga muhtoj edi. U Sardiniyada tug‘ilgan, shuning uchun davolanishni Milan yo Rimda emas, o‘z ona yurtida davom ettirishni istadi. Radja ham bu borada aytib o‘tdi: “Men “Kalyari” va Klaudiga yordam bermoqchiman. Agarda maydonda borimni berib o‘ynaydigan bo‘lsam, barcha og‘riqlar unutilishiga ishonaman”. Bu qanaqa kasallik ekanligini Radja juda yaxshi biladi. To‘qqiz yil oldin onasi ham xuddi shu kasallik tufayli vafot etgandi. Hozirda Radja va Klaudiya ikkita qizaloqni tarbiyalayapti va futbolchi kasallik ortga chekinishi uchun qo‘lidan kelgan hamma narsaga tayyor.
Shuning uchun u maydonda kurashyapti. “Fiorentina”ga qarshi o‘yinda futbolchi 3 ta golli pas berdi va o‘z hisobiga gol ham yozdirib qo‘ydi. Belgiya ustozi Roberto Martines bilan tortishib qolib, terma jamoaga chaqirilmayotgani ham yaxshi bo‘lgan ekan, bo‘lmasa hoir turmush o‘rtog‘ini tashlab, terma jamoaning navbatdagi o‘yini uchun Sankt-Peterburgga kelishiga to‘g‘ri kelardi.
“Kalyari”ning muvaffaqiyatini bitta futbolchiga bog‘lab qo‘yish yaramaydi. Barcha birdek harakat qilyapti. Robin Ulsen, Rimdagidek xatolarga yo‘l qo‘ymayapti, Jovanni Simeone ham va albatta, Joao Pedro ham. Braziliyalik yarim himoyachi bu mavsumda 7 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. O‘tgan mavsumda esa butun boshli 38 ta turda 5 ta gol bilan kifoyalangan edi. Bunday yaxshi natijaga erishishida murabbiy Rolando Maranning hissasi bor. U Marioni hujumda Simeonega sherik qilib qo‘ydi. Hujumkor yarim himoyachi rolida esa Radja Naingolan o‘ynayapti. Aslida bu joy Joaoga tegishli bo‘lishi kerak edi, ammo Maran ikkala yaxshi futbolchidan bir vaqtda foydalanish maqsadida birini hujumga o‘tkazishga qaror qildi va bu natija berdi.
Mavsum startidagi “Breshiya” va “Inter”dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng Maran murabbiylik postini bo‘shatishiga sal qoldi. Ammo rahbariyat 53 yoshli murabbiyni shunchaki qo‘yib yuborishni istashmadi. Unga imkoniyat berishdi. Bu imkoniyatdan esa Maran ishonchli tarzda foydalandi va ketma-ket 3 ta g‘alaba (“Parma”, “Jenoa” va “Napoli”)ga erishdi. Hozirda chempionatda jamoa 4-o‘rinni egallab turibdi va 3-o‘rindagi “Latsio” bilan bir xil ochko to‘plagan.
Robin Ulsen “Roma”dagidan ko‘ra, ishonchli harakat qilyapti. Maydondagi to‘rtta himoyachi – Fabrisio Kachchatore, Fabio Pisakane, Ragnar Klavan va Luka Pellegrinilar o‘z ishini a’lo darajada bajaryapti. Ba’zida hujumga ham qo‘shilib turishadi. Markazdagi uchta yarim himoyachi – Marko Rog, Luka Chigarini va Naytan Nandes o‘yinlarda katta hajmdagi ishlarni bajarishmoqda. Radja esa erkin futbolchi maqomida. U maydonda o‘zi istagandek harakat qiladi. Hujumda esa Jovanni Simeone va Joao Pedro ajoyib tandem hosil qilishgan.
Hozirgi “Kalyari”ning yorqin yulduzi, albatta, Radja hisoblanadi. U jamoadoshlariga ruhiyat bag‘ishlab turadi. U maydonda jon kuydirib harakat qilganda, sheriklari ham u istagandek harakat qilishga intilishmoqda. Natijalar esa buni isbotlab turibdi.
Fikrlar