Cheran hamon eng zo‘ri. Uni kimlar ta’qib qilayotganini ko‘rdingizmi?

  • 30 may, 2023, 08:54
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligada birinchi davra o‘z poyoniga etib qoldi. 12-tur ortda qoldi. Oldinda 13-tur o‘yinlari  bor va bu iyun oyining oxirlariga yaqin o‘tkaziladi. Darvoqe, chempionatda 8-tur bahslari ham to‘liq qoldirilgan bo‘lib, bu ham iyun oyi oxiri, iyul oyi boshlariga mo‘ljallangan.

Tecno

To‘purarlar poygasini ham kuzatyapsizmi? “Paxtakor” hujumchisi Dragan Cheran 9 ta gol bilan yakka to‘purar bo‘lib turibdi. Shundoq ham serbiyalik Cheran oxirgi 4 mavsumdan beri O‘zbekiston chempionatida hammadan ko‘p gol urib to‘purarlik maqomini o‘zida saqlab kelyapti. Bu yil 36 yoshni qarshilaydigan Dragan bu yil ham gol urish salohiyatini yo‘qotmagan va hamon to‘purarlar poygasida birinchi o‘rinda. 11 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 9 marta ishg‘ol qildi. Bu esa rostdan uning hamon yuqori saviyada ekanini ko‘rsatib turibdi.

Darvoqe, “Paxtakor”ning “Surxon”ga qarshi o‘tgan og‘ir o‘yinida Cheran yana eng yaxshi futbolchi nomiga sazovor bo‘ldi. Uchrashuv taqdirini uning o‘zi hal qilib qo‘ya qoldi. 75-daqiqada uning individual mahorati evaziga raqib darvozasi ishg‘ol etildi va bu gol yagonaligicha qolgan holda “Paxtakor”ga qimmatli uch ochko olishiga sabab bo‘ldi.

to‘purarlar

To‘purarlar ro‘yxatida Cherandan keyin kimlar borligiga ham e’tibor qaratdingizmi? Rubin Xebay (“Andijon”), Zenan Zaymovich (“So‘g‘diyona”) va Silvanus Nimeli (“Surxon”). Xebaydan 7, Zaymovichda 6 va Nimelida 5 ta gol bor. Klublar bu yil legionerlar taklif qilishda ancha omadi kelgani ko‘rinyapti. Yuqorida nomlari tilga olingan uchala futbolchiga mutaxassislar ham, muxlislar ham yuqori baho berishyapti va ular haqida yaxshi ta’riflarni eshityapmiz. Hozircha o‘yinlari va gollari bilan o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlashyapti. Masalan, alban yigiti – Xebay hozirgi kunda “Andijon”ning eng zo‘ri bo‘lib turibdi. Qisqa fursat ichida barchaning nigohini o‘ziga qaratdi. Ketma-ket 5 ta o‘yinda 7 ta gol urdi va yana 2 ta assist ham bor. Rubinda shunday xususiyat bor ekanki, qiyin vaziyatdan o‘zi uchun golli vaziyat yarata oladi. To‘pni o‘zida yaxshi “soxranit” qiladi va maydonni yaxshi ko‘ra oladi, zarbasi kuchli va aniq. Hujum paytida qulay vaziyatga chiqishni biladi. U juda kerakli hujumchi. “Andijon”ning bu yil “topilma” legionerlaridan biriga aylanyapti.

xebay3_1

Zaymovich “So‘g‘diyona”da bosh murabbiy o‘zgaridan keyin birin-ketin gollar urishni boshladi. Ivan Boshkovich uning ochilmayotgan qirralarini ocha oldi. Natijada Zaymovich o‘zidagi iqtidorni namoyish qilishga kirishib ketdi. Shuningdek, “Surxon”dagi liberiyalik Nimeli ham o‘zidan yaxshi taassurot qoldiryapti. Qiyin vaziyatlarda gol urishni biladigan hujumchi. Kuchli taraflari ko‘p ekan. Ular hali chempionat davomida yana o‘z so‘zini ayta oladilar. Chempionatimizga aynan shunday hujumchilar kerak edi. Endi boshqa jamoalarimizda Cheran kabi golni yaxshi his qiladigan legionerlar paydo bo‘layotgani yaxshi holat.

nimeli

Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Qani o‘zimizni hujumchilar? To‘purarlar orasida mahalliy hujumchilarimizdan kimni ko‘ryapsiz? Nimeli bilan birga “Navbahor”dagi Oston O‘runov hisobiga 5 ta gol bor. Ammo Oston hujumchimi? Yo‘q, albatta. U yarim himoyachi, erkin ijodkor. O‘runov kezi kelganda hujumchilarning vazifasini ham bajarib ketyapti. To‘purarlar orasida birorta hujumchimizning yo‘qligi havotirli holat, shunday emasmi? Dragan Cheran 4 yildan beri eng yaxshi to‘purarlikni hech kimga bermay kelayotgani ham bizda to‘purar hujumchilar bilan bog‘liq muammo bo‘y ko‘rsatayotganidan darak. So‘nggi bor 2017 yilda o‘zimizning hujumchi to‘purar bo‘lgandi. O‘shanda Marat Bikmaev “Lokomotiv” safida 27 ta gol urgan. Shundan beri xorijlik legionerlar eng ko‘p gol urib kelishmoqda. Bu yil ham to‘purarlar ro‘yxatini yuqorida aytib o‘tganimizdek, asosan chet ellik hujumchilar boshqarib kelishyapti.  Joriy mavsumda ham katta ehtimol to‘purar legioner hujumchilardan biriga nasib qiladi. Lekin bu yo‘ldagi kurash ancha qiziqarli va jiddiy tus oladiganga o‘xshayapti. Boisi, boshqa klublarning yaxshi saviyadagi hujumchilarni olib kelgani evaziga intriga yanada qiziyapti. O‘zimizdan to‘purar hujumchilarning chiqmayotgani esa bu alohida mavzu.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!