
"Chempionatni kuchli uchlikda tugatamiz" yoxud "Qizilqum"ning 37 yoshli futbolchisini to‘xtatishning iloji bo‘lmayapti
Navoiyning “Qizilqum” jamoasi ko‘rsatayotgan o‘yin va natijalar ancha salmoqli. Buni turnir jadvalidagi o‘rnidan ham bilsangiz bo‘ladi. Oxirgi uchta o‘yinda qo‘lga kiritilgan etti ochkodan so‘ng, navoiyliklar 4-pog‘onaga ko‘tarildilar. Klubning natijalariga qarasak, 11 ta uchrashuvda 4 ta g‘alaba, 5 ta durang va 2 ta mag‘lubiyat qayd etgan.
Jamoa oxirgi marta 19 may kuni 9-tur doirasida o‘z maydonida “Paxtakor”ga 0:1 hisobida yutqazgan. Undan avval esa 5-turda Navoiyda “Nasaf” bilan kechgan bahsda ham mehmonlar g‘olib chiqishgan – 1:2. Qolgan uchrashuvlarda “Qizilqum” yo yutyapti yoki durang o‘ynayapti.
Kecha 11-tur doirasida o‘z maydonida “Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvni ham navoiyliklar ancha hujumkor va chiroyli tarzda o‘tkazdi. Natija ham shunga mos bo‘ldi – 2:1.
Bilsangiz kerak, navoiyliklar tarkibida nomdor va tajribali o‘yinchilar bisyor. Ularning mahorati shubhasiz “Qizilqum”ga juda asqotyapti. Bu borada Erkin Boydullaev ajralib turibdi. U 37 yoshda bo‘lsa-da, hamon o‘ziga yuklatilgan vazifani bajarib kelyapti. Shunday ekan, “Bundyokor” ustidan qozonilgan g‘alabada ham Erkinning qo‘shgan hissasi katta bo‘ldi. Futbolchi bu borada to‘xtalar ekan, shunday dedi:
- “Bunyodkor”ni nimaning evaziga mag‘lub etdik? Avvalo jamoaviy ahillik va g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq tufayli degan bo‘lardim. Bu o‘yinda hamma bor kuchini berib o‘ynadi. Shuning uchun ham biz ushbu uchrashuvda g‘alaba qozondik. Jamoamizdagi har bir futbolchi bir-biri uchun ham mehnat qildi. Ko‘rgan bo‘lsangiz, o‘yin davomida yaratgan imkoniyatlarimiz ham ko‘p bo‘ldi.
“Qizilqum” – “Bunyodkor” ishtirokidagi o‘yini ko‘rgan ishqiboz borki, aslo zerikib qolgani yo‘q. Biz bejizga Boydullaevga to‘xtalganimiz yo‘q. U “Bunyodkor”ga qarshi o‘yinning 20-daqiqada gol urib hisobni ochdi. Ammo u qanday gol urganini ko‘rdingizmi? Naqd burchakdan uzatgan zarbasi to‘g‘ri darvozaning yuqori burchagiga borib tushdi. Hamma futbolchi ham burchak zarbasidan keyin gol uravermaydi. Bunga ham mahorat kerak. Erkin Boydullaevning zarbasi esa zargarona ko‘rinish oldi va hech kimga tegmasdan darvoza to‘ridan joy oldi. Shubhasiz, juda chiroyli gol! Futbolchi buni qanday qilib uddaladi?
- Burchakdan urgan golimga kelsak, bu murabbiylarning ko‘rsatmasi edi. Aytishim mumkinki, bu bizning o‘yin chizgimiz edi. E’tibor bersangiz, o‘yinchilarimizning 4-5 nafari bo‘ydor. Murabbiylarimizning o‘yin oldi ko‘rsatmasi bo‘yicha standart vaziyat bajarilayotganida ular darvoza chizig‘ida turishlari kerak. Mening vazifam esa darvozaning o‘zi tomon to‘pni uzatish edi. Bunday vaziyatda to‘p har qanday futbolchiga tegib darvozaga kirib ketishi yoki avtogol ham bo‘lishi mumkin. Chunki standart bajarilayotgan mahalda bizning o‘yinchilarimiz raqib himoyachilari va darvozaboniga halaqit qiladi. Qisqa qilib aytsam, o‘sha vaziyatda bizning oldindan o‘ylab qo‘ygan rejamiz o‘xshadi, - dedi Boydullaev.
Bu gol barchaga yoqdi, balki zarbaning egasiga ham yoqqandir-a? Tayanch yarim himoyachisining bunday holatda gol urishini ko‘pchilik kutmagandi. Shu o‘rinda futbolchidan kiritgan gollaringiz orasida bunisi eng chiroylisi deb so‘raganimizda Erkin qisqa qilib shunday dedi:
- Aytishim mumkinki, faoliyatim davomida men uchun bundan ham chiroyli gollarim bor.
Yana bir jihatga e’tiboringizni qaratmoqchimiz: Boydullaev boya aytganimizdek, tayanch yarim himoyachisi sanaladi. Uning asosiy ishi aslida gol urish emas, balki maydonda o‘ziga yuklatilgan vazifasi bor. Lekin 37 yoshli tanyach yarim himoyachisi uchta uchrashuvdan beri gol urib kelayotganiga nima deysiz?! U “Surxon”, AGMK va “Bunyodkor” darvozalariga gollar urdi. Ushbu bahslarda kiritgan gollari “Qizilqum”ga muhim ochkolarni taqdim etishda juda asqotdi. Bunaqasi uning faoliyatida birinchi marta yuz bermoqda. Ya’ni, hali ketma-ket uchta uchrashuvda gol urmagandi. Boydullaev ushbu holatga o‘z munosabatini bildirdi.
- Men uchun birinchi navbatda jamoamning g‘alabasi turadi. Bunday mahalda kim gol urishining farqi yo‘q. Maydonga tushganda o‘z ishimni qilaman. Umuman olganda, maydonga tushgan har bir o‘yinchining o‘ziga yuklatilgan vazifalari bo‘ladi. Gol esa turli vaziyatlardan kelib chiqadi. Men kiritgan uchta golimdan ikkitasini standartdan va bittasini o‘yindagi vaziyatdan urdim.
Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, “Qizilqum” oxirgi turlardagi muvaffaqiyatli o‘yin va natijalardan keyin 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Bunday ko‘tarilish tabiiyki jamoa a’zolarining kayfiyatiga kayfiyat qo‘shishi shubhasiz.
- Bizning vazifamiz mavsumni maksimal darajada yuqori o‘rinlarda tugatish. Shuningdek, jamoamizga muxlislik qilayotganlarning kayfiyatini ko‘tarishni istaymiz. Buning uchun jamoamiz juda ahil, to‘p bilan ham yaxshi muomalada bo‘lyapmiz, o‘yinlar chog‘ida etarlicha imkoniyatlarni yaratyapmiz. Mana shunday tempda o‘ynashda davom etsak, o‘ylaymanki, chempionatni kuchli uchlikda tugatamiz, - dedi Erkin Boydullaev.
Fikrlar