
“Charm to‘p-2019”. Kosonning “Navbahor” jamoasi respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi
Joriy yilning 15-16 avgust kunlari Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida joylashgan Nasaf futbol maktabining futbol maydonlarida hamda “Geolog” sport sog‘lomlashtirish majmuasining futbol maydonida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan mahalla yoshlari o‘rtasida “Charm to‘p” an’anaviy musobaqaning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xabar berdi.
Mazkur “Charm to‘p” an’anaviy futbol musobaqasida viloyatning tuman (shahar) bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 15 ta jamoalardan 240 nafarga yaqin 18-30 yoshli mahalla yoshlari ishtirok etishdi.
Musobaqaning birinchi kungi natijalariga ko‘ra G‘uzor tumanidan tashrif buyurgan “Avg‘onbog‘” MFY yoshlari faxrli 3-o‘rinni egallagan bo‘lsalar, musobaqaning hal qiluvchi final yo‘llanmasiga Kasbi tumanidan tashrif buyurgan “Oqqamish” MFY yoshlari hamda Koson tumanidan tashrif buyurgan “Navbahor” MFY yoshlar jamoalari ega chiqishdi.
Musobaqaning final bosqichi Qarshi shahrida joylashgan “Geolog” sport sog‘lomlashtirish majmuasining futbol maydonida bayramona tarzda o‘tkazildi.
Final bahsida Kasbi tumanidan tashrif buyurgan “Oqqamish” MFY jamoasi hamda Koson tumanining “Navbahor” MFY jamoasi maydonda to‘p surishdi. Murosasiz kechgan o‘yinda “Navbahor” MFY jamoasi 3-2 hisobi bilan raqibidan ustun keldi va respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Yakunda g‘olib sovrindor bo‘lgan jamoalar diplom, medal, kubok va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadilar, shuningdek, musobaqa davomida faol ishtirok etgan jamoa a’zolari turli nominatsiyalar bo‘yicha e’tirof etildi.
Fikrlar