"Buxoro"dan nega xafa ekani, oldiga qo‘ygan maqsadlari, hozirgi klubining aniq rejasi yo‘qligi va gollarini Ronaldu uslubida nishonlashi haqida "Xorazm" to‘purari bilan intervyu

  • 26 may, 2022, 17:44
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro-ligada 9 tur ortda qoldi. 10-turga qadar muxlislar bir-biridan qiziq va tomoshabop o‘yinlar guvohi bo‘ldi. Tan olish lozim, Superligaga chiqish uchun kechayotgan kurash barcha muxlis va mutaxassislarni o‘ziga qiziqtira olmoqda.

Tecno

Ayni payt, Pro-ligada kuchli beshlik deyarli ajralib chiqdi. "Turon", "Andijon", "Mash’al", "Buxoro" va nomdor raqiblariga munosib qarshilik ko‘rsatayotgan "Xorazm" klubi yuqori divizionga chiqish uchun raqobat olib bormoqda. Hozirda xorazmliklar safida 5 ta gol urib,  to‘purarlik qilayotgan Shahzod Beshimov SPORTS.uz saytiga intervyu berdi. 

- Bilamizki, futbolchilik karerangiz "Buxoro" jamoasida boshlangan. U erdagi faoliyatingizdan so‘ng "Xorazm"ga ko‘chib o‘tdingiz. Nima deb o‘ylaysiz,  qaroringiz oldinga tashlangan qadam bo‘lganmidi?

- Ha, faoliyatimni 2018 yil "Buxoro"da boshlaganman. 2020 yil klubimiz Pro-ligaga tushib ketgach, jamoaga Davron Fayziev keldi. U menga ishonmadimi yoki boshqa sababmi, murabbiy o‘zining o‘yinchilarini olib keldi. Men kabi 3-4 futbolchi bilan shartnoma bekor qilindi. Shu sababli, men ham "Xorazm"ga o‘tib ketganman.  

Xudoga shukr, bu erda meni yaxshi kutib olishdi. Muxlislar ham o‘yinlarimdan zavq olayotganini aytdi. Ularga minnatdorchilik bildiraman!

Albatta, qarorimni oldinga tashlangan qadam, deb bilaman... Hamma joyda mahalliy futbolchilar to‘p tepadi. Afsuski, "Buxoro"da unday emas.

beshimov

- Pro-liga 10-turidan so‘ng to‘purarlar jadvalida kuchli beshlikda ketmoqdasiz. Sizningcha, ro‘yxat yakuni qanday ko‘rinish oladi?

- Xudo xohlasa, men oldimga maqsad qo‘yganman. Yakunda Pro-liga to‘purari bo‘laman. Inshaaloh, shunga harakat qilaman. 

- Oxirgi o‘yinda "Aral Samali"ga uchralgan mag‘lubiyat haqida nima deya olasiz?

- "Aral Samali"ga yutqazganimiz... Ha, juda yomon bo‘ldi. Biz o‘yinni yutib bo‘lgandik. Ya’ni, shunga ishonib maydonga chiqqandik. Raqibni mensimaslik bizni jazoladi. Bu derbi edi. "Aral" bilan o‘yin doim shiddatli o‘tgan. Biz shuni yodimizdan chiqarib qo‘ydik. 

shaxzod

- Shubhasiz, hozir "Xorazm" bilan Superligaga chiqish asosiy maqsadlaringizdan biri. Turnirdagi raqobat, umuman, raqiblar haqida qanday fikrdasiz?

- Bizga hozircha maxsus topshiriq berilmagan. "Xorazm" halq uchun, muxlislar uchun o‘ynaydi. Ikkinchi davrada beshlikda qolishga harakat qilamiz. Inshaalloh, buni uddalaymiz.   

Raqobat juda ham kuchli. O‘z oldiga maqsad qo‘ygan jamoalar bilan raqobatlashish biz uchun yaxshi. Bu vaziyat futbolchilar uchun foydali. Aynan shu kabi holatlarda biz o‘sishimiz va yaxshiroq klublardan taklif olishimiz mumkin.   

- Ayni paytda Superliga klubidan taklif tushadigan bo‘lsa, jamoadan ketgan bo‘larmidingiz yoki "Xorazm"da qolib, yuqori divizion uchun oxirigacha kurashasizmi?

- Superliga jamoalaridan taklif bo‘lsa, ketgan bo‘lardim. "Xorazm" men uchun "tramplin" vazifasini bajaradi. Bu erda o‘zimni ko‘rsatib, tezroq kuchli klublarga o‘tishni niyat qilganman. Inshaalloh, niyatimga erishaman. Agar "Xorazm" jamoasida maqsad yuqori divizionga chiqish bo‘lganda, oxirigacha kurashardim.  

99shahzod

- Jahon futboli haqida gaplashsak. Messi yoki Ronaldu? Qay birini tanlaysiz va nimaga ekanligini ham izohlab bersangiz?

- Yoshligimdan Ronalduning muxlisi bo‘lib kelganman. Gollarimni ham aynan unga o‘xshatib nishonlayman. Krishtianuning o‘yini ko‘proq yoqadi. Messining ham o‘yinlari zo‘r. Uning iste’dodiga shubxa yo‘q. Biroq Ronaldu barchasiga o‘z mehnati bilan erishgan. Uning kun tartibi, ovqatlanish rejimi, jismoniy tayyorgarligi... Bilmadim, men Krishtianuni tanlagan bo‘lardim. 

- Demak, tushunishim bo‘yicha EChL finalida ham "Real"ga muxlislik qilasiz. Sizningcha, taxminiy hisob...

- Ha, albatta. 3:1 - "Real" foydasiga.

- Tushunarli. Savollarimizga vaqt ajratib javob berganingiz uchun katta rahmat! Kelgusi faoliyatingizga omad tilaymiz!

- Sizga ham rahmat. Salomat bo‘ling!

 

                                                                                                                                      Shohrux Zoirov suhbatlashdi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!