
"Bu jamoa o‘z uyimdek bo‘lib qolgan" yoxud chetda o‘ynagan futbolchimiz yana Superligaga qaytdi
Muborakning “Mash’al” klubi Superligaga qaytganidan keyin tarkibini kuchaytirish uchun bir nechta yangi o‘yinchilar bilan shartnomalar imzolandi. Ularning orasida jamoaning sobiq futbolchisi Jamshid Hasanov ham bor.
U ilgari turli yillar mobaynida bir necha bor “Mash’al” safida to‘p surgan. 36 yoshli hujumkor o‘yinchi o‘tgan yili Tojikiston chempionatida “Istaravshan” sharafini himoya qildi. U erda 17 ta uchrashuvda maydonga tushib gollar urdi va golli paslarni amalga oshirdi.
Bu mavsumda esa Hasanov yurtimizga qaytdi hamda yana bir bor “Mash’al” uchun o‘ynashga rozi bo‘ldi.
- "Mash’al" klubiga o‘tishingizga kim sababchi bo‘ldi va bu taklifni qanday qabul qildingiz?
- Taklif bo‘yicha o‘ylaganim yo‘q. Chunki “Mash’al” o‘z uyimdek bo‘lib qolgan. O‘zimni qadrdon jamoam. Taklifga kelsak, Dilyaver Vaniev va jamoa direktori Ilhom Qurbonov taklif qildilar.
- Bungacha "Mash’al"da bir necha bor to‘p surgansiz. Oxirgi marta adashmasam, 2016 yili o‘ynagansiz. Bu jamoa siz uchuni nimasi bilan qadrli?
- Qadrli. Bir joyda 6 yil o‘ynashni o‘zi jamoani mehrli va oqibatliligini anglatib turadi. O‘sha “Mash’al”da gullagan paytlarimda ham menga yaxshi takliflar bo‘lishiga qaramay, ushbu klubda qolishni ma’qul ko‘rganman.
- O‘tgan yili Tojikistonda "Istaravshan"da o‘ynadingiz. U erdagi faoliyatingiz qanday kechdi?
- To‘g‘risi, shaxsiy ko‘rsatkichim yomon bo‘lmadi. 4 ta gol urdim va 6 ta golli uzatmani berdim. Agar No‘’mon Hasanov “Istaravshan”ga taklif qilmaganida Tojikiston chempionatiga bormagan bo‘lardim. Bu yil ham Tojikistonni boshqa klublaridan takliflar bo‘ldi. Biroq O‘zbekistonda qolishni afzal ko‘rdim.
- Bu faoliyatingizdagi oxirgi klub bo‘lib qoladimi?
- Buni vaqt ko‘rsatadi.
- "Mash’al"da hamon siz uchun eski qadrdonlar bormi?
- Albatta, bor. Bu erdagi har bir xodimlarini ham aytishim mumkin. Oldin biz o‘ynagan paytlardagi yoshlar ulg‘ayib jamoaning asosiy o‘yinchilariga aylanib bo‘lishgan. “Mash’al” nomini o‘zi men uchun juda qadrli.
- Klub bu yil syurpriz ko‘rsatishga qodirmi?
- Albatta qodir. Biz jamoamiz bilan yuqori o‘rinlar uchun kurashamiz. Chempionat autsayderi bo‘lmaymiz, deb umid qilaman.
Fikrlar