
Biz PFL qarorlariga bo‘ysunishga majburmiz
Coca Cola Superligasining 20-turidan o‘rin olgan “Mash’al” – “Qo‘qon-1912” (1:2) o‘yinidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov ishtirok etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
- “Mash’al” jamoasini juda hurmat qilaman. Tarkibida yulduz futbolchilar bo‘lmasa ham, mehnatkash, oxirigacha kurashadi. Bugungi uchrashuv oson o‘tmadi. Biz o‘zimiz uchun juda muhim bo‘lgan uch ochkoni qo‘lga kiritdik. Mehmondagi ikkita o‘yindan olti ochko bilan qaytayotganimiz odamni xursand qiladi. Safardan yorug‘ yuz bilan qaytmoqdamiz. G‘alaba rahbariyatimiz hamda muxlislarimizni xursand qilishi aniq. Buning uchun Yaratganga shukr aytamiz. Bugungi o‘yin uchun yigitlarimizga katta rahmat.
Birinchi bo‘limda “Mash’al” kuchliroq ko‘rindi. Biz asosan, himoyaviy o‘yin ko‘rsatishga harakat qildik. Ikkinchi taymda esa, o‘yinni kuchaytirish rejamiz bor edi. Bu amalda ish berdi. To‘p nazoratini qo‘lga oldik. Natijada gol urib, hisobda oldinga chiqib oldik. Lekin “Mash’al” jamoasiga ham qoyil qolish kerak, ular yutqazib turganlarida (0:1) bizni chuqur himoyaga o‘tishga majbur qilishdi. Biz taktik o‘zgarishlar va himoyachilar sonini ko‘paytirishga majbur bo‘ldik. Oxirigacha kurashganligimiz uchun g‘alaba to‘pini kiritib, kerakli ochkolarni qo‘lga kiritdik. Lekin “Mash’al” jamoasi bugun kamida durangga loyiq o‘yin ko‘rsatdi. Ularga keyingi o‘yinlarda omad tilayman.
Men murabbiy sifatida jamoam penalti tepganidan xursand bo‘lishim tabiiy xol. Xakamlarning ishini nazorat qiladigan qo‘mita bor. Ular vaziyatlarni ko‘rib chiqishadi. Men penalti bor yoki yo‘q, deyishdan yiroqman. Menimcha, futbolchimiz o‘sha vaziyatda to‘pga birinchi bo‘lib etib borgandi.
Biz mavsum boshida birinchi maqsadimiz jamoani autsayderlar safidan olib chiqish edi. Biroq o‘zimizning o‘yinimiz va g‘alabalarimiz bilan maqsadimizni o‘zgartirdik. Imkoniyat bormi, demak nimaga sovrinli o‘rinlar uchun kurashmasligimiz kerak. Maqsadimiz uchinchi o‘rin uchun kurashish. Oldinda AGMK va “Nasaf” bilan bo‘ladigan juda muhim o‘yinlar kutib turibdi. Har bir bellashuvda maydonga g‘alaba uchun maydonga chiqamiz, yigitlarimizning salohiyati bunga etarli, deb o‘ylayman. Hamma jamoalarda ham taqvim zich, shuning xech kimgadir oson emas, deb o‘ylayman. Futbolchilarimiz o‘zlarining mehnatlari evaziga mavqelarini ko‘tarishdi. Endi buni pastlatishga haqqimiz yo‘q. Yigitlarimiz bunga qodir.
O‘yin so‘nggida mezbonlar oldinga intilishi ma’lum edi. Shuning uchun biz Jasur Yoqubovni maydonga tushirib markaziy himoyachilarimiz sonini uch nafarga etkazdik. “Mash’al” gol kiritgan vaziyatda esa Murtozoevning mahorati evaziga gol bo‘ldi, deb hisoblayman.
So‘nggi 4 ta tur o‘yinlari markazlashgan holda o‘tkazilishiga munosabatim? 1-davradagi markazlashgan o‘yinlar biz uchun omadli kelgandi. Murabbiylar to‘planib maslahatlashganimizda 1-davrani so‘nggi 4 ta turini markazlashgan holda o‘tkazsak, 2-davraning so‘nggi 4 ta o‘yinini ham shu tarzda o‘tkazamiz, deb kelishgandik. Bizning jamoamiz har qanday holatga tayyor. PFL qanday qaror chiqarsa, o‘sha bo‘yicha o‘ynaymiz va yaxshi natijalar qayd etishga harakat qilamiz.
Muxlislarni stadionga qaytishi mutaxassis sifatida meni juda xursand qildi. Markazlashgan holda bo‘ladigan o‘yinlar tomoshabinlar tashrifini kamaytirishi mumkin. Lekin bu qarorni qabul qiladigan mutasaddi insonlar bor, ular hamma jamoaga birdek mos keladigan taqvimni ishlab chiqishadi. Biz esa musobaqani o‘tkazadigan tashkilot (PFL) qarorlariga bo‘ysunishga majburmiz, - dedi Baxtiyor Ashurmatov.
Fikrlar