"Betaraf maydonda o‘zimizni xuddi safardagidek his qilamiz". "Metallurg"ning natijalari Kolosovskiy boshchiligidiga ham o‘nglanmayapti. Nega?

  • 25 avgust, 2024, 00:01
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Metallurg” klubida ikkinchi davra oldidan o‘zgarishlar qilingan bo‘lsa-da, klub hamon Superligada g‘alabasiz seriyasini davom ettirmoqda. Bu safar bekobodliklar Olmaliqda “Dinamo”ni qabul qildi va 0:1 hisobida imkoniyatni boy berishdi. “Metallurg” bosh murabbiyi Grigoriy Kolosovskiy bir qancha savollarga javob qaytardi.

Tecno

- Og‘ir o‘yin. Samarqandiklar birinchi bo‘limda biroz bo‘lsa ham ustunlikka erishdi. Ikkinchi taymda esa tashabbusni o‘z tomonimizga og‘dirib oldik. Lekin gol o‘tkazib yuborganimiz kamlik qilganidek o‘zimiz golga tortadigan xavfli vaziyatlardan unumli foydalana olmadik. Shuning evaziga ham mag‘lubiyatga uchradik, deb hisoblayman. Darvozamizga gol urgan paytda bir qancha futbolchilarimiz guruh bo‘lib xatoga yo‘l qo‘yishdi. Burchak to‘pi o‘yinga kiritilayotgan mahalda ular o‘zlarini bunday tutishlari kerak emasdi. Endi yo‘l qo‘yilgan xatolarni birgalikda o‘rganib chiqamiz va bundan keyingi uchrashuvlarda shunday xatolarga yo‘l qo‘ymaslikka, o‘zimiz yaratadigan xavfli vaziyatlardan samarali foydalanish ustida ishlaymiz

- Yaqinda FIFA kunlari boshlanadi va chempionatimizda biroz tanaffus bo‘ladi. Shu vaqt davomida qanday ishlaysizlar? Jamoada nimanidir o‘zgartira olasizmi?

- Qanday ishlaysizlar, deysizmi? Jamoaviy o‘yin borasida ish olib boramiz. Boya aytganimdek, o‘yinlar paytida imkoniyatlarni yuzaga keltiryapmiz. Ammo aksiga olib sira samarali foydalana olmayapmiz. G‘alabaga esa gol urmasdan erishib bo‘lmaydi. Bizning asosiy muammoimiz ham gol ura olmayotganimizda.

- Jarohat olgan Zabihillo O‘rinboev asta-sekin maydonga qaytyapti. Uning hozirgi holati qanaqa?

- U yaqinda jarohatini tuzatib maydonga qaytgan. Shuning uchun yana o‘sha jarohatini boshqatdan yangilab olmaslik uchun qo‘rqib, o‘zini ehtiyot qilib maydonda harakat qilmoqda. U esa bizga hujum chizig‘ida kerak.

- Rahbariyat tarafidan oldingizga qo‘yilgan maqsad qanday?

- Asosiy vazifamiz nima bo‘lardi? Superligada o‘rnimizni saqlab qolmoqchimiz xolos.

- Jamoani Bekobodda o‘ynay olmayotgani “Metallurg”ning natijalariga ta’sir ko‘rsatyapti, deb o‘ylaysizmi?

- Yomon raqqosga sahna torlik qiladi, degan maqol bor. Biz yaxshi, sifatli maydonda mashg‘ulotlarni o‘tkazyapmiz. Lekin nimagadir o‘yinlar chog‘ida xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirsak ham bulardan foydalana olmayapmiz. Asosiy  muammo biz uchun shu bo‘lib qolmoqda. Muxlislarimiz ham o‘yinimiz ko‘ngildagidek chiqmayotganidan norozi bo‘layotganlari tushunarli. Biroq ularning xafsalasini pir qilib qo‘ymaslikka harakat qilamiz. Bekoboddagi stadion drenajlari bilan yaxshi. Shu bois uydagi uchrashuvlarimiz xuddi safardagidek o‘tmoqda. Ya’ni, bizni qo‘llab-quvvatlash uchun oz sonlik muxlislar kelyapti. Shunday bo‘ldiki, biz o‘tkazilgan 17 o‘yinni barchasida o‘zimizni safarda to‘p surgandek his qilyapmiz. Bu nima bilan bog‘liqligini bilmayman. Hozir maydonning holati qanday ekanligini o‘zingiz ko‘ring. Ikki yoqlama standart holat yuzaga kelmoqda. Bu nima bilan bog‘liqligini bilishni juda istagan bo‘lardim. Bilasizmi, drenajli maydonda ham o‘ynashning o‘ziga yarasha plyus va minuslari bor. Agar drenajli maydonga o‘tadigan bo‘lsak, yana bir yil to‘p surib unga ko‘nikishimizga to‘g‘ri keladi. Albatta, moliyaviy jihatlari haqida to‘xtalmoqchi emasman. Bu mavzuni bir chetga surib qo‘yaylik. Iqtisodiy tomondan ham bu jamoaga qo‘shimcha muammolar tug‘dirishi tabiiy. Bir so‘z bilan aytganda, o‘z maydonimizda o‘ynamayapmiz. Ishqibozlarning qo‘llab-quvvatlashi yo‘q ekan, o‘yinimiz ham shunga yarasha chiqaveradi. Betaraf maydonda o‘zimizni xuddi safardagidek his qilamiz. Yana takrorlayman: Bekoboddagi stadion sifatida juda yaxshi. Agar hamma uy uchrashuvlarni Bekobodda o‘tkazsak, muxlislarning qo‘llab-quvvatlashlari ostida natijalarimiz ham butunlay boshqacha bo‘larmidi?! Biz esa ularni bunday imkoniyatdan bebahra qilib qo‘ymoqdamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!