Belbog‘li kurash bo‘yicha kuchlilar saralanmoqda
Bugun 5 noyabr kuni Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanidagi bolalar – o‘smirlar sport maktabida belbog‘li kurash bo‘yicha erkaklar va ayollar (kattalar) o‘rtasida O‘zbekiston kubogi hamda 2009-2010 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida mamlakat chempionati boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi hamda O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasining yillik-taqvimidagi mazkur chempionatda mamlakatimizning barcha hududlaridan 400 nafardan ortiq polvonlar ishtirok etishmoqda.
Musobaqada dastlab, tantanali ochilish marosimi tashkil etildi. Tabrik uchun so‘z olgan Farg‘ona viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Hakimov, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi bosh kotibi Abduxalil Malikov, Yozyovon tuman hokimi o‘rinbosari Sheroz Mirzaliev, Farg‘ona viloyati belbog‘li kurash federatsiyasi ijrochi direktori Miranshoh Ro‘zievlar jismoniy tarbiya va sportning aholi orasida ommaviyligini ta’minlashga, sport turlariga, xususan, milliy sport turlariga alohida e’tibor qaratilayotgani xususida ta’kidlab, sportchilarga musobaqada muvaffaqiyat tilashdi.
Shu tariqa kattalar va o‘smirlar o‘rtasidagi mazkur musobaqaga start berildi. Bellashuvlar 7 noyabrgacha davom etadi.
Fikrlar