
Bektemir Meliqo‘zievning Saul Alvaresga qarshi imkoniyati qanday? Xorijlik mutaxassis javob berdi
"The Ring" nashri muxbiri hamyurtimizning Saul Alvaresga qarshi imkoniyatiga baho berdi.
Saul Alvares hozirgi kunda boks olamidagi eng katta nomlardan biri hisoblanadi. Uning Avni Yildirimga qarshi jangidagi g‘alabasidan so‘ng, navbatdagi raqibi o‘sha erning o‘zidayoq e’lon qilindi. Saul Alvares keyingi kamarlarni birlashtiruvchi jangida WBO chempioni Billi Jo Sondersga qarshi ringga ko‘tariladi. Ushbu jang 8 may kuni bo‘lib o‘tishi belgilangan.
Rejaga ko‘ra, Saul Alvares shu yilda mutlaq jahon chempioni bo‘lishni ko‘zlamoqda. Agar-da u Sonders to‘sig‘idan o‘ta olsa, katta ehtimol bilan IBF chempioni Keleb Plentga qarshi yil oxiriga qadar ringga ko‘tarilishi reja qilinmoqda. Hozirda chet ellik mutaxassislar "Kanelo"ga kim munosib qarshilik ko‘rsata olishi borasida ko‘plab fikrlar bildirmoqdalar. Shunday maqolalarning birida "The Ring" nashri muxbiri Duglas Fisher Bektemir Meliqo‘zievning Saul Alvaresga qarshi imkoniyatlari haqida gapirib o‘tdi.
Jurnalist: - Duglas, bir qancha ehtimoliy janglar haqida sizning fikringizni bilmoqchi edik? Bektemir Meliqo‘ziev Saul Alvares ehtimoliy jangi haqida nima deya olasiz? To‘g‘ri u hali "Kanelo"ga qarshi chiqishi uchun etarlicha mashhur emas. Ammo, kelajakda Alvaresni "tugatish" uchun boshqa bokschini ko‘rmayapman.
Dougles Fisher: - Men bu jangga yuqori qiziqish bildirgan bo‘lar edim. Meliqo‘ziev o‘zgacha uslubga ega ekani bilan ajralib turadi. Lekin men uni professional boksda ko‘proq jang qilishini ma’qul ko‘rgan bo‘lardim. Uning havaskor boksdagi janglari sonidan bexabarman, ammo professional boksdagi 7 jang bilan hozirgi kunda eng yuqori darajaga chiqqan tajribali Saul Alvaresga qarshi jiddiy qarshilik qilib bo‘lmaydi. "Kanelo" jangning ikkinchi yarmida Bektemirga muammolar tug‘diradi. Agar-da ular sparring jang qilishlari haqida xabar topsam, shubhasiz ushbu sparringni ko‘rish uchun shaxsan borgan bo‘lar edim. Xozircha Bektemir "katta nom" emas. Unga 18-24 oy muddat bering va menga ishoningki biz aynan shunday jangchiga ega bo‘lamiz. Men "Kanelo"ni "tana nokautchisi"ga qarshi qanday jang qilishini ko‘rishni xohlar edim.
Eslatib o‘tamiz, Bektemir Meliqo‘ziev sobiq jahon chempioni Sergey Kovalyovga qarshi 30 yanvar kuni jang qilishi belgilangan va keyinchalik Kovalyovda taqiqlangan modda aniqlangani sabab jang bekor qilingan edi. Shundan so‘ng, Meliqo‘ziev 13 fevral kuni Morgan Fitchga qarshi jang olib borib, 3 raundda nokaut evaziga g‘alaba qozondi. Meliqo‘ziev hozirda O‘zbekistonga qaytib kelgan.
Jalol Ahmedov tayyorladi.
Fikrlar