
“Bavariya” - “Atletiko”: Prevyu
UEFA Chempionlar Ligasining kecha yakunlangan bahslarida nisbatan kutilgan natijalar kuzatildi. Markaziy o‘yinlarda esa kichik ustunlikka erishishini taxmin qilgan jamoalarimiz mag‘lubiyatga uchradi. PSJ - “Manchester Yunayted” o‘yinida mezbon jamoaning g‘alabasi taxmin qilingandi. Sababi, manchesterliklar o‘yinidagi muammolar ingliz futbol mutasaddilari orasida katta tanqidga uchrayotgan va natijalar ham ushbu salbiy fikrlarni isbotlab kelayotgan edi. Ammo muhim o‘yinda ular o‘z so‘zini ayta oldi.
Yana bir markaziy o‘yin “Chelsi” va “Sevilya” jamoalari o‘rtasida kechdi va jamoalar tom ma’nodagi nursiz durangga imzo chekdi.
Bugungi kunning eng markaziy o‘yinidan ham ko‘p gol kuta olmasak kerak. Sababi, qarshisida qanday raqib turganiga qaramay, “Atletiko” o‘zini ko‘rsata oladi. Simeone jamoasi shu qadar g‘alati odatlarga egaki, barchaning nazdida dunyoning eng yaxshi klubi hisoblangan jamoalarni doim engib keladi. “Barselona”, “Bavariya”, “Liverpul”ga qarshi Chempionlar Ligasi pley-off o‘yinlari hali yodimizdan ko‘tarilgani yo‘q. Shunday ekan, myunxenliklar ushbu o‘yinda o‘tgan mavsumda erishilgan trebl va vajohatli g‘alabalar seriyalarini unutishi zarur.
“Bavariya”
Flik jamoasi mavsumni “Shalke” ustidan 8:0 hisobidagi g‘alaba bilan boshladi va keyingi turdayoq “Xoffenxaym”dan 1:4 hisobidagi mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. Keyingi turda Levandovskining pokeri evaziga “Gerta”ni arang taslim etdi. Bir necha kun avval debyutant “Arminiya” 4:1 hisobida mag‘lub etildi.
E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, “Bavariya” so‘nggi 3 o‘yinda gol o‘tkazib yubormoqda. Raqiblar Noyerni 3 ta bellashuvda 8 bor ranjitishga erishdi. Ha, ligalarda mag‘lubiyatlar, muvaffaqiyatsiz o‘yinlar bo‘lib turadi. Ammo nemis klubining himoyasidagi muammolar o‘tgan mavsumda ham ko‘p marotaba gapirildi. Hujumchilar ko‘p gol urishi oqibatida bu narsa ko‘zga ko‘rinmay ketdi.
Gnabrida koronavirus aniqlangani bois bugun qaydnomada yo‘q. Duglas Kosta uning o‘rnini to‘ldira oladi. Biroq hali jamoaga qayta moslashish protsessini boshidan kechirayotgan Kosta Gnabri kabi faol harakat qila olmasligi mumkin. Aniqrog‘i, “Bavariya”ning umumiy sxemasidan tushib qolgan o‘yinchini “Atletiko” himoyachilari bemalol yopa oladi.
Taxminiy tarkib: Noyer, Devis, Alaba, Zyule, Pavar, Kimmix, Goretska, Myuller, Kosta, Koman, Levandovski.
Ishtirok eta olmaydi: Gnabri, Sane, Tillman.
So‘roq ostida: Joshua Kimmix.
“Atletiko”
“Matraschilar” nisbatan tekis futbol namoyish etmoqda. “Ueska” bilan o‘yindagi 0:0 hisobidagi durangni inobatga olmasa, barcha natijalar tushunarli. Suares hali futbolga beradigan narsalari bor ekanini “Atletiko”da isbotlay boshladi. Bugun Diego Kosta jarohati sabab maydonga tusha olmaydi. Demak, madridliklarning yangi hujumchisi EChLda ilk bor ushbu jamoa uchun harakat qiladi.
Ikkita katta yo‘qotish mavjud: Ximenes va Saul. Urugvaylik himoyachining xizmatlariga Simeone juda katta ehtiyoj sezayotgan bo‘lishi tabiiy. Saul ham qarshi hujumlarni rivojlantirishda beqiyos xizmatlari bilan ajralib turardi. Jarohatlar futbolning bir qismi va ko‘p yillik tajribasi orqali Simeone ushbu holatga oddiy ko‘z bilan qarashi va jarohatlangan futbolchilar o‘rnini to‘ldirishga urunishi aniq.
Taxminiy tarkib: Oblak, Tripper, Savich, Felipe, Ermoso, Lorente, Koke, Errera, Karrasko, Felish, Suares.
Ishtirok eta olmaydi: Kosta, Ximenes, Vrsalko, Saul.
Murabbiylar
Xans-Diter Flik: “Chempionlar Ligasida bo‘lib o‘tadigan har bir uchrashuv ajoyib. “Atletiko”ga qarshi o‘yin esa yana ham ajoyib. Simeone “Atletiko”da 9 yildan beri ishlamoqda va shu paytgacha jamoani muntazam tarzda kuchaytirib keldi. Ular Evropaning eng yaxshi himoyaga ega jamoalaridan biri hisoblanadi. Ular to‘psiz harakat qilganda juda tartibli o‘ynaydi. Men aynan shunga e’tibor qaratishga harakat qildim”.
Diego Simeone: “Biz qiyin raqibga qarshi kechadigan o‘yin uchun yaxshigina tayyorgarlik ko‘rdik. Ularga zarbalar berish uchun qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz. Bizga bo‘sh hududlar kerak, albatta. Ammo shu bilan birga “Bavariya”ga bunday imkoniyatlar taqdim etib bermoqchi emasmiz. Avvalgi natijalarga qaramay, oldinga intilishda davom etish kerak. Ular amaldagi chempion va biz ham bu erga g‘alaba uchun kelganmiz”.
Xulosa o‘rnida
Jamoalar bosh murabbiylarining matbuot anjumanida bildirgan fikrlariga qaraganda, ular vaziyatni to‘g‘ri baholagan holda jiddiy o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishmoqda. O‘zaro o‘yinlarda kichik ustunlik myunxenliklarda. Ammo murabbiylar aytib o‘tganidek, o‘tgan natijalar tarixda qolib ulgurdi. Jamoalarda o‘zgarishlar bo‘ldi.
Favorit masalasida barcha tushunib turgan narsani ta’kidlashga majburmiz. “Bavariya” g‘alabaga asosiy da’vogar. Bugun myunxenliklar Er yuzidagi istalgan jamoaga qarshi harakat qilsa, dominant maqomida bo‘ladi. “Atletiko” ham dunyoning istalgan jamoasining o‘yinini buzib yuborishga va har qanday favoritlarni er tishlatishga qodir.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar