BATEni eshitganimdan so‘ng boshqa takliflarga qarab ham o‘tirmadim - faoliyatida oldinga qadam tashlagan o‘zbek legionerining yangi klubga o‘tgani haqida

  • 18 iyul, 2020, 22:05
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Legionerimiz Shahboz Umarovning yangi klubga o‘tganligi rasman tasdiqlandi va bu orqali u faoliyatida yangi sahifa ochdi. “Energetik-BGU”dagi o‘yinlari tufayli boshqa jamoalarning qiziqishini uyg‘ota oldi. Oqibatda Belarusning eng kuchli va nomdor klubi – BATE Umarovning xizmatlariga ehtiyoj sezdi. Bu albatta yoqimli xabar bo‘ldi.

Tecno

“BATEdan taklif iyun oyida bo‘lgan”

BATE Evropa maydonlarida ishtirok etadigan klub sifatida ham barchamizga yaxshi tanish. Shahboz Umarov esa mana shunday etakchi jamoa safiga o‘tib oldinga yana bir qadam tashladi. Ma’lum bo‘lishicha, hamyurtimiz BATE bilan ikki yillik shartnoma imzolagan. Qolganini esa o‘zidan eshitamiz.

-  Bilasizmi, BATE klubidan taklif aslida iyun oyida bo‘lgandi. Ammo menga bu haqida murabbiylar aytishmagan. Bilmadim, balki bu bilan xayolimni buzgisi kelmagandir. O‘shanda muzokaralarni olib borishgan. Lekin nimanidir kelisha olishmaganmi, bu transfer biroz kechikdi. Keyinchalik esa BATE rahbariyati o‘zim bilan uchrashishdi va ko‘rishib gaplashdik. Natijada BATEga o‘tishga rozi bo‘ldim.

“BATE – men uchun katta tramplin”

“Energetik-BGU” safida harakat qilgan Jasur Yaxshiboev to‘purarlik salohiyatini ko‘rsatib kelayotgandi va keyinchalik Soligorskning “Shaxtyor” jamoasiga o‘tib ketdi. “Energetik”da esa birgina Umarov qolgandi. Mana, oradan ma’lum vaqt o‘tib u ham ketdi. Balki Yaxshiboevning ketishi Shahbozga ham ta’sir ko‘rsatgandir. Buning ustiga Umarovga yana boshqa klublar tomonidan ham takliflar bor edi...

-  Men ham Jasur Yaxshiboevga o‘xshab iyun oyida ketishim kerak edi. BATEni eshitganimdan keyin esa boshqa takliflarga qarab ham o‘tirmadim. Chunki bu klub Evropaning boshqa klublariga o‘tish uchun tramplin vazifasini bajaradi. Ha, bu katta tramplin. Endi BATEga yangi mavsumda qo‘shilaman, balki sentyabr oyida.

umarov_1

“Energetik”ni tark etishimni o‘ylab, biroz xafa ham bo‘ldim”

Har qanday holatda ham Umarovning faoliyatida bunday ko‘tarilish bo‘lishida avvalo uning “Energetik-BGU”dagi faoliyati muhim rol o‘ynadi. Dastlab, ushbu klubning Umarovga qiziqqani, O‘zbekistondan Belarus chempionatiga ko‘chib o‘tishiga sababchi bo‘lishi, yangi jamoasida o‘z o‘rniga va o‘yin amaliyotga ega bo‘lgani ham legionerimizning yutug‘i bo‘ldi. Mana, endi u yanada kuchli jamoaga o‘tdi. Shu bois Shahboz “Energetik-BGU”ni tark etishi qiyin bo‘lgani haqida gapirdi.

-  “Energetik-BGU” jamoasi menga juda katta plyus bo‘ldi. Bu erda o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldim. Etuk mutaxassis va ahil jamoa bilan ishladim. Shunday ekan, bu klubni tark etishimni o‘ylasam to‘g‘risi biroz xafa ham bo‘ldim. Lekin nima ham deymiz, bu hayot, to‘xtash kerak emas.

“Mendan qaysi raqamda o‘ynashimni so‘rashganida 11-raqamni aytdim”

Endi Shahboz Umarov yanada jiddiy va o‘z oldiga katta-katta maqsadlarni qo‘yadigan jamoaning a’zosiga aylandi. Shuning uchun uning zimmasiga ham katta mas’uliyat tushadi. Yangi bosqich va yangi sinovlar. Umid qilamizki, BATEda ham hamyurtimiz o‘zini ko‘rsata oladi. Muhimi, o‘zbek futbolchisiga katta ishonch bilan qarashmoqda...

-  Albatta, BATE rahbarlari va murabbiyi bilan gaplashganimda menga ishonayotganlarini aytishdi. Hali yosh ekanligim, jamoaga albatta yordam bera olishimga ularning ishonchi komil. Men esa qo‘limdan kelgancha ularning ishonchini oqlashga harakat qilaman. Ular mendan qaysi raqamda o‘ynashimni so‘rashganida 11-raqam deya javob berdim. Ammo hali shu raqam ostida to‘p surishim aniq emas, - deya javob berdi, Umarov.

umarov2_2

“BATEga qarshi o‘yindan keyin ularning qiziqishini yanada oshirdim, nazarimda”

Xabaringiz bor, yaqinda Umarov “Energetik-BGU” safida safarda BATEga qarshi o‘yinda maydonga tushib jarima zarbasilan supergol urgandi. Oqibatda o‘sha gol tufayli BATE mag‘lubiyatga uchragandi. Balki Shahbozning o‘sha uchrashuvda ko‘rsatgan o‘yini va goli ham legionerimizga bo‘lgan qiziqish hamda e’tiborni kuchaytirgan bo‘lsa ajab emas.

-  Ochig‘i, BATE menga qiziqib yurganini bilmasdim. O‘sha uchrashuvda hech nimani o‘ylamasdan faqat bor e’tiborimni uchrashuvga qaratgandim. Menga bu haqida keyinchalik aytishdi. BATEga qarshi bellashuvdan keyin ularning menga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdim, deb o‘ylayman, - dedi hamyurtimiz.

 “Bu erda jismoniy tomonlama menga foydali bo‘ldi”

Shuningdek, Shahboz O‘zbekiston va Belarus chempionatlarida o‘ynagan holda ularning ustun tomonlarini ham solishtirish imkoniga ega edi. Bu borada esa u shunday dedi:

-  Bu erda jismoniy tomonlama foydali bo‘ldi. Lekin u yoki bu chempionatni solishtira olmayman. Har bir chempionatning o‘ziga yarasha ustun tomonlari bor. Faqat shuni aytishim mumkinki, texnik-taktik jihatdan o‘zbek futbolchilari Belarus o‘yinchilaridan ustun.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!