
“Barsa” uch nafar hujumchisi bilan xayralishga majbur
“Barselona” yozda yangi futbolchilar olishi uchun hozirgi tarkibdan bir necha o‘yinchilarni sotib yuborishga majbur. Klubning moliyaviy ahvoli shuni taqozo etmoqda.
Taniqli jurnalist Albert Masnouning ta’kidlashicha, kataloniyaliklar uch hujumchi – Ansu Fati, Ferran Torres va Rafinya bilan xayrlashishga tayyor.
23 yoshli Torres 2022 yilning yanvarida “Manchester Siti”dan 55 million evroga olib kelingan edi. Jami 62 ta uchrashuvda 13 ta gol va sakkizta assist qayd etgan hujumchi asosiy tarkib o‘yinchisiga aylana olmadi.
20 yoshli Fati Lionel Messi vorisi sifatida qabul qilinib, unga argentinalik yulduz o‘ynagan 10-raqam topshirildi. Lekin jarohatlarning ko‘pligi uning yuqori darajada chiqishiga yo‘l qo‘ymadi. Fati 98 ta o‘yinda 26 ta gol va sakkizta golli pas muallifi bo‘ldi.
26 yoshli Rafinya o‘tgan yili yozda “Lids”dan 58 million evroga transfer qilingandi. 39 ta bahsda to‘qqiztadan gol va assist qayd etdi. Shunga qaramay, braziliyalik yulduz ham sotib yuboriladigan o‘yinchilar ro‘yxatiga kiritilgan.
Fikrlar