
Azizbek Abdug‘ofurov: "Bu jangda g‘alaba qozonsam, navbatdagisi AQShda bo‘ladi"
Professional boksning ikkinchi o‘rta vazn (76,2 kg) toifasida WBC Silver kamari sohibi hamyurtimiz Azizbek Abdug‘ofurov (13-0, 5 KO) 20 mart kuni Rossiyada navbatdagi jangini o‘tkazadi. Yurtdoshimizga rossiyalik o‘zi kabi mag‘lubiyatsiz odimlayotgan Pavel Silyagin (6-0, 4 KO) raqiblik qiladi. Mazkur jangda Abdug‘ofurov o‘ziga tegishli bo‘lgan WBC Silver kamarini himoya qiladi.
Yana uch kundan keyin ringga ko‘tariluvchi yurtdoshimiz tayyorgarlikni so‘ngi kunlarini Moskvada o‘tkazmoqda. Biz bokschimiz bilan bog‘lanib, uning jang va raqib borasidagi fikrlari, shuningdek, keyingi rejalari bilan qiziqdik.
- Jangga tayyorman. Yaxshi hozirlik ko‘ra oldik. Kayfiyatlar ham a’lo darajada. Raqibni murabbiyim Ilgar Aliev bilan o‘rganib chiqdik. Texnikasi yuqori, bo‘yi ham baland ekan. Masofada jang olib borishni xush ko‘radi va shu zaylda ishlaydi. Asosan bosim uyushtirib, gavda qismiga ko‘proq zarbalar berishga harakat qilaman.
Umuman olganda ringda undan kuchli ekanligimni isbotlashga harakat qilaman. Keyingi rejalar haqida to‘xtalsak, promouter hamda menejerim Vikram Svapragasaxam yana uch-to‘rtta jang qilib berish borasida ishlarni boshlab yuborgan. Nasib qilsa, ushbu jangda g‘alaba qozonib, yorug‘ yuz bilan vatanga qayta olsak, navbatdagi jangimni AQShda tashkil qilish rejalashtirilmoqda. O‘ylaymanki, chiroyli g‘alabaga erishib, barcha muxlislarni hursand qilishga harakat qilaman!
Fikrlar