Azamat Abduraimov uddaburon tashkilotchimi yoki murabbiy?! Kutilmagan favoritni kutganmidingiz?

  • 23 may, 2021, 14:55
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligadan keyingi o‘rinda turuvchi pro-ligada nima gaplar? Shubha yo‘qki, so‘nggi yillarda ushbu liga mavqei o‘sdi va bu davom etyapti. Bu avvalo nimada namoyon bo‘lyapti? Xohlaymizmi-yo‘qmi, futbolning ommalashishida matbuot va medianing o‘rni katta. O‘tgan yildan boshlab pro-liganing “Uzreport” va “FutbolTV”da namoyish etilayotgani, qolaversa, o‘yinlarning yuqori sifatda efirga uzatilayotgani ham baribir o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Shuning uchun pro-ligani ham Superliga auditoriyasidan qolishmaydigan darajada muxlislar kuzatayotganiga ishonsa bo‘ladi.

Tecno

Pro-liganing mavqei ortayotganining yana bir sabablaridan biri, bu erda ishlayotgan murabbiylar bilan ham bog‘liq. Masalan, kuni kecha “Yangier” jamoasida bosh murabbiy o‘zgardi. Eldor Sakaev iste’foga chiqdi. O‘rniga hammamiz yaxshi bilgan va taniydigan Azamat Abduraimov tayinlandi. Shu o‘rinda ushbu tayinlov va murabbiy haqida ham biroz to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

Abduraimovni “Yangier”da nimalar kutyapti?

27 aprel kuni 55 yoshni qarshilagan Azamat Birodarovich ma’lum tanaffusdan keyin yana katta futbolga qaytdi. U anchadan beri klub tizimidan chetga chiqqandi. Ataylab shunday qildimi yoki unga munosib takliflar bo‘lmadimi, bunisi bizga qorong‘u. Agar uning murabbiylik faoliyatiga nazar tashlasak, “Dinamo” va “Andijon”da ishlaganini ko‘pchilik bilsa kerak. Shuningdek, O‘zbekiston U-23 terma jamoasida ham mehnat qilgan. Avvalroq “Bunyodkor”da bosh direktor lavozimida ham faoliyat ko‘rsatgan. Oxirgi marta O‘zbekiston U-16 terma jamoasida bosh murabbiy bo‘lib ishlayotganini bilardik.

Xullas, Abduraimov o‘tmishda taniqli futbolchi bo‘lganu, ammo murabbiylikda hozircha biror nima yutgani yo‘q. Rosti, Abduraimovni murabbiylikdan ham ko‘ra, ko‘proq uddaburon tashkilotchi sifatida yaxshi eslab qolganmiz. Ammo Azamat murabbiylikda ham nom qozongisi keladi, albatta. Lekin doim ham zo‘r o‘yinchidan zo‘r murabbiy chiqavermaydi. To‘g‘ri, Abduraimovni bu bilan yomon murabbiyga chiqarib qo‘yishimiz to‘g‘ri emas. Balki o‘tgan yillar davomida u bilimini oshirib, yanada kuchli bo‘lib qaytgandir. Futbolda ko‘pni ko‘rgan, pro-ligada ish boshlagani baribir chempionatning mavqeiga ham yaxshi tomondan ta’sir ko‘rsatishi kutilyapti. Xo‘sh, uni “Yangier”da nimalar kutyapti? Biz bilamizki, “Yangier” futbol klubi o‘zining tarixiga ega. Biroq keyinchalik u erda futbol darajasi tushib ketdi, e’tibor berilmay qo‘yildi. Oqibatda klub faoliyatini ham to‘xtatgan paytlar bo‘ldi. Mana, oxirgi yillarda “Yangier” yana tiklanib, ishtirokini davom ettiryapti va endi chempionatda ko‘r-ko‘rona qatnashish emas, balki aniq maqsad sari kurashishni istashyapti. “Yangier” imidjini oshirish uchun Abduraimovdan foydalanishni ko‘zlagan bo‘lsa ne ajab. Darvoqe, u yangi jamoasidagi debyutini g‘alaba bilan boshladi. Safarda “Aral” bilan bahsda “Yangier” 1:2 hisobida g‘alaba qozondi. Murabbiyning oldiga qanday vazifa qo‘yildi, keyingi rejalar qanaqa bo‘ladi, qolganini vaqt ko‘rsatadi.

abduraimov1

Taxminlarni oqlayotgan Mo‘minjonov va “Neftchi”

Pro-ligada kim etakchi, degan savolga bir ovozdan “Neftchi” deyilyapti. Bu haqiqat! Hozircha kutilgan taxminlar o‘zini oqlayapti. Ilhom Mo‘minjonov jamoasi mavsumni o‘z uyida “Olimpik”ka qarshi durang bilan boshlagan bo‘lsa-da, shundan beri raqiblarini o‘zi istagan hisobda mag‘lub etib kelyapti. Kecha “Oq-tepa” darvozasiga javobsiz ettita gol urdi. Mo‘minjonov mavsum boshida sports.uzga bergan intervyusida bu yil jamoani Superligaga qaytarish asosiy vazifa ekanligini va shu maqsadda “Neftchi”ga kelgani haqida aytgani yodimizda. Natijalar u gapining ustidan chiqayotganini ko‘rsatyapti. To‘g‘ri, mavsum hali davom etadi, biroq jadvalga qarasangiz, farg‘onaliklar boshqalardan yaqqol ajralib turganini ko‘rasiz. Tarkib va o‘yin bo‘yicha ham “Neftchi” o‘z so‘zini aytyapti. Darvoqe, keyingi turda Mo‘minjonov jamoasi bilan safarda “Buxoro” mehmoni bo‘ladi.

a_3

Pro-ligada kutilmagan favorit

Pro-ligada kutilmagan nomzod va favorit paydo bo‘ldi. Mavsum boshida yangi tashkil etilgan “Olimpik” “Neftchi”dan keyin ikkinchi o‘rinda boryapti. Timur Kapadze boshchiligidagi klubdan bunday etakchilik va g‘olibona yurishni kutmagandik-a?! Klub qanday maqsadda tashkil etilganini hamma biladi, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining bosh maqsadi yo‘lida shakllantirilyapti. Lekin Kapadze va uning yosh jamoasida shasht, shijoat va ishtiyoq shunchalik balandki, qiqsa vaqt ichida o‘z muxlislariga ega bo‘lib boryapti. Bosh murabbiy esa qo‘rqmasdan Superliga uchun kurashayotgani haqida gapiryapti. Agar “Olimpik” Superligaga chiqa olmasa, hech kim klub va murabbiyni ayblamaydi yoki tanqid qilmaydi. Muhimi, yosh futbolchilarda mahorat oshib boradi. “Olimpik” hech qanday bosimsiz musobaqada ishtirok etyapti. Timur Kapadzega murabbiylik salohiyatini ko‘rsatish uchun ham “Olimpik” unga ayni muddao bo‘ldi. Pro-ligada bu klubning paydo bo‘lishi albatta chempionat mavqeini ham, intrigasini ham kuchaytirishga xizmat qilyapti. Quvonarlisi, yosh jamoaning yoshlari juda iqtidorli va ularning orasida potentsiali yuqori sanalagan o‘yinchilar ko‘p ekan.

Xullas, turnir jadvalidagi ko‘rinish shu zayl davom etsa, “Neftchi” 1-o‘rinni hech kimga bermasligi aniq. O‘z-o‘zidan 2-o‘rin uchun kurash o‘ta jiddiy tus olishini taxmin qilavering. Bu yo‘lda “Buxoro”, “Olimpik”, “Dinamo” singari jamoalar astoydil kurashishyapti. Ularning orasiga yana biror nomzod qo‘shilmasa agar, aniq qaysidir biri Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi va yana biri pley-off bosqichida o‘ynaydi.

pro liga_3

Darvoqe, pro-liga klublaridagi bosh murabbiylarga e’tibor bering: Ilhom Mo‘minjonov, Timur Kapadze, Anvar Berdiev, Hakim Fuzaylov, Azamat Abduraimov, Aleksandr Ejov, Timur Turdiev, Asror Aliqulov, Alisher Shog‘ulomov...Aksariyati futbolchi sifatida nom qozongan, qator sovrinlarni yutgan. Bundan tashqari, pro-ligadagi murabbiylarning aksariyati yosh mutaxassislar. Ular o‘rtasidagi raqobat ham ancha shiddatli o‘tayotgani bor gap. Qolaversa, pro-ligada mavsum boshidan beri Davron Fayziev bilan Eldor Sakaev iste’foga chiqarildi. Keyingi navbat kimniki?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!