
Asror G‘ofurov: "Daraja yaqqol ko‘zga tashlanib turdi"
Milliy terma jamoamizning Osiyo Kubogi 2-turida Hindistonni yirik hisobda mag‘lub etdi va musobaqadagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
Hindlarni yutishimiz shundoq ham aniq edi va buni yigitlar chiroyli tarzda uddaladilar. Hindistonga yaqin bo‘lgan va uning chempionatiga teng bo‘lgan Bangladeshda faoliyat olib borayotgan legionerimiz Asror G‘ofurov ham terma jamoamiz o‘yinini diqqat bilan kuzatib bordi.
- Hindiston bilan uchrashuvda terma jamoamiz siz kutgan o‘yinni ko‘rsatdimi?
- Hindiston bilan o‘yinda milliy terma jamoamiz nafaqat men kutgan, balki butun O‘zbekiston kutgan o‘yinni ko‘rsatdi, deb ayta olaman.
- Bangladesh Hindiston bilan yonma-yon. Hindlarni o‘yini haqida fikringiz qanday?
- Hindiston va Bangladesh milliy terma jamoalari o‘rtasida katta farq bor deb ayta olmayman. Ularning darajasi bir xil. Hindiston gol urishga maksimal harakat qildi. Lekin daraja yaqqol ko‘zga tashlanib turdi.
- Terma jamoamizning Osiyo Kubogidagi imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Avvalo, men ularga maksimal darajada ishonaman. Guruhdan chiqishimiz aniq. Buyog‘iga qiziqarli va qiyin o‘yinlar kutmoqda. Jamoamizga omad tilayman. Eng kamida kuchli uchtalikka kirishimizni kutyapman.
- U erda terma jamoamiz haqida nima deyishyapti? Masalan, jamoangizdagilar...
- Hamma bu o‘yinda O‘zbekistonga muxlislik qildi. Bangladeshda o‘zbek futbolchilariga hurmat boshqacha. Ya’ni, bu erdagilar o‘zbek futbolchilarini qattiq hurmat qilishadi.
- Terma jamoamizda ko‘proq qaysi futbolchilarning o‘yini e’tiboringizni tortyapti?
- Bir futbolchining ismini aytish juda qiyin. Hammasi o‘z darajasida yaxshi harakat qilishyapti. Lekin Eldor Shomurodovni yo‘qligi keyingi o‘yinlarda bilinishi mumkin. Chunki u jamoa sardori va etakchisi!
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar