
"ArMI-2022". “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasida jamoamiz faxrli 2-o‘rinni egalladi
Rossiya Federatsiyasi Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasi 23 avgust kuni o‘z yakuniga etdi. Dunyoning jami 15 ta davlati jamoalari o‘zaro bellashgan bahslarda o‘zbekistonlik harbiy tibbiyotchilar faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Mazkur yo‘nalishdagi bellashuvlarni muntazam yoritib borar ekanmiz, erkaklar va ayollardan iborat jamoamiz raqiblariga qaraganda ancha kuchli, mahoratli va sabr-bardoshli ekaniga nafaqat biz, balki ishtirokchi davlatlardan kelganlar ham guvoh bo‘lishdi. Chunki har bir shartda vakillarimizning harakatlari alohida ajralib, ular bajarayotgan elementlar barchaning diqqat markazida turar edi.
Musobaqa nizomiga ko‘ra, erkaklar va ayollardan iborat har bir jamoa tarkibidan o‘rin olgan shifokorlar, o‘rta tibbiyot xodimlari va haydovchilar jami 4 shart: otish tayyorgarligi, yagona to‘siqlardan o‘tish, maxsus tayyorgarlik (jang maydonidan shartli yaradorli olib chiqib, unga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish) hamda jamoaviy birinchilik bo‘yicha kuch sinashdi.
Shuningdek, musobaqa doirasida haydovchilar o‘rtasida maxsus to‘siqlardan o‘tish bahslarida vakilimiz kichik serjant Doston Mahmudov mahorat ko‘rsatib, “Eng ilg‘or haydovchi” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, oltin medalga ega chiqdi.
Kecha ayollar o‘rtasida jamoaviy birinchilik sharti bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda jamoamiz 12 daqiqayu 38 soniya ko‘rsatkich bilan faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik. Bugun esa musobaqaning mana shu so‘nggi hal qiluvchi shartining erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlari bo‘lib o‘tdi. Unda yigitlarimiz 9 daqiqayu 8 soniya vaqt bilan marraga etib keldi va shart yakuniga ko‘ra, 2-o‘rinni egallashdi. Eng qizig‘i, kechagi ayollar bahsida qizlarimiz ko‘rsatgan natijani mezbon davlat vakillaridan tashqari boshqa ishtirokchi davlatlarning na erkaklar, na ayollar jamoalari takrorlay olmadi.
Shunday qilib, bugungi yigitlar bahsidan so‘ng musobaqaning yakuniy natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, uchinchi o‘ringa Vetnam va Belarus jamoalari loyiq ko‘rilgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni O‘zbekiston jamoasi va birinchi o‘rinni mezbon davlat vakillari qo‘lga kiritdi.
– Necha ming yillardan beri o‘zgarmas qoida bor: mard maydonda sinaladi! Biz har qanday jamoa bilan ham o‘z kuchimizga, mahoratimizga tayangan holda bellasha olamiz. Chunki biz o‘zbekmiz. Buni bugun yana bir bor isbotladik! – deydi jamoa murabbiylaridan biri tibbiy xizmat podpolkovnigi O‘ktam Mingboev.
G‘olib jamoalarni taqdirlash va musobaqaning tantanali yopilish marosimi ertaga o‘tkaziladi.
P.S. Rasmiy xabardan keyin musobaqa jarayonlari haqida ikki og‘iz gap aytmasak bo‘lmaydi. Bu gaplarni jamoamiz shohsupaga ko‘tarilganidan keyin tilimizga chiqarishni niyat qilgan edik.
Mubolag‘adan holi gap: vakillarimiz bellashuvlar davomida qolgan ishtirokchi davlatlarga harbiy tibbiyot haqida chinakam master-klass o‘tib berishdi. Boisi bizning jamoa bellashuv shartlariga kirishar ekan, atrofni kuzatuvchilar gurr o‘rab olar, yigitlarimiz-qizlarimiz bajarayotgan amallarga mahliyo bo‘lib qolardi. Jamoamiz a’zolarini qo‘llab-quvvatlab, ularning ismlarini baland ovoz bilan turli tillarda aytayotganini eshitish esa juda yoqimli. Ular bizning jamoaga mana shunday chin muxlis bo‘lishdi. Vakilimiz III darajali serjant Valijon Begalievni “Sher” (Lion) deb atasa, jamoamizga “Ajdarho” (Drakon) deb nom qo‘yib olishgan. O‘zbekiston jamoasi nafaqat faxrli o‘rinni qo‘lga kiritdi, balki boshqa jamoalarning mana shunday mehriga ham sazovor bo‘ldi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Fikrlar