
APL Husanov haqida g‘aroyib fakt chiqardi!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov Angliya futbolidagi faoliyatini rasman boshladi.
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola 20 yoshli o‘zbek futbolchisini Angliya Premer-ligasining 23-turida “Etixad” stadionida “Chelsi”ga qarshi o‘tkazilgan bellashuvda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirdi.
Qizig‘i shundaki, “Chelsi” klubi ham “Lans”da porlagan o‘zbekistonlik legionerni olish uchun da’vogarlik qilgan yigirmaga yaqin klub orasida bor edi. Biroq hamyurtimiz uchun kurashda “shaharliklar”ning dadilligi va tikkan summasi iqtidorli himoyachining chempion jamoani tanlashiga etarli asos bo‘lib xizmat qildi.
Husanov debyut uchrashuvining ilk daqiqalaridanoq faoliyatidagi eng katta sinovga duch keldi. Uchrashuv boshlaninishi bilan to‘rt daqiqa ichida raqibning tezkor goliga sababchi bo‘ldi, qo‘polligi uchun sariq kartochka oldi, bir necha bor to‘p uzatishda noaniq o‘ynadi. Debyutdayoq “qovun” tushirgan legionerimiz qisqa vaqt ichida o‘zini o‘nglab oldi.
O‘zi o‘ynagan 54 daqiqa ichida raqib hujumini buzgan, tezkor hujumchilarni to‘xtatgan, ulardan to‘pni olib qo‘ygan, darvozaga berilgan aniq zarbani bloklagan vaziyatlar ham bo‘ldi. Angliyalik muxlislar Husanovni maydondan olqishlar bilan, yosh o‘yinchini qo‘llab-quvvatlagan holda kuzatib qo‘ydi.
Angliya Premer-ligasining rasmiy premierleague.com sayti Abduqodir Husanov haqida qiziqarli faktlarni e’lon qildi.
Angliyadani ilk o‘zbek futbolchisiga aylangan Abduqodir Husanov Premer-liganing 33 yillik tarixi davomida 126-mamlakat vakili bo‘ldi.
Abduqodirning “Chelsi”ga qarshi ishtirok etgani o‘yini bilan 2024-2025 yilgi mavsumda Angliya Premer-ligasida futbolchilari maydonga tushgan mamlakat soni 62 taga etdi.
Er kurrasidagi etti qit’adan faqat Antarktida vakillari Angliya Premer-ligasida o‘ynagan xolos. Jahon futbolining eng qudrali ligasida qolgan oltita qit’a vakillari muntazam to‘p tepib keladi.
Bugungi kunda Evropaning 48, Afrikaning 33, Shimoliy Amerikaning 19, Janubiy Amerikaning 12, Okeaning 2 mamlakati futbolchilari Angliya chempionatida o‘ynayotgan. Abduqodir Husanov maydonga tushishi bilan APLga futbolchi jo‘natgan Osiyo qit’asi mamlakatlari soni 12 taga etdi.
O‘zbekiston Osiyo futbol konfederatsiyasi a’zosi bo‘lganini inobatga olib, o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga qit’amizning qaysi mamlakatlaridan nechtadan futbolchi Angliya premer-ligasida o‘ynayotgani haqida ma’lumotni e’lon qilishni ma’qul topdik.
Demak, Janubiy Koreya va Yaponiyadan 15 nafardar, Xitoydan etti, Erondan besh, Bangladesh, Indoneziya, Iroq, O‘mon, Pokiston, Filippin, Suriya va O‘zbekistondan bittadan futbolchi Angliya Premer-ligasi jamoalaridan qo‘nim topgan.
Avstraliya konfederatsiyalar miqyosida Osiyoga tegishli bo‘lsa-da, qit’alar bo‘yicha Okeaniya hududida joylashgan. Premer-ligada bu mamlakatning 56 nafar futbolchisi borligi qayd etildi.
Husanov yolg‘iz emas: APLda debyuti bundan-da og‘ir o‘tgan yulduzlar bor!
“Manchester Siti” yulduzlari Husanovni qanday himoya qilyapti?
Fikrlar