Anvar Berdiev: "Sizlarga hamma narsani oshkor qilishim noto‘g‘ri bo‘ladi"

  • 12 aprel, 09:38
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 5-turida “Sho‘rtan” Namanganda “Navbahor”ga qarshi maydonga tushdi va 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida mehmon jamoa ustozi Anvar Berdiev jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

Tecno

- Nima deyishim mumkin? “Navbahor” jamoasini g‘alaba bilan tabriklayman. Bunday muxlislar oldida o‘ynash har bir futbolchi uchun sharaf bo‘lishi kerak. Futbolchilarim birinchi bo‘lim oxirrog‘ida standartdan gol o‘tkazib yuborishdi. Ikkinchi taymda vaziyatni o‘nglaymiz deb oldinga o‘tdik, natijada ikkinchi golni ham o‘tkazdik. Bunday o‘yinlarda imkoniyatlardan foydalana olmaslik - ochkoni qo‘lga kiritish juda qiyin. Namanganda “Navbahor”dek klubga qarshi o‘yinda imkoniyatlardan foydalana olmasa bosim ko‘tarilib ketaveradi.

- O‘yinda “Sho‘rtan” tarkibida yaqqol hujumchini ko‘rganimiz yo‘q. Nima uchun?

- E’tibor bergan bo‘lsangiz, uchta hujumchi bilan o‘ynadik. Qanot hujumchilari ham yordam berishlari kerak edi. Lekin hujum qilish uchun futbolchilarimiz harakat qilishlari kerak. Agar hujumga o‘tmasak demak, himoyalanish lozim. Hujum chizig‘ida Daler Sharipov harakat qildi. Birinchi bo‘limda aytarli vaziyatlarimiz bo‘lmagani uchun hujumchimiz ham ko‘rinmadi. Ikkinchi bo‘limda bizda ham darvozani ishg‘ol qilishga imkoniyatlar bo‘ldi, ammo foydalana olmadik. Ammo bu uchrashuvda uch nafar hujumchi bilan harakat qilganmiz.

- Jamoangiz tarkibidagi ko‘plab o‘yinchilar birinchi marta bunday muxlislar bilan to‘lgan stadionda o‘ynashdi. Adashmasam, siz ham bosh murabbiy sifatida ilk bor bu kabi katta qaynoq muhitda bo‘ldingiz. Hissiyotlar qanaqa?

- Oldin Namanganga futbolchi sifatida kelganmiz. Endi murabbiy sifatida keldim. Xissiyotlar o‘sha-o‘sha. Namanganda futbol o‘ynash har doim yoqimli bo‘lgan. Chunki muxlislar bilan to‘la stadionda to‘p surish har bir o‘yinchiga sharaf bo‘lishi va o‘zini ko‘rsatishga harakat qilishi kerak. Maydonning har bir qarich erida to‘p uchun talashishi lozim. Gapingiz to‘g‘ri, futbolchilarim bunday aurada birinchi marta o‘ynashdi. Qachondir bir narsani boshlashi kerak-ku! Futbolchilarimizga uqtiryapmiz, ammo oxirgi nuqta qo‘yadigan joyida oqsayapmiz. Mashg‘ulotlarda ishlayapmiz. Bu safar ham guvohi bo‘ldinglar, vaziyatlarga ega bo‘ldik, biroq golga aylantira olmadik. Mehmonda “Navbahor"dek klubga qarshi to‘p surish har bir jamoaga qiyin bo‘ladi. Xatolar ustida ishlashda davom etamiz. “Navbahor”ga keyingi uchrashuvlarda omad  tilaymiz.

- Siz o‘ynagan paytlarda kuchli hujumchilar ko‘p edi. Hatto, 25-28 ta gol bilan ham to‘purar bo‘la olishmagan. Hozir yaxshi hujumchilar chiqmayotganiga nima sabab deb o‘ylaysiz?

- E’tibor ko‘pincha jamoaviy futbolga qaratilyapti, deb o‘ylayman. Yaqqol hujumda o‘ynaydigan o‘yinchilarga erkinlik berish kamayib ketdi. Lekin O‘zbekistonda iqtidorli yoshlar ko‘p. Ularni tarbiyalasak bizda ham Xolmurodov, Isoqov, Hamidullaev, Mirxoldirshaevga o‘xshagan hujumchilar chiqadi. Ishlash kerak. Futbolchiga hujumda erkinlik berish lozim. Hamma vaqt qaytaraman, o‘zimga ham doim shu savolni berishadi. Menga ham achinarli, negaki, oxirgi yillarda faqat legioner hujumchilar to‘purarlikka bahslashishyapti. Yaqin kelajakda yana o‘zbek hujumchilari etishib chiqishsa, to‘purarlik uchun kurashishadi, deb o‘ylayman.

- Sobiq hujumchi sifatida jamoangizdagi hujumchilar bilan alohida ishlayapsizmi?

- Albatta. Ikkita hujumchimizdan biri 2004 yilda tug‘ilgan Daler Sharipov. Ikkinchisini Qirg‘iziston chempionatidan chaqirib oldik. Imkon darajasida jamoamizni shakllantirdik. Futbolchilarim harakat qilishyapti. Mashg‘ulotlarda ishlayapmiz, o‘xshayapti. O‘yinlarda ham harakat qilyapmiz. O‘ylaymanki, ishlashda davom etsak, bu kamchiliklarni yo‘qota olamiz.  

- O‘tgan yili jamoangizda o‘ynagan hujumchi Muxriddin Zoirov bor edi. U nega ketdi?

- Moliyaviy shartlar tomonlama kelisha olmadik. Bizdan ko‘ra, boshqa klub ko‘proq taklif qilgani uchun jamoadan ketdi.

- Qashqadaryoda uchta jamoa bor. “Sho‘rtan”da moliyaviy imkoniyat qanday? Klub byudjeti qanaqa?

- Sizlarga hamma narsani oshkor qilishim noto‘g‘ri bo‘ladi. Bizga homiyimiz – “Hududgaz” shunchalik yordam ko‘rsatayotgani uchun ularga minnatdorchilik bildiraman. Bor imkoniyatimizdan kelib chiqib harakat qilishda davom etamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!