
"Andijon" Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi!
O‘tgan yili Superligani tark etib, pro ligaga ravon bo‘lgan "Andijon" klubi mavsum boshida o‘z oldiga yana Superligaga qaytish vazifasini qo‘ygandi. Pro liganing 23-turidan so‘ng "Burgutlar" vazifani bajarishgani ma’lum bo‘ldi. Bu xususida "Andijon" klubi matbuot xizmati shunday xabar qiladi:
"Aziz andijonliklar, hurmatli futbol shinavandalari va jamoamizning ashaddiy muxlislari! Barchangizni “Andijon” futbol klubini Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani bilan muborakbod etamiz!
Bizning sevimli jamoamiz pro liganing 23-turida “Bobur Arena”da “Turon” klubini qabul qildi va 1:1 hisobida durang natijani qayd etdi. Yomg‘irli ob-havoda o‘tgan bellashuvda dastlab mehmonlar hisobni ochdi. Ammo oradan ko‘p o‘tmasdan jamoamiz sardori Ildar Mamatkazin muvozanatni tikladi.
Shu tariqa, ochkolarimiz 51 taga etdi va “Turon” bilan o‘rtadagi 10 ochkolik farq saqlanib qolindi. 2-o‘rindagi “Turon” hisobida 41 va 3-pog‘onada borayotgan “Buxoro”da esa 40 ochko mavjud. Oldinda esa jamoalarning yana 4 tadan o‘yini qoldi. Keyingi turda esa 2- va 3-o‘rinda borayotgan “Buxoro” hamda “Turon” klublari o‘zaro Buxoroda bellashadilar. Tabiiyki, ulardan kimdir ochko yo‘qotishi muqarrar!
Matematik hisob-kitoblar shuni ko‘rsatib turibdiki, “Andijon” kamida 2-o‘rinni naqd qildi va 3-pog‘onaga tushib ketmaydi. Shunday ekan, Superligaga chiqish vazifasi kutilganidek muddatidan ilgari bajarildi. Lekin bizning jamoamiz bu bilan cheklanib qolmaydi va pro ligada 1-o‘rinni qo‘lga kiritishni maqsad qilgan. Ushbu vazifa bajarilishiga ham oz fursatlar qoldi.
Shu munosabat bilan “Andijon” jamoamiz rahbariyati, murabbiylar shtabi, futbolchilar, jamoadagi barcha ishchi-xodimlar va albatta jonkuyar ishqibozlarimizni Superliga yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgani bilan qizg‘in muborakbod etamiz.
Darvoqe, navbatdagi turda jamoamiz o‘z maydonimizda “Mash’al”ni qabul qiladi".
“Andijon” – “Turon” – 1:1 (0:0)
24 oktyabr. Andijon. “Bobur Arena” stadioni. 3207 tomoshabin.
Hakamlar: G‘ayrat Jo‘raev, Rasuljon Fozilov, Maksim Nexochin.
Nazoratchi: Timur Galeev.
Komissar: Vladimir Nazarov.
“Andijon”: Eldor Adhamov, Abduvohid G‘ulomov, Ildar Mamatkazin, Vladimir Bubanya, Abdurahmon Komilov, Muhammadkarim Toirov, Goron Miloyko, Farhod Sohibjonov (Azamat Isroilov, 68), Suhrob Berdiev (Sherzod Esonov, 68), Shahboz Erkinov, Bogdan Milich.
“Turon”: Nizomiddin Ziyovutdinov, Abdulazizxon Abdurashidov (Qahramon Bahodirov, 90+3), Marlen Chobanov, Sergey Morozov, Xushnud Avilov, Saidabzalxon Ahrorov, A’zam Aliev, Siyovush Habibulloev (Sardor Abdunabiev, 79), Sardor Abduraimov, Jasur O‘runov, Humoyun Murtazoev (Aziz Ibragimov, 72).
Gollar: Sardor Abduraimov, 63 – 0:1. Ildar Mamatkazin, 71 – 1:1.
Ogohlantirishlar: Saidabzalxon Ahrorov, 28. Siyovush Habibulloev, 34. Abdulazizxon Abdurashidov, 56.
“Andijon” matbuot xizmati.
Fikrlar