Umidlarimizni so‘ndirmagan jamoa

  • 19 fevral, 2019, 17:33
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 6
  • Futbol
CHERY AUTO

Yaqin bir oy vaqt davomida BAA yashil maydonlarida Osiyo Kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi va hammaning e’tibori ushbu mamlakatga qaratildi. Guruh bosqich o‘yinlari yakunlanib, hal qiluvchi uchrashuvlar boshlanganida keskinlik darajasi yanada kuchaydi. Ilk bor 24 ta terma jamoa qatnashgan musobaqa Qatar terma jamoasining olamshumul natijasi bilan intiho topdi. Mana buni chinakam syurpriz desa bo‘ladi. Xullas, 5 yanvardan 1 fevralgacha davom etgan Osiyo Kubogi qiziqarli sarguzashtlarga boy bo‘ldi. BAAning yashil maydonlarida o‘tgan musobaqani yoritishda esa qalam ahli vakillarining ham hissasi katta bo‘lganini alohida aytib o‘tish o‘rinli bo‘lardi. Har holda bunga musobaqa davomida o‘z ko‘zimiz bilan guvoh bo‘ldik. OAVning bugungi kundagi ta’sir doirasi ancha kuchayganligi haqida ortiqcha gapirish shart bo‘lmasa kerak. Osiyo Kubogi davomida nafaqat osiyolik, balki boshqa qit’adan kelgan jurnalistlarni ham ko‘rdik. Ta’bir joiz bo‘lsa shuni aytish kerakki, musobaqada ishtirok etgan terma jamoalarning Osiyo Kubogida faoliyat yuritgan jurnalistlariga qarab ham unga bo‘lgan e’tibor qanchalik ekanligini bilib olish qiyin emas.

Tecno

Biz uchun quvonarlisi shundaki, qit’amizdagi eng nufuzli bo‘lgan turnirda o‘zbekistonlik jurnalistlarning miqdori ancha barakali va faol bo‘lgani alohida e’tirofga loyiq. Hali biror-bir musobaqada mamlakatimizdan bunchalik ko‘p OAV vakillari ishtirok etishmagandi. O‘z navbatida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ham Osiyo Kubogida o‘zbekistonlik jurnalistlarning terma jamoamizni faol tarzda yoritib, qo‘llab-quvvatlashlariga alohida e’tibor qaratdi. Shu maqsadda O‘zbekiston olimpiya qo‘mitasi raisi va O‘FAning birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning tashabbusi bilan Osiyo Kubogiga tashkilot hisobidan 10 nafar OAV vakillarining yuborilishi, ularga zarur shart-sharoitlar yaratib berilishi tahsinga sazovor. Maqsad bitta: hamma vatan uchun, hamma terma jamoa uchun shiori ostida birlashish edi. O‘z o‘rnida jurnalistlar nomidan O‘FA rahbariyatiga bunday imkoniyat yaratib berilgani uchun minnatdorchilik bildirib o‘tishimiz to‘g‘ri bo‘lardi. Bu erda kimningdar manfaati yoki shaxsiyati haqida gap ketmayapti. Qolaversa, xalqaro maydonda qaysidir klub emas, vatanimiz – O‘zbekiston o‘ynayotganida har bir insonning qalbida tug‘ilib o‘sgan diyoriga nisbatan faxr va sog‘inch hissini oshirishi tabiiy. Ayniqsa, bevosita voqea joyida bo‘la turib, bunday jarayonni his qilish va uni yoritib borish yanada yoqimli.

Futbolchilar maydonga chiqishganida ona yurt sha’nini munosib himoya qilish uchun borini berib o‘ynashadi. Biz jurnalistlarda ham futbolchilardagi kabi holat kuzatildi desak mubolag‘a qilmaymiz. Chunki O‘zbekiston nomidan musobaqada faoliyat yuritayotgan mahalda boshqa mamlakatlardagi hamkasblardan qolishmagan holda tezkorlik, aniqlik, o‘z vataniga bo‘lgan muhabbatning yuqoriligi tufayli katta ishtiyoq bilan ishlash kishiga yanada zavq bag‘ishlaydi. Osiyo Kubogi davomida aynan ushbu hissiyotlarni har bir o‘zbekistonlik jurnalist o‘zida his qilib ko‘rdi.

BAAga katta umid va masqadlar bilan kelgandik. Bu narsa terma jamoamiz a’zolarida ham mujassam edi. Hammaning niyati aniq: Osiyo Kubogida g‘olib chiqish edi. To‘g‘ri, hozirgi paytga kelib bu holat kulguli eshitilishi yoki balandparvoz gapdek tuyulishi mumkin. Lekin, ishoning, maqsad jiddiy edi. Afsuski, yakuniy natija biz uchun ijobiy ko‘rinish olmadi. Biroq terma jamoamiz shunday o‘yin ko‘rsatdiki, baribir qalblarimizda qandaydir umid saqlanib qoldi. Terma jamoamizda ish boshlaganiga 6 oy bo‘lgan Ektor Kuperdan mo‘’jiza kutishimiz ham aslida mantiqqa u qadar to‘g‘ri kelmasdi. Afsuski, hozirgi paytda birgina Osiyo Kubogidagi natija bilan umumiy xulosa chiqarib qo‘yayotganlar ham uchrab turibdi va buni ham to‘g‘ri tushunish mumkin. Biroq Kuper terma jamoamizda ish boshlagan paytda uning oldiga Osiyo Kubogida chempion bo‘lishi vazifasi qo‘yilmagandi. Uning asosiy vazifasi – 2022 yili Qatarda o‘tkaziladigan jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdan iborat. Shuning uchun ham Kuper bilan shartnoma 3+1 ko‘rinishida tuzilgan. Osiyo Kubogidagi ishtirokimiz esa murabbiy uchun qo‘shimcha dars bo‘ldi. Shu sababli ushbu turnirdagi o‘yinlarimizni faqat yaxshilikka yo‘yamiz.

Yana bir qiziq jihat, Osiyo Kubogida mag‘lubiyatga uchragan terma jamoalarning bosh murabbiylari shu zahotiyoq iste’foga chiqarildi. Hammasi Tailandning serbiyalik bosh murabbiyi Milovan Rayevatsdan boshlandi. 1-turda Tailand kutilmagan Hindistonga 1:4 hisobida yutqazib qo‘yganidan keyin Rayevats Osiyo Kubogidagi dastlabki iste’foga chiqarilgan murabbiyga aylandi. Undan keyin esa Sven-Goran Eriksson (Filippin), Bernd Shtange (Suriya), Xuan Antonio Pitstsi (Saudiya Arabistoni), Marchello Lippi (Xitoy) va Karos Keyrush (Eron) kabi taniqli bo‘lgan xorijlik murabbiylar iste’fo nomli estafeta tayoqchasini bir-biriga ulashdilar. BAA terma jamoasining yarim finalda Qatarga yirik hisobda yutqazib qo‘yganidan keyin amirliklarning italiyalik ustozi Alberto Zakkeronini ham iste’foga chiqishi kutilayotgandi, ammo hozircha bu borada rasmiy xabar chiqqani yo‘q.

O‘zbekiston terma jamoasining nimchorak finalda musobaqani tark etganidan keyin Ektor Kuperning iste’fosi haqida ham gapirganlar bo‘ldi. Ayrim jurnalistlarimiz tomonidan ham bu borada jiddiy tanqidlar va buning echimi murabbiyni almashtirish orqali hal bo‘lishi mumkinligi xususida ham yozishdi. To‘g‘ri, O‘zbekiston Osiyo Kubogida o‘zimiz istagandek qatnasha olmadi. Qolaversa, vakillarimiz to‘rtta o‘yinning ikkitasida g‘alaba va ikkitasida mag‘lubiyat qayd etildi. Umuman aytganda, tanqid bo‘lishi ham tabiiy holat. Biroq Kuper o‘zi istagan jamoani qurishni endi boshladi. Shunday ekan, «imoratini» oxirigacha qurib olishiga imkoniyat berish lozim. Oxirgi paytlarda o‘zbek matbuotida qisman bo‘lsa-da, o‘sish kuzatilayotgani kabi terma jamoamizda ham bu borada oldinga qadam tashlash sezilayotganini inkor qilib bo‘lmaydi. Shunchaki, olti oylik murabbiyga birgina musobaqa orqali baho berishga shoshilmaylik.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Лео Месси
19/02/2019 17:37
Намунча тарафини оласла Куперни...бир тийинга қиммат тренер эканку...
19/02/2019 17:47
Ja bir tiyinmasdir?
&
Лео Месси
19/02/2019 20:17
Узр бир миллион доллар)))
&
дилик
19/02/2019 19:55
Термамиз химоявий уйин килолмайди ... хужумда уйнаганимизда бирон натижа кутсак буларди
&
darwesh
19/02/2019 18:00
Жахон чемпионатига чика олмасак, кейингисига бориш учун мураббий хам керак эмас. 48та жамоа булиши мумкин.
&
darwesh
19/02/2019 17:59
Камида 1 млн долларлик мураббий