Sotish, ijara yoki olib qolish? “Barselona”ning “boshini og‘ritayotgan” futbolchilar

  • 2 avgust, 2018, 20:34
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Barselona”ning yozgi transfer bozorida ancha faollik ko‘rsatmoqda. “Ko‘k-anorranglilar” hozirgacha “Sevilya”dan himoyachi Kleman Langleni, “Gremio”dan pleymeyker Arturni, “Bordo”dan esa vinger Malkomni olib kelishga ulgurdi.

Tecno

Bu transferlar esa tarkibning muhim qismlari ancha sog‘lom va yoshroq ko‘rinishga olib keldi. Ushbu futbolchilar “Barsa” tarkibini yanada kuchaytirishi aniq. Klubdan faqatgina ularni tarkibga moslashtirish talab etiladi.

O‘z navbatida klubni bir qator futbolchilar ham tark etmoqda. Jamoani Lyuka Din “Everton”ga almashtirgan bo‘lsa, Mundial qahramoni Yerri Minaning ham transferi yakunlanay deb qoldi.

Ammo tarkibning qolgan qismichi? “Barselona” yangi mavsumda kimlarni jamoada olib qolishi kerak? Yoki kimni sotish yoki ijaraga berib yuborish kerak? Squawka nashri bu haqida tahlil qildi.

Denis Suares, hujumkor yarim himoyachi, 24 yosh

Suares 2016-yilda “Barsa”ga qayta kelib qo‘shilganida Xavining raqamini olgan edi. Biroq uning maydondagi sevimli pozitsiyasi bu Andres Inestaning o‘rni ekanligini alohida ta’kidlagan edi. Yosh iqtidorli futbolchidan ko‘pchilikning umidi katta edi. Biroq u bunday darajaga chiqa olmadi.

Denis ajoyib texnikaga ega, biroq u “Barselona” ehtiyoj sezayotgan sifatga ega emas. 6-raqamni Arturga bo‘shatish uchun uni qo‘yib yuborishning vaqti keldi.

Hukm: sotish

Usmon Dembele, vinger, 21 yosh

Dembele debyut mavsumining dastlabki yarmini orttirib olgan jarohatidan qutulish bilan o‘tkazdi. Ikkinchi qismida esa Valverdening uning shijoatkor va yaratuvchanligidan to‘g‘ri foydalanilmagani sababli unchalik tarkibga qo‘shilib keta olmadi. Malkomning kelishi esa uning jamoadagi o‘rni yo‘qotilishiga sabab bo‘lishi haqida ko‘pchilik bong urmoqda. Ammo frantsiyalik hujumchini qo‘yib yuborish katta xato bo‘ladi. Dembele “Barselona” uchun super iqtidor egasi hisoblanadi. Unga eng kerak narsa bu ko‘proq o‘yin amaliyoti. Qolganini u maydonda isbotlaydi.

Hukm: olib qolish

Rafinya, markaziy yarim himoyachi, 25 yosh

O‘smirlik vaqtida fenomenal hujumchi bo‘lgan iqtidor egasi jarohatlar epidemiyasi sababli butun faoliyati qiyinchilikka uchradi. U o‘tgan mavsumda “Inter”da ajoyib mavsum o‘tkazdi. Biroq A Seriya vakili “Barselona” tarbiyalanuvchisi bilan shartnomani uzaytirishni istamadi.

U haqiqatdan yaxshi, ammo uning o‘yin uslubi “Barselona”ga kirishib ketishiga halaqit qiladi. Hujumchi sifatida esa unga eng zarur sifatlar etishmaydi. Biror joyda porlashiga imkon berish zarur.

Hukm: sotish

Pako Alkaser, hujumchi, 24 yosh

“Barselona” Alkaserni an’anaviy hujumchi sifatida Luis Suaresga o‘rinbosar sifatida olib kelgan edi. Baxtga qarshi, ispaniyalik hujumchi kuchli bosim va taktik farqli uslublarda o‘ynashni o‘rgana olmadi. Ammo u barchasiga qo‘l siltagani yo‘q va qattiq mehnat qilishda davom etdi. Hech kim uni sotib olish niyatida emas, shu sababli uni La Liganing o‘rtamiyona klubiga ijaraga berish eng ma’qul variant. U o‘zining pozitsiyasida yana porlay olishi mumkin.

Hukm: ijara

Munir, hujumchi, 23 yosh

“Barselona” Alkaserni qo‘shib olganida aynan Munir “qurbon qilingan edi”. Ammo bu katta xato bo‘lgani keyinchalik o‘rtaga chiqdi. Yosh hujumchi o‘tgan mavsumda “Alaves”da ajoyib ijara mavsumini o‘tkazdi. Shuningdek, noodatiy pozitsiyada “Barselona”ga moslasha oladi. “Ko‘k-anorranglilar” uni albatta jamoada saqlab qolishi kerak. Unda asosiy tarkibga kirish uchun barcha iqtidor etarli.

Hukm: olib qolish

Andre Gomesh, markaziy yarim himoyachi, 24 yosh

Agarda siz yarim himoyachi jismoniy va texnik qobiliyatlarga asoslangan degan fikrda bo‘lsangiz, siz aniq Andre Gomesh kabilarni nazarda tutyapsiz. Biroq ruhiy kuch ham futbolda ko‘p narsani bildiradi. Gomeshning o‘zi ham kataloniyaliklar safiga o‘tganidan beri ruhiy qiyinchilikka duchor bo‘lganini tan oldi.

Uning zaxirasi tugab qolgan, biroq Evropaning o‘rtamiyona klubiga ijaraga berish unga kam bosim yuklanishini anglatadi. Demak u yana qayta porlay olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Hukm: ijara

Aleysh Vidal, o‘ng qanot himoyachisi, 28 yosh

Aleysh Vidal “Barselona”ga o‘tishni qattiq istagandi. Buning uchun u 6 oy futbol o‘ynamaslikka ham rozi bo‘ldi. Bu vaqt davomida maydondan tashqarida qolish unga faqat zararga ishlagan bo‘ldi. U jamoaga umuman kirishib keta olmadi. Kamiga o‘ng oyog‘idan olgan jiddiy jarohati ham bunga katta salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Vidal uchun eng yomoni klub Nelson Semedu timsolida yaqin kelajakda o‘ng qanot himoyachisiga ega va doimiy o‘yin amaliyotini u endi boshqa klubdan izlashiga to‘g‘ri keladi.

Hukm: sotish

Tomas Vermalen, markaziy himoyachi, 32 yosh

Vermalen har tomonlama omadli futbolchi. U kataloniyaliklar uchun uch o‘yin o‘ynab naq uchta sovrin yutib olgan! Uning nuqul jarohatlar girdobida yurishi debyut uchrashuvini ortga surdi. U endi jarohatdan tuzalib safga qaytganida boshqa bir jarohat kutib turardi. Ammo u veteran, professional himoyachi va g‘alaba qanchalik muhim ekanini yaxshi tushunadi.

Jarohatga moyil 32 yoshli futbolchini sotishdan mantiq yo‘q. Shu sababli uni 4-markaziy himoyachi rolida klubda saqlab qolib “La Masiya” tarbiyalanuvchisiga ustozlik qilishiga imkon berish kerak emasmi? Uning tajribasi yoshlarga asqotishi tabiiy.   

Hukm: Olib qolish

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!