“Manchester Siti” chempionlikni qay tarzda bosib o‘tdi?

  • 19 aprel, 2018, 22:48
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Manchester Siti” o‘z tarixida beshinchi bor Angliya chempionligini qo‘lga kiritadigan bo‘ldi. Bunga ularning eng yaqin ta’qibchisi va azaliy raqibi “Manchester Yunayted”ning “Vest Bromvich”ga kutilmaganda yutqazib qo‘yganidan so‘ng ro‘y berdi. Pep Gvardiola shogirdlari Premer Liganing 23-turigacha mag‘lubiyat nimaligini bilmay keldi. France Football nashri klubning chempionlikka qay tarzda erishgani tafsilotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tecno

Eng ko‘p foydalanilgan futbolchilar

Darvozabon: Ederson (33 o‘yin), Klaudio Bravo (1 o‘yin)

Himoyachilar: Jon Stounz (16 o‘yin), Emerik Laport (5 o‘yin), Niklas Otamendi (31 o‘yin, 4 gol), Vensan Kompani (15 o‘yin, 1 gol), Benjamin Mendi (4 o‘yin), Kayl Uoker (30 o‘yin), Danilo (19 o‘yin, 2 gol) va Fabian Delf (18 o‘yin, 1 gol).

Yarim himoyachilar: Fernandino (30 o‘yin, 3 gol), Ilkay Gyundogan (25 o‘yin, 4 gol), Oleksandr Zinchenko (7 o‘yin), Yaya Ture (6 o‘yin), Fil Foden (3 o‘yin), Kevin De Bryuyne (32 o‘yin, 7 gol), David Silva (27 o‘yin, 8 gol) va Braim Dias (3 o‘yin).

Hujumchilar: Leroy Sane (28 o‘yin, 9 gol), Rahim Sterling (29 o‘yin, 17 gol), Bernardo Silva (30 o‘yin, 4 gol), Serxio Aguero (24 o‘yin, 21 gol) va Gabriel Jezus (23 o‘yin, 10 gol).

Uchta eng muhim o‘yin

4-tur, “Manchester Siti” – “Liverpul” 5-0

Aynan ushbu o‘yin “Manchester Siti” mavsumni ko‘tarinki ruhda o‘tkazishini ko‘rsatib berdi. Bu o‘yingacha Gvardiola shogirdlari 7 ochko jamg‘argan edi. “Etihad Stedium”da “Liverpul”ning ishini Sadio Manening 37-daqiqada maydondan chetlatilishi qiyinlashtirib yubordi. Bu vaqtga kelib “shaharliklar” Agueroning (25-daqiqa) goli evaziga hisobda oldinda borayotgan edi. “Qizillar” undan keyin butunlay yo‘qolib qolishdi va yirik alamli mag‘lubiyatni ta’tib ko‘rdi. “Manchester Siti” shu tariqa Angliya grandlariga bu mavsumda maqsadlari jiddiyligini namoyish qildi.

16-tur, “Manchester Yunayted” – “Manchester Siti” 1-2

Derbidagi g‘alaba tufayli “qizil iblislar” yaqqol peshqadam bilan oradagi farqni 5 ochkogacha qisqartirishi mumkin edi. Ammo De Bryuyne etakchiligidagi raqib jamoa bunga yo‘l qo‘ymadi. Mourino shogirdlari faqatgina hisobni tenglashtirishga kuchi etdi, xolos. Otamendining 54-daqiqada urgan goli “shaharliklar”ga ustunlikni qaytarib berdi. Gvardiola shogirdlari hatto oradagi farqni ancha yiriklashtirishi ham mumkin edi. Xullas, 16-turga kelib “Manchester Siti” eng yaqin ta’qibchisidan 11 ochkoga ilgarilab ketdi. Bu 10-dekabrda sodir bo‘lgan bo‘lsa ham, chempionlik kimga nasib qilishi haqidagi dastlabki tahminlar oydinlasha boshladi.

23-tur, “Liverpul” – “Manchester Siti” 4-3

“Manchester Siti”ning bu mavsumdagi dastlabki va yagona bo‘lib qolayotgan mag‘lubiyatini “Liverpul”dan qabul qilib oldi. “Enfild”dagi uchrashuvda “qizillar” “Manchester Siti”ning Premer Ligadagi 30 o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriyasiga nuqta qo‘ydi. Engilmas “Arsenal”ning 2003-2004-yilgi mavsumdagi rekordini yangilash orzusi chilparchin qilindi.

Eng yaxshi o‘yinchi: Kevin De Bryuyne

Belgiyalik futbolchi ehtimol faoliyatidagi eng yaxshi mavsumini o‘tkazmoqda. Yarim himoyachi mavsum boshidan beri aniq golli uzatmalari bilan jamoasi joniga oro kirmoqda. “Qizil bolakay” qatorasiga ikkinchi mavsumda ham eng yaxshi assistent bo‘lishga (15 golli uzatma) asosiy da’vogar. U uzoqdan zarba berishni, yoki aksincha yaqin masofadan gol urishni biladi, boz ustiga, uning o‘yinni o‘qiy olishi jamoasidagi muvozanatni saqlashga yordam bermoqda.

Murabbiy: Xosep Gvardiola

Pep Gvardiola uchun Angliyadagi ikkinchi mavsumi ancha yaxshi kechmoqda. 2016-yilda klub boshqaruviga kelgan ispaniyalik murabbiy dastlabki mavsumni faoliyatida birinchi marta “quruq” o‘tkazdi. Premer Ligani esa chempion “Chelsi”dan 15 ochko ortda qolgan holda 3-pog‘onada yakunladi. Bu mavsumda esa u jamoa o‘yinini De Bryuyne atrofida qurdi va barchasi iziga tushib ketdi. La Liga (3 marta) va Bundesliga (3 marta) dan keyin navbat Premer Liga chempionligiga etib keldi. Fevralda esa uning jamoasi “Arsenal” ustidan finalda yirik g‘alaba qozonib dastlabki sovrin – Angliya Liga Kubogini o‘ziniki qilib olgandi.

Gvardiola “Manchester Siti”ni ajoyib mashinaga aylantirgan bo‘lsada, uning Evropa katta sahnasidagi ishtiroki qoniqarsizligicha qolmoqda. Chempionlar Ligasining chorak finalida “Liverpul”dan uchralgan yirik mag‘lubiyat uning oliy maqsadlariga katta zarba berdi. Shunga qaramay uning ingliz klubi bilan amaldagi shartnomasi 2019-yilgacha davom etadi. Britan nashrlariga ko‘ra yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralar boshlangan. Demak, Gvardiolada hali Evropa birinchiliklarida ham o‘zini ko‘rsatishi uchun fursat tug‘iladi.

Erkin G‘aybullaev tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!