Kompanining jamoadoshlari hozir qaerda?

  • 25 avgust, 2018, 09:05
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Premer Liganing ko‘plab himoyachilari orasida Vensan Kompani kabi sifatlilarini ajratib ko‘rsatish qiyin.

Tecno

«Manchester Siti» sardori 2008-yil avgustida «Vest Xem»ga qarshi debyut o‘yinini o‘tkazib 3-0 hisobida g‘alabaga erishgan edi.

Kompani «Etihad Stedium»da muhim figuraga aylanib ulgurgan bir vaqtda u bilan o‘sha o‘yinda ishtirok etgan qolgan sheriklari hozir qaerda o‘ynashmoqda? Squawka nashri uning jamoadoshlarini yodga oldi.

Jo Xart

Xart ma’lum bir muddat ham Angliya termasida, ham «Manchester Siti»da asosiy darvozabon bo‘ldi.

31 yoshli futbolchining baxtiga qarshi uning «shaharliklar» bilan o‘n yillik hamkorligi ushbu yozda o‘z nihoyasiga etdi. U yangi mavsumdan boshlab «Byornli» sharafini himoya qiladi.

U Manchester klubi bilan ikki marta Premer Liga, Liga Kubogi va bir marta Angliya Kubogini qo‘lga kiritdi. Biroq uning o‘yinidagi pasayish sabab 2016-yildan beri amalda klubdagi faoliyati yakun topgan edi.

Vedran Chorluka

Chorluka o‘sha o‘yinda «Manchester Siti»ning o‘ng qanotdagi asosiy tanlovi bo‘lgan edi. Biroq o‘shandan ozgina muddat o‘tib xorvatiyalik futbolchi Mark Xyuzning jamoasidan ketdi. 2008-yil 1-sentyabrda himoyachini «Tottenxem» o‘z safiga qo‘shib oldi. U yangi jamoasida ikki mavsum yuqori o‘yinini namoyish qildi. Keyinchalik zaxira futbolchisiga aylanib qolgach «Bayer»da o‘z omadini sinab ko‘rdi. Alal-oqibat u hozirda Moskvaning «Lokomotiv» jamoasi sharafini himoya qilmoqda.

Mika Richards

Richards faoliyatining avvalida nafaqat «shaharliklar»ning balki Angliya termasining umidli yosh himoyachilaridan biri hisoblanardi. Biroq uning ishlari keyinroq umuman yurishmadi va 30 yoshli himoyachi futbol dunyosi nigohidan chetda qolib ketdi.

Richards 2011-12-yilgi chempionlik mavsumida o‘zining eng yorqin o‘yinlarini namoyish qildi. Biroq uning o‘yinida muammolar yuzaga chiqa boshlagach 2014-yilda «Fiorentina»ga ijaraga berib yuborildi.

Uning amaldagi shartnomasi 2016-yilda o‘z nihoyasiga etgach u «Aston Villa»ga borib qo‘shildi. U ayni vaqtda Chempionshipda o‘z omadini sinab ko‘rmoqda.

Tal Ben-Xaim

Ben-Xaim o‘sha o‘yinda omad kulib boqib asosiy tarkibda o‘yinni boshlagan edi. Oradan yarim mavsum o‘tib u «Portsmut»ga ijaraga jo‘natildi. Shundan keyin isroillik futbolchi Angliyaning bir qator, xususan, «Sandrlend», «KPR», «Vest Xem» va «Charlton»da o‘z omadini sinab ko‘rdi.

Himoyachi ayni vaqtda Isroilning «Beytar» klubida to‘p surmoqda.

Maykl Boll

Boll «Vest Xem»ga qarshi o‘sha o‘yinda sardorlik qilgan edi. Biroq bu uning klubdagi eng omadli davri bo‘lib qoldi.

2009-yil yanvarida jiddiy jarohat olgach chap qanot himoyachisi naq to‘qqiz oyni o‘tkazib yubordi. Yozda uning shartnomasi muddati tugagach klub u bilan xayrlashib qo‘ya qoldi.

Shundan keyin «Blekpul», «Uigan» va xatto «Lester»da ham o‘z omadini sinab ko‘rgach, butsasini «mixga ilib qo‘ydi».

Stefan Ayrlend

10 yil oldin «Vest Xem»ga qarshi ikkalaga golga assistentlik qilib, klubning yosh umidli hujumkor yarim himoyachisi maqomida edi. Biroq Mark Xyuzning 2009-yil dekabrida klubdan ketishi bilan Ayrlendning ham ishlari chappasiga ketdi. Yangi bosh murabbiy Roberto Manchini qo‘li ostida u zaxiraga mixlandi va «Aston Villa»ga Jeyms Milner transferining bir qismi sifatida yo‘l oldi.

Yarim himoyachi 2013-yilda «Stok Siti»da sevimli murabbiyi Xyuz bilan qayta topishdi. Xyuz uning iqtidorini namoyish qilish qobiliyati tufayli biroz muddat birgalikda faoliyat olib bordi.

Vensan Kompani

Vaqt odami! Kompani debyut o‘yinini o‘tkazganidan keyin Evropaning eng kuchli himoyachilaridan birigacha bo‘lgan masofani bosib o‘tdi.

Belgiyalik himoyachi 2008-yilda debyutini o‘tkazganidan keyin klubning asosiy himoyachisi bo‘lib keldi. Garchi u so‘nggi yillarda jarohatlar sabab o‘z o‘yinini ko‘rsata olmayotgan bo‘lsada, «Manchester Siti» tarixidan faxrli joyni olishi aniq.

Maykl Jonson

2008-yil yozida Jonsonni «Liverpul» bilan bog‘lashardi, futbolchini Angliya futbolining eng iqtidorli futbolchisi deya baholanardi.

Ammo uning kelajagiga uzoq muddatli jarohatlar «bolta urdi» va u o‘rtadan g‘oyib bo‘ldi. U 2011-yilda «Lester»ga ijaraga berildi. 2012-yilda esa «shaharliklar» bilan ham to‘liq aloqani uzishga majbur bo‘ldi.

Martin Petrov

O‘shandan bir yil avval Petrov jamoaning asosiy tarkib futbolchisi edi. Lekin 2008-09-yilgi mavsumda u qiyinchilikka uchray boshladi. Bir yil o‘tib klubga Karlos Teves va Emmanuel Adebayor kelgach u zaxira futbolchisiga aylandi.

2010-yilda bolgariyalik vinger klubni «Bolton»ga almashtirdi. 2013-yilda Ispaniyaning «Espanol»ida o‘z omadini sinab ko‘rdi.

Faoliyatining intixosida u jonajon yurtining «TsSKA»si sharafini himoya qildi.

Elano

Ajoyib texnikaga ega bo‘lgan braziliyalik hujumchining Angliyadagi faoliyati uzoq davom etmadi. 2008-09-yilda «Manchester Siti»da ajoyib mavsumni o‘tkazgan Elano sal o‘tib «Galatasaroy» klubiga qo‘shildi. U erda ham uzoq qolish nasib qilmadi va hujumchi vataniga, «Santos»ga qaytdi.

Undan keyin u «Gremio», «Flamengo» va hatto Hindiston chempionatida o‘z omadini sinab ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi. U ayni vaqtda yana «Santos» bilan birga.

Daniel Starridj

2008-09-yilgi mavsum 18 yoshli Starridj uchun muhim davrga aylandi. Yorqin o‘yinlari evaziga u «Chelsi»ga borib qo‘shildi. Londonda asosiy tarkib futbolchisiga aylanishda muammolarga uchragan vinger 2013-yilda jamoasini «Liverpul»ga almashtirdi.

Angliyalik hujumchi hamon mersisaydliklar bilan birga bo‘lsada, jarohatlar girdobiga tez-tez tushib qolishi evaziga Yurgen Kloppning ishonchiga kira olmayapti.

Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!