
Isroil Madrimov: O‘zbekistonga g‘alaba bilan qaytishni maqsad qilganman
Xabaringiz bor, boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi va “Uzbek Tigers” jamoasi a’zosi Isroil Madrimov faoliyatini professional ringda davom ettirishga qaror qildi.
Ayni damda bokschimiz ilk professional jangiga tayyorgarlikni okeanortida o‘tkazmoqda.
– Bo‘lajak jangga tayyorgarliklar yaxshi o‘tmoqda. Jangga yaqin qolgani sababli mashg‘ulotlar kuchaytirilmoqda. Albatta, har bir bokschi yangi bosqichga chiqqandan keyin o‘zgacha hissiyotlarni his qiladi. Men ham bundan mustasno emasman, biroq e’tibor asosiy maqsadga qaratilgan. O‘zimizni qo‘lga olib, hissiyotlarga berilmasdan jangga munosib tayyorgarlik ko‘rish zarur, chunki u erda meni tajribali, mendan oldin bir qancha janglar o‘tkazgan raqib kutib turibdi. Jangning yana bir muhim jihati, ilk to‘qnashuvimdayoq chempionlik kamari uchun ringga ko‘tarilyapman. Bunaqasi kamdan kam bo‘ladi.
– Bu erda o‘zim emasman. Men bilan bir necha yillar havaskorlar boksida birga faoliyat olib borgan do‘stlarim qiyinchiliklarni engib o‘tishga yaqindan yordam bermoqda. Ulardan minnatdorman. Nasib qilsa, bu mehnatlarimiz samarasi g‘alaba bilan yakunlanadi. Yurtimizga zafarlar bilan qaytamiz, – deydi Isroil Madrimov SPORTS.uz nashriga.
– Jang 10 raund davom etadi. Odatda professional boksga kirib kelgan bokschi uchun bu biroz ko‘p. Ammo mashg‘ulotlar ham shunga yarasha. Raqibni o‘zganib chiqyapmiz. Bo‘lajak jangda reja bo‘yicha ish qilib, muvaffaqiyat qozonishimga ishonaman.
Eslatib o‘tamiz, bokschimiz Rossiyaning “Mir Boksa” promouterlik kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan. Uning ilk jangi 24 noyabr kuni Atlantik-Sitida o‘tkazadi. Raqib meksikalik Viktor Ernandes bo‘ladi. Bu bokschi professional ringda 12 jang o‘tkazib, 10 g‘alaba (6 nokaut) va 2 mag‘lubiyat qayd etgan.
Fikrlar