
Biri o‘zgarishi mumkin desa, ikkinchisi rad etsa... PFL nima qilyapti o‘zi?
Professional futbol ligasi atrofida aytilayotgan gap-so‘zlar tinmayapti. Muxlislarning o‘zaro muloqotlarida, turli ijtimoiy tarmoqlarda va OAVda PFL ayovsiz tanqidga uchramoqda va bunday holatga tushib qolishiga faqat uning o‘zi sababchi. Superliganing 20-turidan keyin dastlabki bosqich tugashiga ikki tur qolganida PFLning o‘zi hammanining diqqat-e’tiborini tortib, vaziyatni chalkashtirdi. Tashkilot bosh direktori Omon G‘ofurovning reglament o‘zgarishi mumkinligi va bu borada “oltin ochkolar” qoidasiga o‘zgartirish kiritishi istisno qilinmagan holda klublarga xat yuborilgani hamda ulardan ma’lum vaqt ichida javob kelishi so‘ralgan. Shundan keyin e’tirozlar yanada ko‘payib ketgandi. Keyinchalik esa PFL bosh direktori maslahatchisi Diyor Imomxo‘jaev bunday xabarlar asossiz ekanligini aytib, Superliga o‘yinlari o‘sha-o‘sha holatda o‘tkazilishini ma’lum qildi. Bu esa yana bir qator savollarni keltirib chiqardi. To‘g‘risi, tushunarsiz vaziyat kuzatildi. Jumladan Diyor Imomxo‘jaev o‘zining telegramdagi kanalida shunday yozadi:
- Allaqachon 20-turi yakuniga etgan O‘zbekiston Superligasining formati o‘zgarmaydi. Avvaldan belgilab qo‘yilganidek, Superliga klublari 22-turdan keyin ikkiga bo‘linadi. Dastlabki olti o‘rin egalari keyingi 10 ta tur davomida chempionlik kurashini o‘zaro davom ettiradi. Keyingi oltilik esa Superligadagi o‘rnini saqlab qolish uchun raqobat hosil qiladi. Bunda “oltin ochko” qoidasi o‘z kuchini saqlab qoladi. Professional futbol ligasi mavsumning qoq o‘rtasida chempionat formati o‘zgarishini mantiqsiz ish deb hisoblaydi. Bungacha bo‘lgan gap-so‘zlar esa hech qanday asosga ega emas”.
O‘z navbatida PFL bosh direktori Omon G‘ofurov reglament o‘zgarishi mumkinligi borasida quyidagicha fikr bildirgandi:
- Ertalabdan shu ahvol. Hammayoqda vahima. Odamlar reglament o‘zgararkan deb gap tarqatishyapti. Avvalo shuni aytishim kerak, nimadir o‘zgaradigan bo‘lsa, biz buni rasman e’lon qilamiz. Qolaversa, Superliga klublariga xat bordi degani reglament aniq o‘zgaradi degani emas. Biz faqat klublarning ham “oltin ochkolar” qoidasiga fikrini bilish maqsadida xat jo‘natdk. Chunki hozirda yuqori va quyi oltilik jamoalari deyarli hal bo‘lib ulgurdi va buning natijasida ba’zi klublarning keyinchalik o‘zi bilan bitta guruhda bo‘lmaydigan klublarga qarshi o‘yini “kerakmas”ga o‘xshab qolyapti. Ularda g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq ko‘rinmayapti. Ma’lumki, PFLning maqsadi Superligani imkon qadar yuqori saviyada o‘tkazish, buning uchun barcha takliflarni ko‘rib chiqishga tayyormiz”.
Ana endi G‘ofurov bilan Imomxo‘jaevning fikrlarini bir-biriga taqqoslab ko‘ring, farqi qiladi, to‘g‘rimi? Omon G‘ofurov klublarga xat yuborilgani reglament aniq o‘zgaradi degani emas, deya fikr bildirdi. Bundan chiqdi, uning reglament o‘zgarishi mumkinli borasida bildirgan fikrida ha yoki yo‘q, degan javob sezilib turibdi. Uning maslahatchisi Imomxo‘jaev esa format o‘zgarmasligini, mavsumning o‘rtasida o‘zgartirish kiritish mantiqsizligini aytgan holda bungacha bo‘lgan gap-so‘zlar asossiz ekanini bildirib o‘tgan. Bir-biriga qarama-qarshi fikrlardan keyin kim qanday o‘ylayotgani-yu, xulosasi qay holatda ekanligini hamma o‘zi biladi. Lekin anig‘i shuki, PFL bunday tushunmovchiliklar orqali xalq oldidagi obro‘sini tushirib yuboryapti. Qiziq, Diyorning gapiga ishonib, bu xabarlar asossiz bo‘lsa, unda nega PFL klublarga xat jo‘natgan? Mabodo, o‘sha yuborilgan xatlar soxta bo‘lsa, u holda nima uchun PFL o‘shandayoq bu xat soxta deya bayonot bilan chiqmadi? Lekin bunday qila olmasdi. Chunki o‘sha xatlar chindan ham o‘z egalariga yuborilgan. Yana bir qiziq tomoni shundaki, Diyor Imomxo‘jaev PFLda faoliyat olib borayotgani uchun tabiiyki, o‘z tashkilotini himoya qiladi. Shunday ekan, u holda nega xabarlar asossiz ekanini rasmiy tarzda PFL saytida yoki televidenie orqali bayon qilmadi. Axir uning telegramdagi kanalini hamma ham o‘qimaydi-ku! O‘z nomi bilan professional futbol ligasi bo‘lgan tashkilotning bunday tarzdagi ishlari professionallikka mos tusharmikin?
PFLning reglamentni o‘zgartirishi mumkinligi haqidagi xabardan keyin muxlislar tomonidan noroziliklar ko‘payib ketgani sababli O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovni bevosita ushbu ishga aralashishini so‘rab, bu vaziyatga fikri qanday ekanligi bilan qiziqqandik. Umid Muhammadjonovich esa bunday xabarlar qaerdan chiqqaniga hayron qolganini, o‘zi ham tanqidlar bo‘layotganini eshitganini aytgan holda bu vaziyatni o‘rganib chiqayotganini ma’lum qilgandi va har qanday holatda ham qaror mensiz qabul qilinmaydi deya fikr bildirgani yodimizda.
Aynan Umid Ahmadjonovning ushbu so‘zlaridan keyin Diyor Imomxo‘jaev reglament o‘zgarishi haqidagi xabarlarni asossiz deb chiqdi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, PFL o‘zgarishi mumkin degan reglamentni keyinchalik yana o‘zi inkor qilmoqda. Qiziq, agar ushbu xabarlar rostdan asossiz bo‘lganiga ishonadigan bo‘lsak, unda nima uchun Omon G‘ofurov klublarga reglament o‘zgarishiga munosabatini bildirishlari uchun xat yuboradi? Umuman olganda, savollar ko‘p. Ba’zi-bir chiqarayotgan qarorlari borasida ham bahslashish mumkin. Tushunamiz, PFL futbolimizning rivojlanishi uchun harakat qilyapti, lekin u erda o‘z ishining ustalari faoliyat yuritishsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Balki ana shunda PFLda bugungidek tushunmovchiliklar bo‘lmasmidi? Chunki hozirgi paytga kelib ushbu tashkilotga ishonch yo‘qolganini muxlislarning gaplaridan bilib olish qiyin emas. Aslida mavsum o‘rtasiga kelib reglament o‘zgarishi mumkinligi haqidagi xabar chiqdimi, demak, avvaldan reglament har jihatdan puxta ishlab chiqilmagani ma’lum bo‘lmoqda. To‘g‘ri, endilikda yana o‘sha “oltin ochkolar” qoidasiga amal qilinadi va hech nima o‘zgargani yo‘q. Biroq ungacha PFL ko‘plab tanqidlarga duchor bo‘ldi. Aslida o‘sha “oltin ochkolar” tizimining qo‘llanilishiga jamoalar qanday munosabatda? Bu qoida ularga yoqadimi yoki aksinami? Masalan, bu borada “Paxtakor” klubining sport direktori Ja’far Irismetov ochiq-oydik o‘z munosabatini bildirdi.
- “Paxtakor” jamoasi “oltin ochkolar” qoidasining amal qilinishiga qarshi. Chunki bu vaziyatda sport tamoyillari o‘z kuchini yo‘qotadi. Masalan, kuchli oltitalikka kira olmagan jamoa bilan o‘ynash uchun ikkinchi tarkibimni olib borishim mumkin. Yoki sarik kartochkalari to‘planib qolayotgan futbolchilarimni aynan o‘sha o‘yin uchun mayonga tushirmasligim mumkin. Bu esa muxlislar uchun ham yoqimli holat emas. Aytaylik, bugungi kunga Jizzax yoki Farg‘onada mahalliy muxlislar “Paxtakor”ning asosiy tarkibini ko‘rishni xohlayotgan bo‘lishi mumkin, biroq biz mavjud vaziyatdan kelib chiqib u erga asosiy tarkib o‘yinchilarisiz borishimiz mumkin. Xullas, “oltin ochkolar” qoidasida mana shunday holatlar ham bo‘lishi mumkin. Futbolchi ham keraksiz o‘yinda bor kuchi bilan o‘ynamasligi hech gap emas. Shuning uchun bu qarorni noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Ishqibozlar esa stadionga futbol ko‘rish uchun keladilar. Oxirgi paytlarda esa ayrim stadionlarimizda muxlislar kamayib qolishdi. Ayniqsa, kuchli oltitalikka kira olmasligi ma’lum bo‘lib qolgan jamoalar bor kuchi bilan o‘yin ko‘rsatishmayapti. Ular o‘yin tanlagan holda qaysi jamoaga qarshi qanday o‘ynash va qanday kuch sarflashni hisob-kitob qilib o‘ynashi mumkin. Bu esa tomoshabinlar tashrifining kamayishiga olib kelyapti. Menimcha, bu jarayon O‘zebkiston futbol assotsiatsiyasi birinchi marta yangi tarkib bilan ish boshlagani uchun sinab ko‘rildi. Men ularning bu qarori xato yoki xato emas, deb ayta olmayman, shunchaki, ushbu vaziyatga o‘z munosabatimni bildiryapman. Yuqorida keltirilgan sabablarga ko‘ra ham aynan sport tamoyillariga zid bo‘lib qolyapti. Masalan, “Paxtakor” oltitalikka kira olmagan klubga qarshi u qadar jiddiy e’tibor qaratmasligi mumkin bo‘lsa, o‘sha raqibni ham bizga qarshi jon kuydirib o‘ynashi amrimahol bo‘lib qoladi. Keyingi o‘yini esa asosiy raqibi bilan o‘tkazilishi bois, bu uchrashuvga jiddiy qarashmaydi, aynan mana shunday faktorlar ham sabab bo‘lish aniq. Lekin men “Paxtakor”da ishlayotganim uchun shuni aniq aytishim mumkinki, biz har bir uchrashuvga maksimal darajada tayyorlanamiz. Shunchaki, biz “oltin .ochkolar” tizimining qo‘llanilishiga qarshimiz. Biz bu bilan kimgadir qarshi chiqayotganimiz ham yo‘q. Faqat shaxsiy fikrimizni bildiryapmiz. Aslida esa jamoamiz ushbu tizim qo‘llanilsa ham, qo‘llanilmasa ham o‘ynayveradi. Lekin agar mana shu qoida to‘g‘ri bo‘lib chiqsa, bundan faqat o‘zbek futboli yutadi. Bu vaziyatda biror-bir klublarni ham ayblamoqchi emasman, - dedi Irismetov.
Biz shuningdek, ushbu masala yuzasidan yana boshqa klublar bilan ham bog‘lanishga urinib ko‘rdik, ammo aksariyati bunday vaziyatda tinchgina fikr bildirishni istashmaydi. Chunki ular nimadir deb qo‘yishsa, ertaga PFLdan gap eshitishga qo‘rqishsa kerak-da. Umuman olganda, “oltin ochkolar” tizimi bo‘yicha klublar PFLning har qanday qaroriga bo‘ysunishlariga sha’ma qilishmoqda. Misol uchun “Qizilqum” bosh murabbiyi Hamidjon Aktamov shunday dedi:
- Bizga farqi yo‘q, futbolimiz rahbarlari nimani ep ko‘rishsa, o‘shani bajaraveramiz. Unday yoki bunday qilish kerak edi, degan fikrlardan yiroqdamiz. Har qanday holatda ham bu “Qizilqum” jamoasiga ta’sir qilmaydi. Qolaversa, reglament o‘zgargani ham yo‘q. Ochig‘i, sog‘ligim yaxshi emasligi uchun bunga qiziqqanim ham yo‘q.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar